Kontent qismiga oʻtish

Gistokimyo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gistokimyo, gistologik kimyo — gistologiyainng bir boʻlimi; oʻsimlik va hayvon toʻqimalarining kimyoviy xossalarini oʻrganadigan fan. U organizm va toʻqimalarda kimyoviy moddalar (oqsillar, fermentlar, nuklein kislotalar, uglevodlar, lipidlar) ning olgan oʻrnini va biokimyoviy jarayonlarni tekshiradi. Hujayralar haqidagi fan — sitokimyo moddalarning hujayradagi oʻrnini oʻrganadi. G. oʻsimliklar va hayvonlar biologiyasi, biokimyo, fiziologiya, farmakologiya va b. fanlar bilan chambarchas boglangan. G. 20-asrning 30-yillarida vujudga kelib, hozir jadal rivojlanmoqda. G.ning umumiy biologik ahamiyati katta. G.da aniqlanayotgan qonuniyatlar gistologiya, patologik anatomiyani rivojlantirishga, mikroskopik strukturalardagi kimyoviy jarayonlar oʻrni bilan ularning maxsus biologik funksiyalari oʻrtasidagi bogʻlanishni aniqlashga yordam beradi. Sitofotometriya, avtoradiografiya, ultrabinafsha nurlar bilan oʻtkaziladigan mikroskopiya, interferension mikroskopiya va b. zamonaviy usullardan foydalanib, tekshirilayotgan moddalar (polisaharidlar, lipidlar, oqsillar va b. koʻpgina organik moddalar; shuningdek, toʻqima va hujayralardagi noorganik komponentlar)ning oʻrni, miqsori va bu miqdorning oʻzgarishini aniqlash mumkin.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil