Kontent qismiga oʻtish

Gulchehra Agzamova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gulchehra Agzamova
Tavalludi 1959-yil 4-yanvar
Toshkent
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi
Kasbi tarixchi olima
Ish joylari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti, Tarix instituti
Taʼlimi Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)
Ilmiy darajasi tarix fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Tezis sarlavhasi „XVI—XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyoning savdo markazlari va ularni Rossiya bilan bog‘lagan karvon yo‘llari“ (nomzodlik), „XVI—XIX asrning birinchi yarmidagi O‘zbekiston shaharlari va shaharlar hayoti“ (doktorlik)

Gulchehra Azizovna Agzamova (1959.4.1.) — tarixchi olima, tarix fanlari doktori (2000), professor (2012).

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gulchehra Agzamova 1959-yil 4-yanvarda Toshkent shahrida  tug‘ilgan. 1982-yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tarix fakultetining kechki bo‘limini tugatgan. Oliy o‘quv yurtida o‘qish bilan birgalikda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot institutida 1978-yildan dastlab laborant, so‘ngra katta laborant lavozimlarida ishlagan[1]. 1983-yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida ishlab kelmoqda.

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1990-yilda „XVI—XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyoning savdo markazlari va ularni Rossiya bilan bog‘lagan karvon yo‘llari“ mavzusida nomzodlik[2] va 2000-yilda „XVI—XIX asrning birinchi yarmidagi O‘zbekiston shaharlari va shaharlar hayoti“ mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Unga 2012-yilda professor ilmiy unvoni berilgan.

Asosiy ilmiy izlanishlari XVI—XIX asrning birinchi yarmida O‘zbekistonda kechgan tarixiy jarayonlar va o‘zbek xonliklaridagi ijtimoiy-siyosiy hayot, ular taraqqiyotining umumiy va o‘ziga xos tomonlari, iqtisodiy hayot va ularda shaharlarning tutgan o‘rni, hunarmandchilik, savdo, bozorlar, karvonsaroylar, shahar jamiyatining turli ijtimoiy qatlamlari, O‘rta Osiyoni xorijiy mamlakatlar bilan bog‘lagan karvon yo‘llari kabi masalalarni yangicha yondashuvlar asosida o‘rganishga qaratilgan.

U o‘z tadqiqotlari  davomida O‘rta Osiyo xonliklarini xorijiy mamlakatlar bilan bog‘lagan karvon yo‘llari yo‘nalishlarida yuz bergan o‘zgarishlarni aniqlab berishga muvaffaq bo‘lgan[manba kerak]. Shuningdek, O‘rta Osiyo xonliklari shaharlarining XVI—XIX asrning birinchi yarmidagi holati va ular taraqqiyotiga xos umumiy va o‘ziga xos xususiyatlar, shahar hayotining muhim yo‘nalishlari va jihatlari turli manbalar ma’lumotlarini atroflicha o‘rganish asosida ko‘rsatib bergan[manba kerak].

Gulchehra Agzamova „O‘zbek davlatchiligi tarixi“, „O‘zbekistonda harbiy ish tarixi (eng qadimdan hozirgacha)“, „Xorazm davlatchiligi tarixi“, „XV—XIX  asrning birinchi yarmida xalqaro aloqalar tizimida O‘zbekistonning tutgan o‘rni“, „X—XIX asrlar O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishda „Safarnomalar“ning o‘rni“, „O‘zbekistonda tadbirkorlik tarixi (eng qadimdan hozirgacha)“, „O‘zbekiston shaharlari tarixi“, „O‘zbekiston davlatchiligi tizimida diplomatik institutlarning shakllanishi va rivojlanishi“ kabi fundamental va amaliy loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.

Gulchehra Agzamovaning tadqiqotlari natijasida erishilgan natijalar va ilmiy xulosalar uning 130 dan ortiq ilmiy ishlarida o‘z aksini topgan. Nashr etilgan ishlarining ayrimlari Moskva, Sankt-Peterburg, UfaTbilisi, Dehli, Anqara, Seul, Bishkek, Olmaota, Ashxobod kabi shaharlarda chop etilgan.

Yirik jamoaviy monografiyalar hamda yubiley albomlari tayyorlashda ishtirok etgan. Xususan, u o‘zbek davlatchiligi tarixining turli masalalarini qamrab olgan „Temur va Ulug‘bek davri tarixi“, „Amir Temur“, „O‘zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari“, „Очерки по истории государственности Узбекистана“ jamoaviy monografiyalarining, shuningdek, Samarqand va Toshkent shaharlari tarixiy yubileylariga bag‘ishlab chiqarilgan albomlarning mualliflaridan biri.

  1. Ўзбекистон тарихчилари (библиографик маълумотнома), биринчи жилд. Тошкент: Fan va texnologiya, 2012. — 24-bet. 
  2. Агзамова Г.А.. Среднеазиатские центры торговли и пути, связывавшие их с Россией (вторая половина XVI-первая половина XIX в.): автореферат дис. ... кандидата истор. наук: 07.00.02 / АН УзССР. Ин-т истории, Ташкент, 1990 — 21-bet.