Kontent qismiga oʻtish

Huquq normasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Huquq normasi - davlat tomonidan belgilanadigan, muayyan shaklda ifodalanadigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy yurish-turish qoidasi. Huquq normasi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, huquq manbaining boshqa turlari shaklida namoyon boʻladi. Huquq tarmoqlariga bogʻliq holda maʼmuriyhuquqiy, jinoiy-huquqiy huquq normalari, mehnat, ekologiya, xalqaro, konstitutsiyaviy, xoʻjalik va huquqning boshqa tarmoqlariga oid huquq normalari farqlanadi. Amal qilish vaqtiga koʻra, doimiy (rasmiy bekor qilingunga qadar amal qiladigan) va vaqtinchalik (faqat muayyan vaqt oraligʻida amalda boʻluvchi) Huquq normasi boʻladi. Huquq normasi amal qilish hududiga qarab, umumiy va mahalliy normalarga boʻlinadi, bunda birinchisi butun mamlakat hududida amal qilsa, ikkinchisiga kiradigan normalar maʼlum hududlarda amal qilishi mumkin. Huquq normasi subʼyektlariga qarab, umumiy va maxsus normalarga ajraladi, bunda birinchisi hamma huquq subʼyektlari uchun, ikkinchisi esa, aholining muayyan guruhi yoki aniq belgilangan doiradagi subʼyektlar (pensionerlar, nogironlar, ichki ishlar xodimlari va shahrik.) uchun taalluqli boʻladi. Bulardan tashqari, Huquq normasini boshqa qator mezonlar asosida tasniflashlar ham mavjud.

Huquq normasi oʻz ichki tuzilishiga ega boʻlib, 3 qismdan iboratdir: gipoteza, dispozitsiya, sanksiya. Gipotezada Huquq normasida belgilanadigan qoida qanday sharoitda va holatda kim tomonidan amalga oshirilishi koʻrsatiladi. Dispozitsiyada gipotezada koʻrsatilgan hollardagi munosabatlar ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari ifodalanadi. Sanksiya dispozitsiyada koʻrsa-tilgan qoidani buzgan shaxsga nisbatan davlat organi qoʻllashi mumkin boʻlgan taʼsir chorasini belgilaydi. Konstitutsiyaviy normalar 3 qismdan emas, asosan gipoteza va dispo-zitsiyadan iborat boʻladi. Jinoiy va maʼmuriy javobgarlikni koʻzda tutuvchi normalar esa — asosan dispozitsiya va sanksiyadan iborat boʻladi (mas, Jinoyat va maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarning maxsus qismi normalari).