Geokimyoviy qidirish
Geokimyoviy qidirish - litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferada kimyoviy elementlarning tarqalish qonuniyatlarini oʻrganishga asoslangan foydali qazilma konlarini topish metodlari. Geologik qidirish maqsadida oʻrganilayotgan moddalarning xususiyatiga koʻra G. q. litokimyoviy, gidrokimyoviy, atmokimyoviy (gazli) va biokimyoviy metodlarga boʻlinadi. Togʻ jinslari, tuproq, tabiiy suvlar, Yer atmosferasi va oʻsimliklarda kimyoviy elementlarning konlardan uzoqlashgan joylardagi oʻrtacha miqsori (klark soniga yaqin) geokimyoviy muhitni anglatadi. Foydali qazilma koni yakinida kimyoviy elementlarning miqdori koʻp boʻlib, geokimyoviy anomaliyani hosil qiladi. Geokimyoviy anomaliyalar konlar hosil bulishida vujudga kelgan birlamchi va ularning yemirilishidan hosil boʻlgan va ikkilamchi elementlar sochilish doirasidan iborat boʻlib, kon borligidan darak beradi.
G. q. tekshirilayotgan joydagi togʻ jinslaridan maʼlum tartib buyicha namunalar olib, ulardagi elementlarni muntazam ravishda aniqlash orqali bajariladi. G. q.dan rudali konlarni izlashda koʻproq foydalaniladi. Bunda G. qlardan eng muhimi litokimyoviy sʼyomka, yaʼni togʻ jinslari va ularning nuragan mahsulotlaridan koʻplab namunalar olishga asoslangan. Bu metod asosida nodir metallar va oltinning koʻp konlari topilgan. Gidrokimyoviy metod yer usti va osti tabiiy suvlaridan quruq choʻkindi hosil qilib, keyinchalik uni spektral yoki kimyoviy analiz qilib tarkibini oʻrganishga asoslangan. Atmokimyoviy metod uglevodorodli gazlar miqdorini tuproqdagi havoda yoki togʻ jinslari namunasida aniqlashga moʻljallangan. Biokimyoviy metod oʻsimliklarning kimyoviy tarkibini ulardan kul hosil qilib tekshirishdan iborat.
G. q. natijasida foydali qazilma konlarining element-indikatorlari miqdorini tasvirlovchi xarita va chizmalar tuziladi. Ular asosida geologik maʼlumotlarni inobatga olib aniqlangan geokimyoviy anomaliyalari talqin qilinadi. G. q. metodlarini rivojlanishida Oʻzbekistonda S. T. Badalov, R. Tolipovlar uz hissalarini qoʻshdilar. Siyrak va nodir elementlar konlarini qidirishda G. q.dan keng foydalaniladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |