Kontent qismiga oʻtish

Geometrik optika

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Geometrik optika - optikaning yorugʻlik nurlari haqidagi tasavvurlar asosida optik nurlanish (yorugʻlik)ning tarqalish qonuniyatlarini oʻrganadigan boʻlimi. Geometrik optika qonunlari manbadan chiqayotgan yorugʻlikning toʻlqin uzunligi atrofdagi narsalarning oʻzlariga xos oʻlchamlaridan koʻplab marta kichik boʻlgan holdagina oʻrinli boʻladi. Bu holda yorugʻlik nuri degan taxminan tushunchani ishlatish mumkin. Yorugʻlik nuri sifatida yorugʻlik energiyasi oqimi tarqalayotgan chiziq tushuniladi. Hyp diafragmalar yordamida hosil qilinadi. Deyarli yoyilmasdan tarqaluvchi yorugʻlik nuriga misol qilib lazer nurini koʻrsatish mumkin.

Mustaqil tarqaluvchi yorugʻlik nurlari haqidagi tasavvur qad. dunyo fani davridayoq vujudga kelgan edi. Yunon olimi Evklid nurning toʻgʻri chiziqli tarqalish va yorugʻlikning koʻzgudan qaytish qonunini kashf qildi. 17-asrda bir qator optik asboblar (kuzatish trubasi, teleskop, mikroskop va b.) kashf qilinishi va ularning keng qoʻllanishi munosabati bilan geometrik optika juda tez rivojlana boshladi. Shu davrda golland matematigi V. Snell va R. Dekart tomonidan yorugʻlik nurlarining ikki muhit chegarasida sinish qonunlari tajriba asosida kashf qilindi. 17-asr oʻrtalaridayoq fransuz olimi P. Ferma geometrik optikaning asosiy prinsipini quyidagicha ifodalagan edi: ikki nuqta orqali oʻtuvchi yorugʻlik nuri shu nuktalar oraligʻida eng qisqa vakt ketadigan yoʻl boʻylab yuradi. 18-asrdan boshlab optik sistemalarining hisoblash usullari takomillasha borgan sari geometrik optika amaliy fan sifatida rivojlana bordi.

Geometrik optikada ozgina tushuncha va qonunlar (yorugʻlik nuri toʻgʻrisida tasavvur, yorugʻlikning qaytishi va sinishi qonunlari)ga asoslanib, koʻpgina muhim amaliy natijalarni olish mumkin.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil