Kontent qismiga oʻtish

Homiladorlik toksikozlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Homiladorlik toksikozlari — homiladorlik davrida uchraydigan kasallik holati; nerv, yurak-tomir, endokrin sistemalar va moddalar almashinuvining oʻzgarishi tufayli kelib chiqib, tugʻruqdan soʻng oʻtib ketadi. Homiladorlik toksikozlariga homilador ayol organizmida mavjud xastaliklar sabab boʻladi. Shuning uchun boʻyida boʻlgan ayol ertaroq (2 oygacha) ayollar masla-hatxonasiga borib, vrach maslahatlaridan foydalanishi kerak. Maʼlumki, homiladorlik boshlanishida koʻpchilik ayollar boshqorongʻi boʻladi (qarang Boshqorongʻilik).

Bu holatlar baʼzi ayollarda ertaroq, baʼzilarida esa kechroq boshlanib, oʻtib ketadi. Ammo baʼzi homi-lador ayollarda bu alomatlar yoʻqolmay, zoʻrayib boradi, natijada Homiladorlik toksikozlari paydo boʻladi. Homiladorlikning birinchi (ilk) va ikkinchi yarmi (kech) toksikozlari farq qilinadi. Ilk tok-sikozlar homiladorlikning dastlabki 12 haftasida roʻy beradi. Ayolning umumiy ahvoli oʻzgaradi, dilgir boʻlib qoladi, koʻngli ayniydi, soʻlagi oqadi (koʻp), qusadi. Baʼzan ayol hadeb qayt qilaveradi, darmonsizlanadi, oza boshlaydi, uyquchan va serjahl boʻlib qoladi. Lekin Homiladorlik toksikozlarida kuzatiladigan toʻxtovsiz (sutkasiga 20-martagacha) qusish organizmning suvsizlanishi va ayolning holsizlanishiga olib keladi. Uning qon bosimi pasayadi, gavda temperaturasi koʻtariladi, pulsi tezlashadi, terisi quruqshaydi, ogʻzidan noxush hid keladi. Bunday hollarda davolash tadbirlari yordam bermasa, baʼzan abort qilib, homilani olib tashlashga toʻgʻri keladi. Ilk toksikozlarda homilador ayol maslahatxonaga qatnab davolanishi mumkin; haddan tashqari koʻp qusish ayolni kasalxonaga yotqizishni talab etadi.

Kech toksikozlar homiladorlikning ikkinchi yarmida, koʻpincha soʻnggi oylarida vujudga keladi. Bularga homiladorlar istisqosi, nefropa-tiya, preeklampsiya va eklampsiya kiradi. Kech toksikozlarning barchasi ketma-ket kelib, kasallik bosqichma-bosqich kechadi. Homiladorlar istis-qosida shish paydo boʻladi. Odatda, u toʻpiqdan boshlanib, tizza, son, qorin va tashqi jinsiy aʼzolarga oʻtadi, soʻngra asta-sekin butun tanaga tarqaladi. Ayolning yuzi koʻpchiydi. Shish ayol gavdasining hamma qismiga tarqalgan boʻlsa ham uning umumiy ahvoli unchalik oʻzgarmaydi, normal holatda vazni ortadi (homiladorlik davrida 10 kg ortadi). Ayol ogʻirligini tarozida tortib turish yoʻli bilan ham shishni aniqlash mumkin. Homi-lador istisqosida muntazam davolanish zarur. Homilador ayol oyda ikki marta maslahatxonaga borishi, shuningdek, vrach koʻrsatmalariga va shax-siy gigiyena qoidalariga rioya qili-shi, haftada bir marta tarozida tort-tirib turishi lozim. Suyuqlik (sutkada 1 l gacha ruxsat etiladi) va tuzni cheklash, servitamin ovqatlar, sabza-votlar, hoʻl mevalar, tvorog, kefir isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Ayol oʻz vaqtida davolanib istisqoning oldini olmasa, parhezga, dam olish va mehnat rejimiga rioya qilmasa, istis-qo nefropatiyaga oʻtib ketadi. Homila-dorlar nefropatiyasi odatda istisqodan keyin vujudga keladi. Nefropatiyaning asosiy belgisi shish va siydikda oqsil boʻlishidan iborat. Nefropatiyada homilaning rivojlanishi buziladi, u chala yoki oʻlik tugʻilishi mumkin. Nefropatiyada ayol kasalxonada davolanadi; oldi olinmasa, u osonlikcha preeklampsiyaga oʻtib ketadi. Preeklampsiyada ham nefropatiyadagi kabi shish, qon bosimining oshishi, siydikda oqsil boʻlishi bilan birga bemorning boshi qattiq ogʻriydi, koʻzi xiralashadi, koʻz oldida chivin uchayotganga oʻxshab koʻrinadi; koʻkrak ostida ogʻriq paydo boʻladi. Bosh ogʻrib, koʻz xiralashuvi miyada qon aylanishining jiddiy buzilganligidan dalolat beradi. Bemor vaqtida davolanmasa, pre-eklampsiya yanada ogʻirroq kasallik — eklampsiyaga aylanib ketadi.

Homiladorlik toksikozlariga kasallikning shakliga qarab davo qilinadi. Oldini olish uchun homiladorlik davrida gigiyenaga rioya qilish (toʻgʻri dam olish va mehnat qilish, bekamu koʻst ovqatlanish), ayollar maslahatxonasi nazoratida boʻlish, Homiladorlik toksikozlariga olib keladigan kasallikni oʻz vaqtida davolatish lozim.