Gereford qoramol zoti
Gereford qoramol zoti - goʻsht uchun boqiladigan zot. 18-asrning 2-yarmida Angliyaning Gereford (Xerefordshir) grafligida mahalliy zotlardan tanlash va saralash yoʻli bilan yetishtirilgan. Rangi toʻq qizil, boshi oq, boʻynining usti, koʻkrak osti, qornining pastki qismi, oyogʻi va dumida oq belgilari bor, gavda tuzilishi goʻshtdor mollar tuzilishiga xos. Yangi tugʻilgan buzoqlarining vazni 30—33 kg, 18 oyligida 400—450 kg. Sigirlarining vazni 550—600 kg, ayrimlariniki 750 kg, buqalari 850—1000 kg, ayrimlari 1100 kg gacha. Har bir sigiri oʻrtacha 1200—1400 kg yogʻli (4%) sut beradi. Boʻrdoqiga boqilganda 65—68% goʻsht-yogʻ qiladi. Goʻshti yumshoq va mazali. G. q. z. tez yetiladi, yem-xashak tanlamaydi, sharoitga nisbatan chidamli, yaylovlarda boqishga moslashgan. Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Rossiya va Qozogʻistonda keng tarqalgan. Qozogʻistonda qozoqi va qalmiq qoramol zotlarini G.q.z. bilan chatishtirib oqbosh qozoqi qoramol zoti yaratilgan. Oʻzbekistonga G.q.z. buqalari 1963 yilda keltirilgan va "Zomin-1" naslchilik xoʻjaligida mahalliy zotlarni yaxshilashda foydalanilgan, chatishtirish natijasida mahsuldorligi yuqori duragaylar olingan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |