Kontent qismiga oʻtish

Gaz gorelkasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gaz gorelkasi — gazni havo (kislorod) bilan aralashtirib, yonuvchi aralashma hosil qiladigan moslama. Qizdirish asboblari, pechlar, gaz plitalari, qozon oʻtxonalari va b.ga oʻrnatib ishlatiladi. G.g. asosiy (doimo ishlab turishga moʻljallangan) va yordamchi xillarga. keng va ingichka alanga hosil kiladigan, aralashmani uyurmali yondiradigan hamda alangasi uzun va toʻgʻri oqib yonadigan xillarga boʻlinadi. G.g. gaz va havo kanallariga boʻlingan korpusdan iborat. Havo va gaz quvurlari G.g. ga kalta naycha orqali ulanadi. Berilayotgan gaz bosimiga karab, G.g. past bosim (5kPa gacha), oʻrta bosim (5—300 kPa) va yuqori bosim (300 kPa dan yuqori) gorelkalariga boʻlinadi. Gaz asbobi xiliga qarab, gorelkalar soni har xil boʻladi. Masalan, toʻrt kamfarali gaz plitalarida 4 ta G.g. ishlatiladi. G.g. uzun va dumaloq qilib ishlab chiqariladi. Umuman, G.g. diffuzion, injeksion, gaz turbinali, aralash (gazmazutli, chang-gazli) xillarga boʻlinadi. Diffuzion G.g. da yoqish kamerasiga gaz va havo keladi. Gaz va havoning aralashuvi yonish kamerasida yuz beradi. U sanoat pechlari va qozonlarida ishlatiladi. Injeksion G.g. da havo gaz oqimi energiyasi hisobiga soʻriladi (injeksiyalanadi), havo bilan gazning aralashuvi gorelka korpusi ichida yuz beradi. Bundam gorelkalar issiqxonalarni isitishda, neftni qayta ishlash zavodlari pechlarida, boshqa sanoat pechlarida ishlatiladi. Gaz turbinali G.g. da havo gaz turbinasi harakatga keltiradigan ventilyator yordamida beriladi. Uning ish unumdorligi kelayotgan gaz bosimi kattaligi bilan tartibga solib turiladi. Bunday gorelka katta gaz qozonlarida ishlatiladi. Yorugʻlik beruvchi alanga hosil qilish zarur boʻlgan yoki gazning oʻzi bilan zarur temperatura hosil qilib boʻlmaydigan hollarda aralash G.g. dan foydalaniladi. Metallarni payvandlash va qirqishda ishlatiladigan G.g. haqida Kislorod bilan kesish maqolasiga q.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil