Kontent qismiga oʻtish

Geografik muhit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Geografik muhit - tabiatiing insoniyat jamiyati mavjud boʻlgan, odamning butun hayoti va i. ch. faoliyati roʻy beradigan qismi. Inson oʻziga kerak boʻlgan barcha narsa — suv, havo, oziqovqat, turar joy va b. qurilishlar uchun zarur boʻlgan materiallar, butun sanoat uchun xom ashyolarni geografik muhitdan oladi. Jamiyat rivojlanib borgan sari geografik muhit doirasi oʻzgarib, kengayib boradi. Jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida kishilar aso-san hayot uchun zarur tabiiy manbalar (yovvoyi usimlik mevalari va hayvonlar, unumdor tuproq va hokazo)dan foydalangan. Keyinchalik ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanishi bilan tabiiy boyliklar (metall, yogʻoch, issiqlik manbalari va hokazo) mehnat vositalariga aylanib, ahamiyati orta boradi. Geografik muhit jamiyat taraqqiyoti va farovonligining doimiy, zarur shartlaridan biri, u mehnat taqsimotiga va i. ch. tarmoqlarining toʻgʻri joylashtirilishiga faol taʼsir koʻrsatadi. Chunonchi, Oʻzbekiston iqlimi issiq va tuprogʻi unumdor boʻlgani uchun oʻzbeklar kadimdan paxtachilik va bogʻdorchilik bilan, qozoqlar esa qulay yaylovlarga ega boʻlganligi uchun chorvachilik va gʻallakorlik bilan shugullanib kelmoqda. Keyingi davrda yer osti boyliklarini oʻzlashtirish ham salmoqli oʻrin egalladi.

Geografik muhit kishilarning madaniyati, ruhiy holati, turmushi, urf-odatlariga, kiyinishiga ham taʼsir koʻrsatadi va bularning tarkib topishida katta ahamiyat kasb etadi. Oʻz navbatida jamiyat ham geografik muhitga taʼsir koʻrsatadi. Kishilarning tobora oʻsib boradigan ehtiyojlarini qondirish uchun tabiatiing yangi hududlari va b. tabiiy boyliklari xoʻjalikka jalb qilinadi. Insonning taʼsiri oqibatida geografik muhit ancha oʻzgaradi. Masalan, choʻllarda vohalar vujudga keldi, dashtlar ekin dalalariga aylantirildi, bir necha oʻnlab suv omborlari qurildi, quritilgan botqoqliklar oʻrnida oʻtloklar paydo boʻldi. Bular mahalliy iqlimga ham taʼsir koʻrsatadi. Chunonchi, vohalarda havo temperaturasi kunduzi atrofdagi choʻldan 4—5° past, tunda esa yuqori boʻladi. Inson geografik muhitdagi hayvonlar va oʻsimliklarga ham kuchli taʼsir koʻrsatadi. Ayrim turlar yoʻqoladi, yangi turlar vujudga keladi. Qurilgan suv omborlari daryolar oqimini oʻzgartirib yuboradi. Bunday oʻzgarishlar texnogen (antropogen) oʻzgarishlar deyiladi. Inson geografik muhitga yoki uning biror elementiga taʼsir etayotganda uning keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni yaxshilab oʻrganishi zarur. Aks holda salbiy oʻzgarishlar geografik muhitga ham, insonga ham katta zarar yetkazishi mumkin. Geografik muhit inson faoliyati taʼsiridan tashqari tabiiy jarayonlar taʼsirida ham oʻzgaradi. Bular koʻpincha davriylik xususiyatiga ega. Inson bularni chuqur oʻrganishi va hayot faoliyatida doim nazarda tutishi kerak.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil