Kontent qismiga oʻtish

Gviana yassitogʻligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gviana yassitogʻligi - Jan. Amerikaning shim.-sharqidagi yassitogʻlik. Shim. va janubda Orinoko va Amazonka pasttekisliklari, gʻarb va sharqda And togʻlari va Atlantika okeani oraligʻida. Gʻarbdan sharqqa 2000 km ga choʻzilgan. Eng baland nuqtasi 3014 m (Neblina togʻi). Kembriydan oldingi kristall jinslardan tuzilgan. Yirik temir ruda, shuningdek oltin, olmos konlari, dunyo ahamiyatiga ega boksit, uran va marganes rudasi konlari bor. Iqlimi issiq, subekvatorial (oʻrtacha oylik temperatura 22 — 28°). Yiliga 1200 mm dan 3500 mm gacha yogʻin yogʻadi. Dare koʻp. G. ya. hududida dunyodagi eng baland (1054 m) Anxel sharsharasi bor. Qizil-sariq laterit tuproqli yerlarda sernam tropik oʻrmon (gileya) lar keng tarqalgan. Hayvonot dunyosi juda boy. Bu yerda neotropik oblastning Braziliya kichik oblastiga mansub yapaloq burunli maymunlar, yalqov, chumolixoʻr, zirhlilar, tapir, yaguar kabi hayvonlar, parrandalar, hasharotlar yashaydi. G. ya. da aholi siyrak. Kam sonli indeyslar ovchilik, baliq tutish va ibtidoiy dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Chet el kompaniyalari bu yerda yer osti boyliklari qazib chiqaradi, qimmatbaho yogʻoch tayyorlaydi. G. ya. da Braziliya, Venesuela, Gayana, Surinam Kolumbiya davlatlari va Gviana (Fransiya mulki) joylashgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil