Genetik yuk
Genetik yuk — populyatsiya irsiy oʻzgaruvchanligining bir xili; tabiiy tanlanish jarayonida nisbatan yaxshi moslashmasdan qirilib ketayotgan individlarning vujudga kelishini taʼminlaydi. G. yu. mutatsion, segregatsiyey va oraliq xillarga ajratiladi. Mutatsion yuk populyatsiyalarda mutant allellarning qayta vujudga kelishi bilan bogʻliq. Tabiiy tanlanish tufayli bunday allellarning takroran paydo boʻlish imkoniyati katta emas; ular populyatsiyadagi mutatsion bosim tufayli mavjud boʻladi. Resessiv mutatsiyalar esa geterozigota holatda butunlay bosib turiladi yoki juda kucheiz darajada salbiy taʼsir koʻrsatadi. Segregatsion yuk tabiiy tanlanish turli yoʻnalishda taʼsir etadigan holatlarda yuz beradi. Bu esa populyatsiyaning yaxshi moslashmagan qismi tarkibiga kiruvchi bitta yoki har ikki gomozigota sinfning ajralib borishi evaziga undagi polimorfizmning turgʻun saqlanishiga olib keladi. Bu jarayonda mutatsiyaning asosiy qismi geterozigota holatda ijobiy taʼsirga ega boʻladi va qator avlodlar davomida tanlanish orqali saqlanib qoladi. Oraliq yuk muhit sharoitida biror oʻzgarish yuz berganida hamda ilgarigi adaptiv normani taʼminlab turgan allel endilikda salbiy taʼsirga ega boʻlganda amalga oshadi. Bu xiddagi sharoitlarda mikroevolyutsiyaning oraliq bosqichida har ikkala, yaʼni eski va vujudga kelgan yangi allellarning chastotalari ham yuqori boʻladi. Bu hol polimorfizmni keltirib chiqaradi.
Mutatsiyalarning zararligi haqidagi tushuncha nisbiy ekanligi eʼtiborga olinganda G. yu. evolyutsiyaning genetik rezervi boʻlib ham hisoblanadi. Bu rezerv populyatsiyada yangi moslanish xususiyatlarining kelib chiqishiga olib keluvchi genetik tizimning yaratilishiga xizmat qilishi mumkin.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |