Geografik bashorat
Geografik bashorat - tabiiy muhit va xududiy i. ch. sistemalarining oʻzgarish yoʻnalishlariga ilmiy asoslangan holda oldindan koʻra bilish. G. b. tadqiqot predmeti yoki jarayonning oʻzgarishi mumkinligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilishdan iborat. Bashorat muddatlari maqsadga qarab 1 sutkadan 15 yilgacha, goho 15 yildan ham koʻp bulishi mumkin. G. b.da umumilmiy (mantiqiy, sistemali, mutaxassislar bahosi va b.) va maxsus geografik (sistemalararo, sistemali, davriylik, landshaft indikatsiyasi, paleogeografik va hokazo) usullar keng qoʻllanadi. G. b. da global (sayyoraviy) miqyosdagi bashoratlashtirish amaliy ahamiyatga ega, chunki inson xoʻjalik faoliyati natijasida turli xil chiqindilar chiqarilayotganligi tufayli havo va suv havzalarining ifloslanish darajasi tobora xavfli boʻlib bormoqda. Havoga koʻplab uglevodorod, oltingugurt, chang va b. kimyoviy chiqindilarning chiqarilishi sababli Yer yuzida havoning oʻrtacha temperaturasi 1890-yildagi 14,5" dan 1980-yil 15,2° gacha oshishiga sabab boʻldi, bu miqsor 2001-yilda 1,2° va 2050-yilda 4° gacha koʻtarilishi bashorat qilinmokda. Bu hol, odatda, dunyo "issiqxona effekt" bilan bogʻliq. Havo temperaturasi ortib borishi qutblardagi muzliklarning erishini tezlashtiradi va Dunyo okeani sathining koʻtarilishiga taʼsir etadi. Havoda uglerodning ortib borishi nam tropik oʻrmonlarning ayovsiz kesilishi, organik yoqilgʻilarning kuplab yoqilishi va avtomobil transporta faoliyati bilan bogʻliq. Ayniqsa, ozon qatlamining yupqalanishi, choʻl zonalarining kengayib borayotganligi, dunyo okeanining ifloslanishini tadqiq qilishda sayyoraviy bashoratning ahamiyati nihoyatda katta. Oʻlka miqyosidagi bashorat natijalari maʼlum hududlar boʻyicha amalga oshiriladi (Oʻrta dengiz, Kaspiy dengizi, Orol dengizi, "ishqorli" yomgʻir muammolari). Mahalliy bashorat ayrim sanoat korxonalari, suv havzalari, shaharlar, vohalar boʻyicha tayyorlanadi. G. b. natijalariga koʻra oldindan tegishli chora-tadbirlarni qoʻllash ehtimol tutilayotgan noxush hodisa va jarayonlarning oldini olish imkonini beradi.
Asomiddin Rafiqov.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |