Kontent qismiga oʻtish

Huquq layoqati

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Huquq layoqati- huquqiy munosabat ishtirokchilarining maʼlum huquqlarga ega boʻlish va shunga yarasha majburiyat (burch) ola bilish layoqati. Fuqarolik huquq va burchlariga ega boʻlish fuqarolik huquq layoqati demakdir. Barcha fuqarolar, shuningdek, yuridik shaxslar huquq layoqatida tengdirlar.

Huquq layoqati huquqning fuqarolik huquqi sohasida koʻp uchraydi. Fuqaroning huquq layoqati odatda, u tugʻilganida vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi. Baʼzan Huquq layoqati bola tugʻilmasdan ham vujudga keladi. Meros huquqiga koʻra, ochilajak merosda homilaning ham Huquq layoqati yotadi. Fuqarolik qonunchiligi boʻyicha, fuqarolarning huquq layoqati mulk huquqi asosida mol-mulkka ega boʻlish; mulkni meros qilib olish va vasiyat qilib qoldirish; bankda jamgʻarmaga ega boʻlish; tadbirkorlik, dehqon, fermer xoʻjaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qoʻyilmagan boshqa faoliyat bilan shugʻullanish; yollanma mehnatdan foydalanish, mustaqil ravishda yoki boshqa fuqarolar va yuridik shaxslar bilan birgalikda yuridik shaxslar tashkil etish; qonunga zid boʻlmagan har qanday bitimlar tuzish va majburiyatlarda qatnashish; boshqa shaxslar tomonidan yetkazilgan zararning toʻlanishini talab qilish; mashgʻulot turini va yashash joyini tanlash; fan, adabiyot va sanʼat asarlarining, ixtirolarning, qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega boʻlishda oʻz ifodasini topadi.

Yuridik shaxslar oʻz taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyat maqsadlariga muvofiq huquq layoqatiga ega boʻladilar. Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilib, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi va u tugatilgan paytdan eʼtiboran tamom boʻladi. Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning oʻz ustavi, nizomi yoki qonun hujjatlari bilan belgilanadi.