Hasip
Hasip — so‘yilgan qo‘y yoki qoramolning ichagiga go‘sht, jigar, qorataloq kabilarning qiymasi va guruch aralashtirib solinib, qozonda qaynatib yoki qasqonda dimlab tayyorlanadigan taom[1].
To‘y, bayram dasturxoniga, aziz mehmonlarga atab tayyorlanadigan ushbu tansiq taom uzoq o‘tmishda kelib chiqqan bo‘lib, barcha shahar va qishloqlar oshxonalarida unutilmay saqlanib keladi. Qo‘y ichagiga yaxshilab iylangan tuxum bilan pishirilgan guruchni solib ,,tuxum hasipi”, maxsus usulda tayyorlangan ,,dimlama hasip”; ivitilgan guruch bilan qora jigar aralashmasidan pishirilgan ,,guruch hasip”lar hozirgacha sevimli taomlar hisoblanadi[2].
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hasipning odatiy hamda dimlama hasip, tuyma hasip, ochiq hasip kabi turlari mavjud. Har biri o‘ziga xos usulda tayyorlanadi.
Tayyorlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hasip (oddiy) tayyorlash uchun qo‘y va molning yog‘li ichagi zarur bo‘ladi. Ichakni ag‘darib iliq suvda tuz ishqab bir necha bor yuviladi. Shilliq moddasi, qo‘lansa hididan xalos qilish uchun bir necha soat iylangan qatiqqa yoki zardobga botirib qo‘yiladi. Agar zardob ham, qatiq ham bo‘lmasa unda lavr yaprog‘i, qalampir munchoq solib qaynatilgan va sovutilgan, margansovka eritilgan suvga botirib qo‘yiladi (3 litr suvga 3-4 lavr yaprog‘ i, 5-6 dona qalampir munchoq va margantsovka kristalidan juda oz miqdorda: pichoq uchida olinganining 1/3 qismi). Qatiqda ham, qaynatmada ham 2 soat ivigandan so‘ng ichak olinib yana bir necha bor yaxshilab yuviladi va bir uchi arqoq ipda chigiladi va ichiga tayyor qiyma solish kerak. Qiymasini quyidagicha tayyorlanadi: lahm go‘sht, o‘pka, taloqdan olib go‘shtqiymalagichdan o‘tkazamiz, qiymaga mayda chopilgan piyoz, yuvilgan guruch qo‘shasiz, tuz va murch sepib, suv quyasiz-da yaxshilab aralashtiramiz. Ichakning bog‘lanmagan tomoniga varonka qo‘yib haligi suyuq qiymani quyamiz va bu uchini ham bog‘lab, sovuq suvli idishga solib asta qaynatiladi. Qaynab chiqishi bilan hasipning bir necha joyiga igna uriladi, aks holda yorilib ketishi mumkin. O‘rtacha olovda 1 soatcha qaynagandan so‘ng pishadi. Tayyor hasipni qozondan olib havoda sovutamiz. Dasturxonga tortishda yaxshi qotgan bo‘lsa, eni 2-3 sm keladigan parraklarga, uncha qotmagan bo‘lsa, sal uzunroq 6-8 sm li bo‘laklarga kesamiz-da, laganga yo likoplarga solib ziralangan piyoz bilan birga keltiramiz.
Ko‘rinishi: sirtida yog‘ tugunchalari bor ichak ichida pishgan guruch va go‘sht bo‘lakchalari.
Mazasi: ichak, o‘pka, go‘sht, qorajigar, guruch va piyozning birikma lazzati. Ichidagi murch va yuziga sepilgan zirali piyoz hidi ishtaha ochadi.
Kerakli masalliqlar: 1 metr qo‘yning yog‘li ichagiga bitta taloq (qora jigar), 200 gr o‘pka, 200 gr lahm go‘sht, 1 stakan guruch, 2 bosh piyoz, 2 stakan iliq suv kerak. Tuz va murch ta’bga ko‘ra. Zirali piyoz uchun esa 2 bosh mayin to‘g‘ralgan piyoz, pichoq uchida murch va zira kerak bo‘ladi.
Dimlama hasipning tayyorlanishi ham, retsepti ham dasturxonga tortilishi va parhezlik xosiyatlari xuddi oddiy hasipdagidek. Farqi shuki, bu tansiq taomning pishirilishi mantiqasqonda bajariladi. Qaynab chiqqach, hasipning bag‘ riga issiq o‘tganda bir necha joyiga igna uriladi. Pishish muddati 45-50 minut. Qasqon ostidagi bo‘limiga suyaklarni va to‘g‘ralgan piyoz solib qaynatsangiz yaxshigina sho‘rva bo‘ladi. Buni issig‘ida qatiqlab, rayhon, kashnich bilan dasturxonga tortamiz. Hasipni esa havoda sovitib yaxna ovqat tarzida beriladi.
Kerakli masalliqlar: 1 metr qo‘yning yog‘li ichagiga bitta qora jigar, 200 gr o‘pka, 200 gr lahm go‘sht, 1 stakan guruch, 2 bosh piyoz, 2 stakan iliq suv, tuz va murch ta’bga ko‘ra olinadi. Sho‘rvasiga qiymadan ajragan suyak, 10 gr dumba yoki charvi yog‘, 2 bosh piyoz, tuz esa ta’bga ko‘ra.
Tuyma hasip. Qo‘y yoki molning qora kesak go‘shtidan shapaloqdek kesib olib tuz va zira sepiladi va mayda to‘g‘ralgan piyoz bilan birga keliga solib tuyiladi. Go‘sht ezilib qiymasimon bo‘lganda olib, charvi yog‘idan mayda to‘g‘rab, mijib aralashtiriladi. So‘ngra bundan bo‘lakchalar uzib olib oshtaxta ustida bodringga o‘xshatib dumalatiladi. Ichakni tayyorlab, ichiga haligi bodring taxlit yumalatilgan go‘shtni solinadi, to‘lgach puch qolgan oralariga iliq suv quyib to‘latiladi-da arqoq ip bilan mahkam chigiladi. Buni sovuq suvli qozonga solib asta qaynatib pishiriladi. Pishish muddati 1 soat. Tayyor bo‘lgach, olib havoda sovitiladi va kesib laganga (likopchaga) tuzab zira piyoz bilan birga dasturxonga tortiladi.
Ko‘rinishi: ichak ichida pishgan qora go‘sht, onda-sonda oqyog‘i ham ko‘rinadi. Bu xuddi qazini eslatadi, biroq undan ingichkaroq.
Mazasi: chaynarli, go‘sht, yog‘, piyoz va ziraning umumiy lazzati.
Kerakli masalliqlar: 1 metr qo‘yning yog‘li ichagiga 600 gr lahm go‘sht, 100 gr charvi yog‘ , 2-3 bosh piyoz, zira bilan tuz esa ta’bga ko‘ra olinadi.
Foydali xususiyatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Umuman, hasip xalq tabobatida oshqozon, ichak, taloq va jigar xastaliklariga parhez qilingan. Darhaqiqat, hasip ko‘ngilga urmaydigan va tez hazm bo‘ladigan taomdir. Go‘shtli taomlarning foydali xususiyatlari azaldan e’tirof etilgan. Go‘sht oqsil – insonning miya neyronlarini oziqlantiruvchi eng muhim moddaning manbayidir[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |