Kontent qismiga oʻtish

I-Szin

Vikipediya, erkin ensiklopediya

I-Szin („Oʻzgarish kitobi“) — qadimgi xitoyliklarning metafizik tasavvurlari oʻn qismga (shu sababli uning ikkinchi nomi „Oʻn qanot“dir) boʻlgan holda ifodalangan va sharxlar bilan toʻldirilgan futurologik maʼlumotlar majmui. U sakkizta trigramma (uchta ketma-ket kelgan ramzlar guruhi) ga asoslangan boʻlib, gorizontal va vertikal shaklda tashkil topgan va undagi maʼlumotlar afsonaviy imperator Fu Si (m.a. 3-mingyillar)ga tegishli hisoblanadi. Trigrammadagi yaxlit chiziq — yan, yaʼni ijobiy faol kuchni hamda ayri chiziq — in, yaʼni salbiy passiv tabiat kuchini ifodalaydi, qolgan chiziqlar yuqoridagi ikki kuchning oʻzaro taʼsir belgisi sanalgan. Trigrammalar xoshiyasidagi sharxlarda konfusiylik nuqtai nazaridan tabiatga munosabat tarzi bayon qilinib, unda inson hayoti tabiat qonunlariga monand ekanligi qayd etilgan.

„I-Szin“ trigrammalari xalq orasida astrologik ahamiyat kasb etib, u orqali xitoyliklar yil fasllari va umuman, kelgusi hayotlaridagi oʻzgarishlar haqida tasavvurga ega boʻlib borishgan. „Shi-Szin“ („Qoʻshiqlar kitobi“) — qariyb 3000 ga yaqin qoʻshiqlarni qamragan konfutsiylik toʻplami. U toʻrt qismdan iborat: go-fin — davlat odatlari; syao-ya — kichik qasidalar; da-ya — katta qasidalar; sun — madxdyalar. Imperator Sin Shi-xuandi tazyiqi ostida yoqib yuborilgan „Shi-szin“ning aksariyat qismi xan davri olimlari tomonidan ogʻzaki anʼanalar boʻyicha tiklangan. Mutaxassislar fikricha, „Shi-szin“ xitoy taʼlim-tarbiya tizimining asosini tashkil qiladi. „Shu-szin“ („Tarix kitobi“) — xitoy xalqining shakllanishi va uning qadimgi tarixi afsonaviy obrazlar orqali ifodalangan epik asar. Shuningdek, unda Xitoyning qadimgi tarixiga (mil.av. 2357-627 yy.) oid maʼlumotlar aks etgan boʻlib, ulardan aksariyatini Konfutsiy tahrir qilib tartibga keltirgan. Ushbu kitob ideal hukumat tizimi haqidagi munozaralarga toʻla boʻlgani uchun xitoyliklar tomonidan yuksak baholanadi. Bundan tashqari, unda insoniyat kelajagi bilan bogliq bashoratomuz maʼlumotlar qayd etilib, shulardan biri imperator Yao davridagi (mil. av. 2293 y.) singari kelgusida butun yer yuzi suv ostida qolishi haqida xabar berilgan. „Li szi“ („Xulq-atvor qoidalari haqidagi risola“) — ijtimoiy aloqalar va diniy marosimlarni tartibga soluvchi, konfutsiylik nuqtai nazardan, qadimgi hukmdorlar misolida ideal boshqaruv tizimi toʻgʻrisida hikoya qiluvchi asar. U Chjou sulolasi marosimlari hamda boshqa urf-odatlar va musiqaga doir muxtasar maʼlumotlar asosida Konfutsiy vafotidan soʻng yuzaga kelgan. „Chunsyu“ („Bahor va kuz“) — mil.av. 722-483 yillar davomida amalda boʻlgan Lu knyazligi solnomasi. Tahminlarga koʻra, u Konfutsiy qalamiga mansub, lekin undagi voqealar Konfusiy vafotidan keyingi davrga taalluqligi bilan mazkur maʼlumot oʻz tasdigʻini topmagan[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 236.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.