Kontent qismiga oʻtish

Gepatargiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gepatargiya (yun. hepar — jigar, argia — faoliyatsizlik) — jigar yetishmovchiligi yoki uning zaharlanishidan kelib chiqadigan kasallik holati. G. termini nemis vrachi G. Kvinke va E. Toppe-Zeyler tomonidan taklif etilgan (1912). G. gepatitlar (oʻtkir va surunkali), homiladorlar eklampsiyasi, jigar venalarining oʻtkir trombozi, jigar sirrozi yoki xolestazi, shuningdek organizmning gepatotrop zaharlar (benzol, zaharli zamburugʻlar) va baʼzi bir dori moddalari bilan zaharlanishi oqibatida kelib chiqadi. Jigar hujayralari nekrozga uchraydi, ruhiy-asabiy faoliyat izdan chiqadi. Bemor alahsiraydi, terisi sargayib ketadi, koʻz qorachigʻi kengayadi, koʻrish qobiliyati pasayadi va es-hush oʻzgaradi, bora-bora bemorning ahvoli ogʻirlashib, jigar komasi rivojlanishi mumkin. Davo kasallikning kechishi va klinik belgilariga qarab olib boriladi. Bemorni tinch qoʻyish, ovqat tarkibidan hayvon oqsillarini cheklash, vrach koʻrsatmasi boʻyicha doridarmonlar berish lozim. G.ning oldini olish uchun jigar kasalliklari, xususan virusli gepatitdan saqlanish, meʼda-ichak yoʻllaridan qon ketishi yoki infeksiya kirishiga yoʻl qoʻymaslik, dorilarni, ayniqsa, narkotik, diuretik va sedativ dorilarni suiisteʼmol qilmaslik talab etiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil