Kontent qismiga oʻtish

Iroq va Shom Islom Davlati

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(IShIDdan yoʻnaltirildi)

Iroq va Shom Islom Davlati (ISHID) (baʼzan Iroq va Suriya Islom Davlati deb tarjima qilinadi) — sunniy, ekstremist, jihodchi, oʻzini xalifalik deb eʼlon qilgan jangari guruh, sobiq tan olinmagan davlat. Guruh oʻzini Islomiy Davlat (ID) deb nomlaydi va arabcha Daʿish qisqartmasi bilan ham maʼlum.

ISHID 2014-yilning boshida Iroqning gʻarbida joylashgan muhim shaharlardagi davlat harbiy kuchlarini siqib chiqardi. Suriyada esa ham davlat kuchlari, ham Suriya fuqarolar urushida ishtirok etayotgan guruhlar bilan jang qildi. Iroqda katta hududni bosib olganidan keyin, guruh 2014-yil iyun oyida Abu Bakr Al-Bagʻdodiy boshchiligida xalifalik oʻrnatilganini eʼlon qildi. 2017-yilning noyabriga kelib guruh egallab olgan deyarli barcha hududlarni qoʻldan boy berdi. Iroq qurolli kuchlari „Dajla amiri“ laqabli «Islomiy davlat» terroristik guruhi rahbarlaridan birini qo‘lga oldi. Iroq markazidagi mamlakat qurolli kuchlari topshiriq paytida terrorchining izini topishga va pistirma o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan[1].

Iroqdagi ildizlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

ISHIDning tomirlari 2003-2011-yilgi Iroq urushiga borib taqaladi.[2] Guruhning toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtmishdoshi boʻlmish Iroqdagi Al-Qoida (IAQ) Iroq hukumatiga va boshqa chet ellik kuchlarga qarshi boʻlgan isyonda muhim rol oʻynadi. Abu Musab al-Zarqavi boshchiligida IAQ mojaro davomida sodir etilgan eng mudhish hujumlarni amalga oshirdi. 2006-yil Zarqavining oʻlimidan keyin guruh bir necha kichik ekstremist guruhlar bilan birlashdi va oʻzini Iroq Islom Davlati (IID) deb qayta nomladi. Bu oʻzgarish guruhning keng hududlarni bosib olish va jahon islom jamiyatiga yetakchilik qilish niyatida ekanligini koʻrsatdi.

2007-yilga kelib boʻlsa gʻarbiy Iroqdagi bir necha sunniy aymoqlar guruhga qarshi chiqqanidan keyin uning faoliyati sezilarli darajada cheklandi. Bu oʻzgarishlarga IID jangchilarining egallangan yerlardagi mahalliy aholiga qilgan shafqatsiz muomalasi va sunniy aymoq boshchilarining isyonlarda qatnashmaslik uchun mablagʻ bilan taʼminlanishi sabab boʻldi. Bundan tashqari, IAQ/IIDning bir necha boshchisi AQSh va Iroq kuchlari tomonidan oʻldirilishi ham guruhni kuchsizlantirdi. 2010-yil guruh boshiga janubiy Suriyada joylashgan va AQSh boshqarib turgan qamoqxonada besh yil oʻtirib chiqqan jangchi Abu Bakr Al-Bagʻdodiy keldi.

Iroq siyosatida diniy guruhlarga boʻlgan munosabat, xususan Nuri al-Maliki hukumati tomonidan Al-Qoida va Baʼs tuzumining qoldiqlari bilan kurashish niqobi ostida sunniylarning repressiya qilinishi gʻarbiy Iroqda ektremizm uchun sharoit yaratdi. 2011-yilga kelib sunniylar noroziligining kuchayishi va chet ellik harbiylarning mamlakatni tark etishi IAQ/IID yana tiklanishiga imkon yaratdi. Sunniy ekstremistlar tomonidan uyushtirilgan portlatishlar soni yana bir bor koʻpaydi.

Suriyadagi janglar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2011-yil Suriya Prezidenti Bashshor Asadga qarshi gʻalayon sifatida boshlangan Suriya fuqarolar urushi IAQ/IID uchun yangi imkoniyatlarni yaratdi. Guruhning jangchilari osonlikcha Iroqdan sharqiy Suriyaga oʻtishdi. 2012-yilning oxiriga kelib harbiy muxolifatning oʻzagi boʻlib kelgan va asosan dunyoviy guruhlardan tuzilgan toʻda oʻzaro kelishmovchiliklar va charchoq sabab kuchsizlana boshladi. Islomiy kuchlar boʻlsa aksincha kuchaya boshladi. Bular orasida mahalliy islomiy jangchi guruhlar birlashmasi boʻlmish Islomiy Front, Al-Qoidaning markaziy boʻlimi bilan aloqador va Ayman al-Zavahiri boshchiligidagi Nusrah Fronti hamda Abu Bakr Al-Bagʻdodiyni qoʻllab-quvvatlovchi jangchilar bor edi. 2013-yil aprel oyida Bagʻdodiy oʻzining Suriya va Iroqdagi kuchlarini Nusrah Fronti bilan Iroq va Shom Islom Davlati (ISHID) nomi ostida birlashtirish niyatida ekanligini eʼlon qildi. Nusrah Fronti bunga qarshi chiqdi. Natijada ikki guruh orasidagi asosan jangchi yollash boʻyicha boʻlgan bellashuv avj oldi va pirovardida ikki tomon ochiqchasiga jang qila boshladi.

ISHID davlat boshqaruvidan ancha avval chiqib ketgan sharqiy hududlarni tezlik bilan egallab oldi. Guruh markazida Raqqa shahri joylashgan oʻzi bosib olgan hududda qatʼiy va talabchan shariat oʻrnatdi. Guruh janglarda erishgan yutuqlari, oʻz dushmanlariga va guruhga koʻra islomiy qonun-qoidalarni buzganlarga qilgan vahshiy muomalasini koʻrsatib oʻzini targʻibot qildi. Bu targʻibot Iroq va Suriya tashqarisidan koʻplagan radikal kishilarni jalb qilgani aytildi, ammo ularning aniq soni nomaʼlum qoldi. ISHID yana sharqiy Suriyadagi neft zavodlari kabi muhim insfrastrukturani egallab oldi. Bu zavodlar yordamida guruh qora bozorda neft sotib foyda koʻrdi.

Oʻzbekistonlik jangarilar ham guruh safida jang qilayotgani haqida xabarlar tarqatildi.[3] Bular orasida ISHID targʻiboti bilan shugʻullanganlar ham borligi aytildi.[4] Oʻzbekiston Islomiy Harakati boʻlsa Islomoy Davlatni qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi.[5]

Kengayishi va xalifalik eʼlon qilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

ISHID oʻzi uchun markaz qilib olgan Raqqa shahridan boshqa hududlarga qarab kengaydi va Suriya va Iroqda bir necha muvaffaqiyatli hujumlarni uyushtirdi. 2014-yil yanvar oyida guruh asosan sunniylar yashaydigan Falluja va Ramadi shaharlarini bosib oldi. Bundan keyin ISHID jangchilari hukumat harbiylarini hayratda qoldirib shimolga qarab yurish qildi. Iyun oyida Iroqning ikkinchi eng yirik shahri boʻlmish Mosul shahrini qarshiliksiz egalladi. ISHID olgʻa siljir ekan, ijtimoiy axborot vositalari yordamida oʻz jangchilarining qoʻlga olingan Iroq askarlarini qatl qilganini koʻrsatuvchi surat va videolarni tarqatdi.[6]

2014-yil iyun oxirida guruh oʻzi bosib olgan hududda xalifalik eʼlon qilingani va Bagʻdodiy uning xalifi ekanligi haqida audioyozuvni tarqatdi.[7] Oʻsha eʼlondan keyin guruh oʻzini shunchaki Islomiy Davlat deb atay boshladi. Guruhning butun dunyodagi musulmonlarga yetakchilik qilish haqidagi iddaolarini boshqa musulmon guruhlar tan olmadi.

ISHIDning Iroqda juda tez kengayishi xalqaro jamiyatni tashvishga soldi va Bagʻdodda Malikining agʻdarilishi bilan yakunlangan siyosiy krizisga olib keldi. Xalqaro aralashuvga chaqiruvlar kuchaydi va 8-avgustda AQSh ISHIDning Iroqdagi avtonom kurd hududiga bostirib kirishining oldini olish uchun havo hujumlarini boshladi. Hujumlar ISHIDning yanada kengayishining oldini oldi, ammo ular guruhni allaqachon egallab olingan yerlardan chiqara olmadi.

ISHID dahshatli va provakatsion targʻibot qilishda davom etdi. Avgust va sentabr oylarida gʻarbiy jurnalistlar va yordam ishchilarining ISHID jangchilari tomonidan boshi olingani tasvirlangan videolar tarqatildi. Bu tasvirlar ISHIDning global xavf ekanligi haqidagi qoʻrquvlarni kuchaytirdi. 23-sentabrda AQSh Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahreyn va Saudiya Arabistonidan iborat koalitsiyaga bosh boʻlib oʻzining havo hujumlarini Suriyaga kengaytirdi.

  1. „Ироқда «Дажла амири» лақабли ИШИД раҳбарларидан бири қўлга олинди“. Bugun.uz. 2021-yil 19-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 2-aprel.
  2. „Islamic State in Iraq and the Levant (ISIL)“ (English). Encyclopædia Britannica. Qaraldi: 27-oktyabr, 2014.
  3. „Ekspert: „Islomiy davlat“ saflaridagi markaziy-osiyoliklar oʻz mamlakatlari uchun muammoga aylandi“. Ozodlik radiosi (20-oktyabr, 2014). Qaraldi: 30-oktyabr, 2014.
  4. „Suriyadagi oʻzbek jangarilari „Islomiy davlat“ reklamasi bilan shugʻullanmoqda“. Ozodlik radiosi (27-oktyabr, 2014). Qaraldi: 30-oktyabr, 2014.
  5. „Ekspert: „Oʻzbekiston Islomiy Harakati „Islomiy Davlatni“ dastaklaydi““. Bi-Bi-Si (30-sentabr, 2014). Qaraldi: 30-oktyabr, 2014.
  6. Islomov, Shahzod „Axborot kurashida jihodchilarni qanday engish mumkin?“. 14-oktyabr, 2014. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita. 2014-yil 5-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 5-noyabr, 2014. (Wayback Machine saytida 2014-11-05 sanasida arxivlangan)
  7. Withnall, Adam „Iraq crisis: Isis changes name and declares its territories a new Islamic state with 'restoration of caliphate' in Middle East“ (English). The Independent (29-iyun, 2014). Qaraldi: 29-iyun, 2014.