Guandi, Guan Di
Guandi, Guan Di - qadimgi Xitoy xalqining diniy e’tiqodiga ko‘ra, urush, boylik ilohi, amaldorlar homiysi. Uning milodiy III asrda Xan sulolasining yemirilishi arafasida yashagan harbiy sarkarda Guan Yuy ismli real prototipi bo‘lgan, degan fikrlar mavjud. Guan Yuy - Uch podshohlik davridagi Shu qirolligining harbiy sarkardalaridan va o‘rta asrlarga mansub “Uch podshohlik” romani bosh qahramonlaridan biri. Bu romanda Guan Yuy Robin Gud singari oliyjanoblikning eng yuksak namunasi sifatida gavdalangan. Shuningdek, romanda shaftoli bog‘ida amalga oshgan qasamyod haqidagi afsona o‘z aksini topgan. Mazkur afsonaga muvofiq, ilgari o‘zaro adovatda bo‘lgan Guan Yuy, Chjan Fey va Lyu Bey shaftoli bog‘ida ittifoqqa kirishish to‘g‘risida kelishishgan. Bu kelishuv natijasida Lyu Bey Shu qirolligiga asos solgan va Guan Yuy qirollik qo'shini bosh sarkardasiga aylangan. Ammo ba’zida Lyu Bey va Guan Yuy o‘rtasida yuz bergan kelishmovchiliklar tomonlarning o‘zaro munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Oqibatda, u milodiy 200-yildan Sao Sao qo‘shinida xizmat ko‘rsatdi.Lekin u yerda ham muammolarga duch kelib, keyinchalik Yuan Shao qo‘shinida harbiy xizmatini davom ettirdi. 219-yilda Guan Yuy o‘g‘li va qurolbardori bilan birgalikda Sun Syuan qo'shiniga asirga tushadi va qatl etiladi. Uning tanasi Sao Saoga jo'natilib, u yerda marhum ehtirom bilan dafn qilingan. Guan Yuy vafotidan so‘ng, uning hayoti haqida turli afsonalar yuzaga keldi.Ulardan birida aytilishicha, Guan Yuy noinsof hokimni o‘ldirgach, yuzini o‘zgartirib, soqchilar ta’qibidan qutilib qolgan.XVII asrda Koreyada ham Guan Yuy nomi bilan bog‘liq afsonalar tarqalib, unga muvofiq, Guan Yuy yaponiyaliklar bosqinidan qadimgi koreys xalqini qutqargan xaloskor o‘laroq gavdalanadi. Aslida, Guan Yuy shaxsini qahramonlikdan ko‘ra ilohiy maqomda tasavvur qilish Suy sulolasi (581-618) hukmronligi davrida boshlanib, 1594-yil esa rasman “Guan-di” nomli urush xudosi sifatida e’tirof etildi. Xitoydagi minglab ibodatxonalarda Guan-di sharafiga marosimlar o‘tkazilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 141.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |