Ijtimoiy moslashuv
Ijtimoiy moslashuv — individning ijtimoiy muhitga doimiy faol moslashish jarayoni va bu jarayonning natijasi. I.m. uzluksiz xususiyatga ega ekanligiga qaramasdan, uni, odatda, individning oʻz faoliyatini va oʻzini oʻrab turgan ijtimoiy davrasini tubdan oʻzgartirish davrlari bilan bogʻlaydilar. Moslashish jarayonining ijtimoiy muxitga faol taʼsir etish koʻrinishi va muhitdagi maqsad va qadriyatlarni kelishuvchanlik bilan, passiv qabul qilish koʻrinishi boʻladi. I.m. shaxs ijtimoiylashuvining asosiy ijtimoiy-psixologik omillaridan biridir. I.m.ning samaradorligi koʻp jihatdan individ oʻzini va oʻzining ijtimoiy aloqalarini qanchalik oʻxshash (adekvat) anglashiga bogʻliq. Oʻzi toʻgʻrisidagi ijtimoiy tasavvurning notoʻgʻriligi yoki yetarlicha emasligi I.m. ning buzilishiga olib keladi, bu holat (voqelik) ning eng ayanchli koʻri-nishi autizm (individning atrofdagilar bilan muloqot qilishdan qochib, oʻzining ichki kechinmalari dunyosiga gʻarq boʻlishi) dir. I.m. muammosi jahon psixologiyasida psixoanaliz, autizm, deprivatsiya kabi ilmiy yoʻnalishlarda tadqiq etib kelinadi. Bunda asosiy eʼtibor moslashuvning buzilishiga (ruhiy sohadagi buzilishlar, begonalashish, apatiya, alkogolizm, giyohvandlik va b.) va uni tuzatish (korreksiyalash) ning psixoterapevtik uslublariga, autotrening, sotsiotrening vositalariga yoʻnaltiriladi. Muhitga shaxsning kirishib ketishi uning xulqi, faoliyati, muomalasi orqali sodir boʻlsa moslashishning mukammalligi vujudga keladi. Shaxsning katta yoki kichik guruxlar muhitiga moslashishi i.ch. samaradorliginioshiradi, taʼlim-tarbiya jarayonini yaxshilashga yordam beradi.
Ergash Gʻoziyev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |