Kontent qismiga oʻtish

Hashshoshiylar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Hashshoshiylar

Suriya ismoiliylari Masyof qalʼasi bugungi kundagi koʻrinishi
Turi: Harbiylashgan diniy tashkilot
Mamlakat: Nizoriy ismoiliy davlati (tarixiy)
Faoliyat yillari: 1100—1260
Garnizon: Masyof (Suriya hashshoshiylari)
Alamut (Eron hashshoshiylari)
Qatnashgan: Salib yurishlari
Qoʻmondonlar
Hasan ibn Sabboh
Rashididdin Sinon

Hashshoshiylar (arabchadan „hashish chekuvchilar“, "giyohvandlar") — ismoiliylar ichidagi yashirin terrorchilik bilan shugʻullangan firqa tarafdorlari. XI asr oxirida Eronda ismoiliylar harakatining boʻlinib ketishi natijasida paydo boʻlgan. Asoschisi — Hasan ibn Sabboh (1124-yil vafot etgan).

Eronning shimoli-gʻarbidagi togʻlar orasida joylashgan Alamut qalʼasi hashshoshiylar jamoasining markazi boʻlgan. Hashshoshiylar harakati Suriya va Livanda, keyinchalik Hindistonda ham tarqalgan. U Oʻrta Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlaridagi qarmatlar harakati bilan uzviy bogliq.

Hashshoshiylar xalifalik va saljuqiylarga qarshi kurashgan. Hashshoshiylarning rahbarlari oʻz dushmanlarini oʻldirishni siyosiy kurashning asosiy vositasi deb bilgan. Hashshoshiylar gʻoyat yashirin holda ish koʻradigan va tarmoqlangan terrorchilik tashkilotini vujudga keltirgan.

Oʻz maqsadlarini amalga oshirish (hukmdorlar, podsholar, qirollar va yirik namoyandalarni oʻldirish)da fidoyilar (qashshoq dehqon va shaharlik yoshlar)dan foydalangan. Turli manbalar hashshoshiylar terrorchi (fidoiy)larga giyohvand moddalari isteʼmol qildirib, oʻlsa shubhasiz jannatga tushishiga ishontirgan, degan fikr keng tarqalgan. Birmuncha davr hashshoshiylar koʻp hukmdorlarga dahshat solib turgan, ulardan koʻplari oʻz jonini saqlash uchun hashshoshiylarga toʻlov toʻlab turgan. 1256-yil moʻgʻul istilochilari Alamutni bosib olib, Eronda hashshoshiylar jamoasiga barham bergan. 1273-yilda mamluklar qoʻshini Suriya va Livandagi hashshoshiylarning oxirgi tashkilotlarini tugatgan.