Kontent qismiga oʻtish

Gidroliz sanoati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gidroliz sanoati -oʻsimliklar va ularning chiqitlaridan turli organik birikmalar ishlab chiqaruvchi sanoat tarmogʻi. Yogʻoch (qipigʻi) yoki qishloq xoʻjaligi chiqindilari (makkajoʻxori soʻtasi, kungaboqar poʻchogʻi, shulxa, gʻoʻzapoya va sh. k)ni gidroliz qilinganda uglevod qismi suv va issiqlik taʼsirida hamda katalizatorlar (mineral kislota va b.) ishtirokida qand moddasiga aylanadi. Hosil boʻlgan qand moddasi (glyukoza, monoza va b.) bijgʻitilib, undan har xil spirt olinadi. Gidroliz vaqtida qand moddalari bilan birga furfurol, furan, turli organik kislotalar (mas, sirka, limon kislotasi va b.), oqsil-vitaminli yem qoʻshimchasi (drojji) kabi mahsulotlar hosil qilinadi. Hozirgi zamon texnologiyalari asosida ishlab chiqarish yoʻnalishlariga qarab gidroliz usuli bilan 1 t quruq yogʻoch va qishloq xoʻjaligi chiqindilaridan chorva uchun 220 kg oqsil-vitaminli aralash yem qoʻshimchasi yoki 35 kg oqsilli qoʻshimcha va 175 l etil spirti yoxud 105–110 kg oqsilli qoʻshimcha va 70–80 kg furfurol olish mumkin.

Oʻzbekistonda Andijon gidroliz zdi 1953—94 yillarda ishladi (qarang Andijon biokimyo zavodi), Fargʻona sh., Toshkent viloyatida (Yangiyoʻl sh.) gidroliz zavodlari bor (2001). Ularda etil spirti, furfurol, ksilit, oqsil-vitaminli qoʻshimcha, trioksiglutar kislota va b. mahsulotlar ishlab chiqariladi. G. s. chet mamlakatlardan AQSH, Germaniya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, Polshada rivojlangan.

Risqivoy Yoqubov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil