Kontent qismiga oʻtish

Hakamlar sudi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Hakamlar sudi - fuqarolar bilan fuqarolar va tashkilotlar bilan tashkilotlar oʻrtasida kelib chiqqan baʼzi fuqarolik huquqiy xarakterdagi nizolarning uchinchi shaxs yoki shaxslar (xolislar) tomonidan koʻrilishi. Manfaatdor taraflarning fuqarolik huquqlari faqat umumyurisdiksiya sudi tomonidangina emas, balki Hakamlar sudi tomonidan ham himoya qilinishi mumkin. Hakamlar sudi nizolashuvchilarning alohida kelishuvi bilan bir yoki bir necha (toq sonli) shaxslar tarkibida fuqarolik HUQUQiy xarakteridagi nizoni hal etish uchun tashkil qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasida Hakamlar sudi nizoli huquqiy munosabatlarning subʼyektlariga va nizoning predmetiga qarab quyidagi turlarga boʻlinadi:fuqarolar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish uchun tuziladigan hakamlar sudi; tashkilotlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish uchun tuziladigan hakamlar sudi; tashqi savdoga oid nizolarni koʻradigan va dengiz huquqi bilan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizolarni hal qilish uchun tuziladigan hakamlar sudlari.

Fuqarolar oʻrtasidagi nizolar hakamlar (xolislar) sudi tomonidan Hakamlar sudi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq hal qilinadi. Bu hujjatning 1—20-moddalarida koʻrsatilishicha, fuqarolar (mehnat va oila munosabatlariga doir nizolardan tashqari) oʻz oʻrtalarida kelib chiqqan har qanday ni-zoni Hakamlar sudi ning koʻrishi uchun topshirishlari mumkin. Hakamlar sudi har safar nizoning hamma ishtirokchilarining alohida kelishuvi bilan tashkil etiladi va har qaysi taraf tomonidan baravar miqdorda saylangan bir yoki bir necha sudya tarkibida tuziladi. Hakamlar sudida ishlar jamoatchilik asosida, xizmat haqi olinmasdan koʻriladi. Hakamlar sudining hal qiluv qarori ixtiyoriy ravishda ijro etilmasa, tuman (shahar), tumanlararo sudi beradigan ijro varaqasiga asosan majburiy tartibda ijro qilinishi mumkin.

Xoʻjalik tashkilotlarining ayrim murakkab ishlari boʻyicha boʻlgan nizolarning Hakamlar sudida koʻrilishi maqsadga muvofiq deb topilgan. Birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi xoʻjalik nizolari oʻzaro kelishuvga binoan har bir konkret ish boʻyicha saylanadigan Hakamlar sudiga koʻrish uchun topshirilishi mumkin. Hakamlar sudining hal qiluv qarori chiqarilgandan soʻng 5 kun ichida ish koʻrilgan joydagi xoʻjalik sudiga saqlash uchun topshiriladi. Birlashmalar, korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari H.s tomo-nidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun choralar koʻrishga va ish saqlanib turgan xoʻjalik sudiga bu haqda 1 oy ichida maʼlumot berishga majburdirlar. Hakamlar sudida koʻriladigan ishlar boʻyicha davlat boji olinmaydi.

Tashqi savdoga oid bitimlardan kelib chiqadigan nizolarni, jumladan xorijiy firmalar bilan Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik tashkilotlari oʻrtasidagi nizolarni hal qilish uchun Savdo palatasi qoshida tashqi savdo arbitraj komissiyasi tashkil etilgan. Bu komissiyaning vakolati tashqi savdo arbitraj komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom bilan belgilangan.

Dengiz huquqi bilan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar Oʻzbekiston Respublikasi savdo palatasi qoshidagi dengiz arbitraj komissiyasi tomonidan koʻriladi. Bu komissiya Dengiz arbitraj komissiyasi haqidagi Nizomga muvofiq ish olib boradi.

Shoakbar Shorahmetov.