Kontent qismiga oʻtish

Hoshim Shoyiq

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Hoshim Shoyiq
Mahmud Yoqub Muxlis ogʻli Hoshim
Tavalludi 1865-yil
Vafoti 1935-yil
Kobul
Kasbi Shoir, oʻqituvchi, elchi
Faoliyat yillari 1919 - 1935-yillar
Turmush oʻrtogʻi Robiya Ziyo
Bolalari Foyqa Yaqubzoda, Nazifa, Nafisa, Sojia
Salifa, Xolida

Hoshim Shoyiq yoki Hoshim Sheyx Yoqubov (1865-yil, Margʻilon — 1935-yil, Kobul) — shoir, oʻqituvchi, elchi, davlat va jamoat arbobi. Buxoro xalq shoʻrolar jumhuriyatining Tashqi ishlar noziri. Buxoroning Afgʻonistondagi elchisi.

1865-yili Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida tugʻilgan. Yoshligida oilasi bilan birga Buxoroga koʻchib kelgan. Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan. 1911-yilda Hoshim Shoyiqni „Tarbiyayi atfol“ jamiyati homiylik qilib Turkiyaning Istanbul shahriga oʻqishga yuborgan. Hoshim Shoyiq Istanbuldagi Pedagogika institutida aʼlo baholarda oʻqigan. Turkiyada oʻqishi tugaganidan soʻng Bir muddat Ozarbayjonning Boku shahrida yashab muallik qilib kun kechirgan.

1919-yilda Buxoroga qaytib kelgan. Oʻsha yillari safi kengayayotgan "Yosh buxoroliklar" harakatiga aʼzo boʻladi. Tez orada harakatning faol aʼzosiga aylanadi. Buxoroda amirlik hokimiyati agʻdarilgach, Buxoro xalq shoʻrolar jumhuriyatining Tashqi ishlar noziri[1] va Harbiy ishlar nozirining muovini (1921—1922) lavozimlarida ishlagan. 1922-yilning fevral oyiga kelib Buxoroning Afgʻonistondagi yangi elchisi etib tayinlangan. 1922-yilning oxirida u BXSR hukumati mamlakat hududidan Qizil armiya chiqarilib yuborilishiga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi maxfiy bitimni Afgʻoniston rahbariyati bilan imzolaydi[2]. Bu bitim mazmuni oshkor boʻlgach, xalqaro miqyosda katta shov-shuv kelib chiqadi. Buxoro xalq Sovet respublikasi vakolatxonasining kobulda mustaqil ish yuritishi RSFSR elchixonasi rahbarlari F. F. Rasolnikov, Suritsga maʼqul kelmaydi. Sovet Rossiyasining tazyiqi bilan 1923-yil 18-iyun kuni elchilik lavozimi tugatiladi. Shundan keyin, Hoshim Shoyiq Afgʻonistonda qolib, maorif vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Mahmud Yoqub Muxlis ogʻli Hoshim — Hoshim Shoyiq taxallusini qoʻllab oʻzbek va fors tillarida sheʼrlar yozgan. Sovetlarning Oʻzbekistondagi madaniyat, adabiyot va sanʼat sohasidagi olib borgan siyosatiga qarshi chiqqan. Oʻzbek mumtoz adabiyoti, jumladan, Alisher Navoiyning gʻazallarini buzib talqin etilishini qoralagan.

Hoshim Shoyiq tarix va adabiyotning chuqur bilimdoni boʻlib, uyida katta kutubxonasi boʻlgan. U Buxoroning zamonaviy shoirlari haqida kitob yozgan, sher’ar ijod qilgan. Amir Olimxonning oʻgʻli Said Mansur Olimiyning yozishicha, Hoshim Shoyiq 1935-yil 70 yoshida vafot etgan.

Hoshim Shoyiq Ozarbayjonda oʻqituvchilik qilgan paytlarida uylangan. Uning ozarbayjonlik xotinidan Foyqa Yaqubzoda ismli bir qizi bor. Oilasini Buxoroga olib kelish imkoniyati boʻlmagan. Ikkinchi marta Afgoʻniston hukmdori Omonullaxonning amakisi, Nasrullaxonning nevarasi Robiya Ziyoga uylangan. Robiya Ziyodan besh qiz, bir o‘g‘il farzand ko‘rgan. O‘g‘li yoshligida vafot etgan. Qizlari Nazifa Shoyiq, Nafisa Shoyiq, Sojia Shoyiq, Salifa Shoyiq va hamda Xolida Shoyiqlardir. Nafisa Shoyiq otasi kabi ilmli boʻlgan. U xotin qizlar bilim yurtini bitirgan. Shundan so‘ng, ayolar jamiyatiga ishga kirib „Mirman“ (Ayollar) nomli jurnalga asos solgan. Nafisa Shoyiq jurnalist va huquqshunos olim Abdulhamid Muborazga turmushga chiqqan va u bilan Fransiyaga koʻchib ketgan. 1994-yil Parijda vafot etgan. Undan bir qiz va ikki o‘g‘il qolgan. Kichik qizi Xolida Shoyiq, Afgʻoniston Sog‘liqni saqlash vaziri, doktor Muhar Mahmud A‘joziyga turmushga chiqqan va hozir oilasi bilan Kobul shahrida yashaydi. Boshqa uch qizi Nazifa Shoyiq Majidiy, Sojia Shoyiq Sulaymon, Salifa Shoyiq Ismoilzoda ham o‘z oilasi bilan Kobulda yashaydi[3].

  1. Sherali TURDIEV „ZAKI VALIDI TUG’ON VA «XOTIRALAR» HAQIDA“. kh-davron.uz. Qaraldi: 25-iyun 2023-yil.
  2. Zuhriddin Junayev „BUXORO XALQ SOVET RESPUBLIKASINING TASHQI IQTISODIY ALOQALARI“. ILMIY AXBOROTNOMA. Qaraldi: 25-iyun 2023-yil.
  3. Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy. Qomusiy olim ustoz Hoshim Shoyiq afandi hayotidan lavhalar. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2021 — 12-bet. ISBN 821.512.133-94 J 84.