Kontent qismiga oʻtish

Hoji Abdulaziz Abdurasulov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hoji Abdulaziz Abdurasulov
Hoji Abdulaziz Abdurasulov portreti

Hoji Abdulaziz Abdurasulov (Rasulov; 1852 – Samarqand – 1936) – xonanda, sozanda (tanbur, dutor), bastakor, Oʻzbekiston xalq artisti (1932). Tanbur ijrochiligi va shashmaqomning cholgʻu yoʻllarini Hoji Rahim-berdidan, hofizlik sanʼati sirlarini hamda Nasr shoʻʼbalarini samarqandlik Borux hofiz, keyinchalik Ota Jalollan oʻrgangan. Haj safarlarini qilib (1887-88 va 1907-08), Eron, Arabiston, Hindiston, Afgʻoniston xalqlari musiqa madaniyati, ijrochilik uslublari bilan tanishgan, oʻz sanʼatini ham namoyish etgan. 1920-yillari konsert guruhlarida qatnashgan, musiqa toʻgaraklarini tashkil etgan. Samarqandda musiqa va xoreografiya institutida oʻqituvchi (1928 – 31); M.Ashrafiy, T.Sodiqov, Yu. va R.Rajabiylar, I.Ikromov, M.Burhonov, D.Zokirov, M.Leviyev, N.Hasanov kabi sanʼatkorlar Hoji Abdulaziz Abdurasulovdan taʼlim olishgan.

Hoji Abdulaziz Abdurasulov murakkab ashula yoʻllarini oʻz ovoziga moslab, ijodiy yondoshgan holda oʻzbek va tojik tillarida mahorat bilan aytgan. U „Guluzorim“ turk, „Bozurgoniy“ga Zebo pari, „Bebokna“ va „Ushshoq“ yoʻllariga Namudi uz-zol, „Abdurahmonbegi“ga namudi Navo avjlarini bogʻlab, ularning taʼsirchanlik va yoqimlilik kuchini orttirgan. „Ushshoq“ shu tufayli ham „Ush-shoqi Hoji“ va „Samarqand ushshogʻi“ nomlari bilan mashhur. Xonanda repertuarida 200 dan ortiq xalq ashulalari va maqom yoʻllari bulib, ular ichida mumtoz musiqa asarlari asosiy oʻrin tutadi. Jumladan, „Ushshoq“, uning taronasi, qashqarchasi va ufari, „Rosti Panjgoh“, „Iroq“ va „Navo“ maqomlari yoʻli, „Abdurahmonbegi-1“, uning ufari, „Nasrulloyi“, „Iroq“ning qashqarchasi va ufari, „Gulyor“, „Orazi Gulyor“, „Ufar“, „Arzimni aytay“, „Qurbon oʻlam“ va hokazo kuy va ashula yoʻllari alohida ajralib turadi. Ularni H. Sharq mumtoz shoirlari – Hofiz, Navoiy, Fuzuliy, Zebun-niso, Amiriy, Fazliy kabilarning gʻazallari bilan aytgan. Hoji Abdulaziz Abdurasulov mohir sozanda sifatida ham tanilgan boʻlib, maqom yoʻllarini tanbur va dutorda ijro etgan. Ijrosidagi koʻpgina ashulalar 1909-yildan boshlab gramplastinka va fonograflarga yozib olingan. Samarqand musiqa kollsjiga H. nomi berilgan. 1997-yildan Samarqandda Hoji Abdulaziz Abdurasulov nomidagi xonandalar tanlovi oʻtkazilmoqda. Hoji Abdulaziz Abdurasulovvafotidan soʻng Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2001).

2019-yil avgust oyida Samarqand shahrida oʻzi yashab, ijod qilgann uyida uy-muzey tashkil etilgan[1][2].