Kontent qismiga oʻtish

Hisoblar rejasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hisoblar rejasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hisoblar rejasi[1] — bu buxgalteriya hisobining hisoblar tizimi bo'lib, ularning miqdorini, guruhlashni va raqamli belgilanishini ob'ektlar va maqsadiga qarab ta'minlaydi. Hisoblar rejasi birinchi darajali sintetik hisoblarni va ularga mos keladigan analitik subhisoblar, yoki ikkinchi darajali hisoblarni o'z ichiga oladi. Hisoblar rejasining yaratilishi buxgalteriya hisobining ko'rsatkichlarini joriy hisobot ko'rsatkichlariga muvofiqligini ta'minlaydi.

Ikki yoqlama yozuv usuli buxgalteriya hisobi tizimi hisoblaridagi o'zgarishlarni aks ettirish uchun qo'llaniladi. Ya'ni har qanday operatsiya ikki marta — bitta hisobning debeti bo'yicha va ikkinchi bog'liq hisobning krediti bo'yicha aks ettiriladi. Har bir hisob o'z nomiga, raqamiga va vazifasiga ega.

Tartibga solish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

O'zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobining hisoblar rejasi 21-sonli BHMS bilan tartibga solinadi. Tashkilotlar o'z hisoblarining rejasini shu asosda tasdiqlaydi. Ularning aksariyati, ayniqsa kichik tashkilotlar, BHMS da belgilangan barcha hisob yozuvlaridan foydalanishi shart emas. Buxgalter muayyan korxona uchun zarur bo'lgan barcha hisoblar ro'yxatini o'z ichiga olgan dolzarb ish rejasini ishlab chiqadi.

Buxgalteriya hisoblaridan qanday foydalanish kerak?

Buning uchun 21-sonli BHMSning 2-ilovasida[2] tasdiqlangan maxsus Yo'riqnoma mavjud bo'lib, u buxgalteriya hisobi hisoblarida hisob operatsiyalarini aks ettirish tartibini belgilaydi. Yo'riqnomada har bir hisobning batafsil tavsifi, undan foydalanish bo'yicha tavsiyalar, rejadan foydalanish qulayligini ta'minlaydigan va operatsiyaning xarakteriga qarab qo'llaniladigan standart hisob o'tkazmalari keltirilgan. Bundan tashqari, o'ng ustunda maydonda hisoblarning qaysi guruhga tegishli ekanligini tushunishga yordam beradigan shartli belgilar joylashtirilgan:

  • Aktiv
  • Kontr-aktiv
  • Passiv
  • Kontr-passiv
  • Tranzit
  • Balansdan tashqari

Ish rejasining tarkibi quyidagilarga bog'liq:

  • tarmoqning o'ziga xos xususiyatlari;
  • korxona faoliyatining hajmi va yo'nalishi;
  • tashkiliy-huquqiy shakl;
  • alohida hisoblarni yuritish zarurati;
  • buxgalteriya hisobotini shakllantirish talablari.

Korxona buxgalteriya hisobi tizimining tahlilini mustaqil ravishda belgilaydi. Asosiysi, tahlil ko'rsatkichlari hisoblarning sintetik qoldiqlari va aylanmalariga mos kelishi kerak.

O'zbekiston Respublikasining "Yagona hisoblar rejasi" 2-sonli BHMS byudjet hisobi me'yoriy tizimining elementi hisoblanadi va O'zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq belgilangan. Ushbu Standart g'aznachilik xizmati bo'linmalariga, xo'jalik va moliya organlariga, davlat va boshqa maqsadli mablag'larni taqsimlovchi organlarga, shuningdek barcha byudjet tashkilotlariga tatbiq etiladi.

Ushbu standartda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

Аktiv hisob (A) — aktivlarni aks ettirish uchun mo'ljallangan hisob bo'lib, unda iqtisodiy resurslarning qoldig'i va ko'payishi hisobning debeti bo'yicha, kamayishi esa kredit bo'yicha aks ettiriladi;

Аnalitik hisob — byudjet hisobi ob'ektlari haqida batafsil hisob ma'lumotlarini shakllantiradigan hisob. Byudjet tashkilotlari yagona hisoblar rejasiga qo'shimcha analitik hisoblardan foydalanishlari mumkin;

Balansdan tashqari hisoblar (BT) — byudjet tashkilotiga tegishli bo'lmagan, lekin vaqtincha uning tasarrufida bo'lgan, aktivlar, shartli huquqlar va majburiyatlarning mavjudligi va harakati to'g'risidagi ma'lumotlarni umumlashtirish uchun mo'ljallangan hisoblar. Bu hisoblar boshqa hisoblar bilan o'zaro bog'liq emas va byudjet tashkiloti hisobotida aks ettirilmaydi;

Daromadlar bo'yicha debitorlik qarzi — byudjet tizimi byudjetlariga va boshqa byudjetdan tashqari fondlarga daromadlarni hisoblash asosida vujudga keladigan debitorlik qarzi;

Ichki hisob-kitob markazlari — g'aznachilik bo'linmalarining tegishli filiallari pul mablag'larini hisobga oladigan, bir g'aznachilik bo'linmalari filiali ichida va filiallar o'rtasida hisob-kitoblarni amalga oshirishni ta'minlaydigan axborot tizimi;

Kassa usuli — pul mablag'lari va ularning ekvivalentlari kelib tushganda yoki to'langanda barcha operatsiyalar, daromadlar, xarajatlar va boshqa hodisalar qayd etiladigan buxgalteriya hisobi usuli;

Kontr-aktiv hisob (KA) — moliyaviy hisobotda aktivning sof qiymatini aks ettiradigan hisob bo'lib, u aktiv hisobining qoldig'idan ayiriladi;

Kontr-passiv hisob (KP) — moliyaviy hisobotda majburiyat yoki investitsiyaning sof qiymatini aks ettiradigan hisob bo'lib, u passiv hisobining qoldig'idan ayiriladi;

Passiv hisob (P) — majburiyatlar va qo'yilmalarni aks ettirish uchun mo'ljallangan hisob bo'lib, unda majburiyatlar va qo'yilmalarning qoldig'i va ko'payishi hisobning krediti bo'yicha, kamayishi esa debet bo'yicha aks ettiriladi;

Sintetik hisob — byudjet hisobi ob'ektlari haqidagi ma'lumotlarni muayyan iqtisodiy belgilari bo'yicha umumlashtirilgan axborotni shakllantiruvchi hisob;

Tranzit hisoblar (T) — bu hisobot yili davrida foydalaniladigan, lekin hisobot davri oxirida qoldiqqa ega bo'lmaydigan vaqtinchalik hisobga oluvchi hamda moliyaviy natijalarni aks ettiruvchi hisoblar;

Tranzit hisobvaraq — pul mablag'larini vaqtinchalik hisobga oluvchi hisobvaraq;

Xarajatlar — byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg'armalarining pul mablag'lari hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar;

Xarajatlar bo'yicha majburiyatlar — byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg'armalarining mablag'lari hisobidan xarajatlarning hisoblanishi asosida yuzaga keladigan majburiyatlar;

Hisob-kitoblar markazi — o'zida yagona g'azna hisobvarag'ini hamda ichki hisob-kitob markazlarini qamrab olgan, yagona g'azna hisobvarag'iga mablag'larni kirim qilinishini, xarajatlarini amalga oshirilishini va qaytarilishini hamda ichki hisob-kitob markazlari orqali g'aznachilik bo'linmalarining bir filiali ichida hamda filiallari o'rtasida to'lovlarni amalga oshirilishini ta'minlovchi axborot tizimi;

Hisoblangan daromadlar — byudjet tizimi byudjetlariga yoki boshqa byudjetdan tashqari jamg'armalarga o'tkazib berilishi hisobga olingan daromadlar;

Hisoblangan xarajatlar — byudjet tizimi byudjetlari va boshqa byudjetdan tashqari jamg'armalar mablag'laridan g'aznachilik bo'linmalarida hisobga olingan moliyaviy majburiyatlar;

Hisoblangan haqiqiy xarajatlar — byudjet tashkilotlari tomonidan byudjet yoki byudjetdan tashqari mablag'lar bo'yicha hisoblangan xarajatlar;

Hisoblash metodi — buxgalteriya hisobida sodir bo'lgan barcha operatsiyalar va boshqa hodisalar, ular sodir bo'lgan paytda qayd etiladigan (pul mablag'lari va uning ekvivalenti kelib tushgan yoki to'lanishidan oldin) buxgalteriya hisobi metodi.

G'aznachilik bo'linmalari, davlat maqsadli jamg'armalarini taqsimlovchi organlar O'zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg'armalarining hamda byudjet tashkilotlari moliyaviy-xo'jalik faoliyatining byudjet hisobini mazkur Standartning 1-ilovasida keltirilgan yagona hisoblar rejasiga muvofiq yuritadi. Byudjet tashkilotlari mazkur Standartda keltirilgan Byudjet tashkilotlarining byudjet hisobida yagona hisoblar rejasini qo'llash tartibiga muvofiq byudjet hisobini tashkil etadi. Byudjet tizimi byudjetlarining va boshqa byudjetdan tashqari jamg'armalarning byudjet hisobida yagona hisoblar rejasini qo'llash mazkur bob hamda ushbu Standartning 2-ilovasidagi namunaviy o'tkazmalar asosida amalga oshiriladi.

lex.uz

bss.uz

buxgalter.uz

  1. „СУҒУРТАЛОВЧИЛАР МОЛИЯВИЙ-ХЎЖАЛИК ФАОЛИЯТИНИНГ БУХГАЛТЕРИЯ ҲИСОБИ СЧЁТЛАР РЕЖАСИНИ ТАСДИҚЛАШ ТЎҒРИСИДА“. 2023-yil 12-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 5-noyabr.
  2. „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBINING MILLIY STANDARTI (BHMS №21) “XO‘JALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNING MOLIYA-XO‘JALIK FAOLIYATI BUXGALTERIYA HISOBI HISOBOTLAR REJASI VA UNI QO‘LLASh BO‘YIChA YO‘RIQNOMANI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA”“. 2002-yil 23-oktabrda 1181-sonda asl nusxadan arxivlangan.