Grunt (qurilish)
Grunt, zamin (qurilishda) — yerning asosan nurash zonasida yotuvchi togʻ jinslarining umumlashma nomi, insonning muhandislik-qurilish faoliyatining obʼyekti. G.dan bino va turli muhandislik inshootlarining zamini, qurilish materiali (yoʻl, koʻtarmalar, toʻgʻon), yer osti inshootlarini (tonnel, quvurlar, omborxonalar) joylashtirish muhiti sifatida foydalaniladi. Yaxlit toshli va gʻovak (tosh boʻlmagan) G.ga boʻlinadi. Yaxlit toshli G.ga monolit yoki seryoriq massiv koʻrinishida yotgan, zarralari kuchli jipslashgan, otilib chiqqan, metamorfik va choʻkindi jinslar kiradi. Gʻovak G. yirik chaqiq (sementlashmagan), qumli va gilli jinslardan iborat.
G. gruntshunoslik fanida xususiyatlari, genezisiga, keyingi epigenik jarayonlarga bogʻliq boʻlgan muayyan tabiiy-tarixiy hosila sifatida, shuningdek, vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib boruvchi koʻp fazali sistema nuqtai nazaridan oʻrganiladi.
G. xususiyatlarini tadqiq qilishda, shuningdek, uning tarkibi, ichki tuzilishi va muhitning tabiiy sharoitlari (t-ra, bosim va hokazo) ham oʻrganiladi. Tarkibi, strukturasi va teksturasi G.ning sifatini belgilaydi. G.larning quyidagi muhim xususiyatlarini ajratish mumkin: fizik (hajmi va solishtirma ogʻirligi, suv va elektr oʻtkazuvchanligi, gʻovaqligi, egiluvchanligi va b.), fizik-kimyoviy (singdiruvchanligi, tiksotropiya va hokazo) va fizik-mexanik (siljishga qarshiligi, deformatsiyalanishi).
G.ning eng muxim xususiyatlari tashqi kuchlar taʼsiriga chidamliligi va mustahkamligidir. Muzlagan, muzlaberiydigan G. uchun uning issiqlik-fizik xossalari muhim. G.ning petrografik xususiyatlari lab. va dala sharoitlarida olingan namunalar va butun massivlardan foydalanib oʻrganiladi.
Qurilish ketayotgan joylar burgʻilash, quduq qazish, zondlash va geofizika metodlari yordamida tekshiriladi. G. xususiyatlarini yaxshilash uchun sementlovchi va biriktiradigan moddalar qoʻshiladi, mexanik zichlanadi (shibbalanadi), quritiladi, qizdiriladi, muzlatiladi va hokazo.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |