Kontent qismiga oʻtish

Ikki eshik orasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ikki eshik orasi

Romanning 2018-yilgi nashri
Muallif(lar) Oʻtkir Hoshimov
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i roman
Nashr etilgan sanasi 1985

Ikki eshik orasi“ – oʻzbek yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov qalamiga mansub roman. Asar Oʻtkir Hoshimov merosining asosiy oʻrinlardan birini egallaydi[1]. Roman ilk marotaba 1985-yilda chop etilgan.

Asarda insonlar taqdiri va inson umrining murakkabligini mahorat bilan tasvirlangan. Adib, birinchi navbatda, tinchlikka rahna solgan urushni tilga oladi. Ayniqsa, urush voqeligining har bir ota-ona qalbini jarohatlagani, koʻngillariga ozor yetkazgani romanning umuminsoniy pafosini tashkil etadi. Adib qalamga olgan obrazlari oddiy odamlarning fazilatlari – mardligi, matonati, vatanparvarligi va sabr-bardoshi haqida soʻzlaydi. Tajribali yozuvchi roman hodisalarini teran oʻrgangani uchun har bir epizod oʻquvchini qalbiga jiddiy taʼsir qiladi. Asarda tasvirlangan hayot manzaralari, insonlararo munosabatlar shuningdek, yozuvchining oʻziga xos badiiy uslubi juda tabiiy hamda samimiyligi bilan ajralib turadi. Yetti qism, qirq yetti bobdan tarkib topgan roman kompozitsion qurilishi jihatidan ham oʻziga xosligi bilan ajralib turadi[2]. Undagi voqea-hodisalar bayonida qatnashgan toʻqqizta personaj hikoyalarini adib bir-biriga ustalik bilan bogʻlagan.

„Ikki eshik orasi“ romanidagi Orif oqsoqol, Husan Duma, Komil tabib kabi obrazlarni yoritib bergan. Ayniqsa, Orif oqsoqol obrazi romanga koʻrk bagʻishlaydi. Uning insonparvarligi, odamlar orasida qozongan obroʻ-eʼtibori, eng ogʻir damlarda qiyinchiliklarni yengib oʻtishga kuch topishi bilan oʻquvchi xotirasiga muhrlanadi. U donishmand, tajribali, hayotning achchiq-chuchugini tatib koʻrgan oʻzbek qariyalariga oʻxshab har bir ishda tashabbuskorlikni oʻz qoʻliga oladi. Shu bilan birga asarda Robiya ismli ayol qahramon ham mavjud.

Oʻtkir Hoshimov oʻz romani haqida va shu orqali dilidagi soʻzlarni ham aytib oʻtgan:

„Rost bilan yolgʻonning oʻrtasi — toʻrt enlik“, degan gap bor. Qiziq, nega endi oz emas, koʻp emas, toʻrt enlik? Gap shundaki, koʻz bilan quloqning orasi — toʻrt enlik ekan. Eshitganingga emas, koʻrganingga ishon … Maqsad — shu. Bu kitobdagi koʻp odamlami oʻzim koʻrganman. Koʻplari bilan gaplashganman. Baʼzilarining oʻzi bilan, baʼzilarining … ruhi bilan … Baʼzilari nimani gapirgan boʻlsa, shuni qogʻozga tushirdim. Baʼzilari nima gapirganini emas, nima oʻylaganini yozishga majbur boʻldim.(Nachora, hamma rost gapiravermaydi. Ammo yolgʻon gapirayotgan odam ham ichida, baribir rostini oʻylaydi.) Xullas, bu savdolar koʻp yillar davomida koʻp kishilaming boshidan kechgan. Ular ustidan hukm chiqarish — sizlarga havola … Tilimning uchida turgan yana bir andishani aytmasam boʻlmaydi. Ehtimol, siz bu kitobda foje koʻpayibroq ketmadimikin, degan xayolga borarsiz. Nachora, avvalo hayot — nuqul bayramdan iborat emas. Urush esa oʻyin emas. Ikkinchi jahon urushi ellik million odamning uvoliga qoldi. Shundan yigirma millioni bizning odamlar edi. Eng aziz, eng asl kishilarimiz. Qolaversa, urush faqat okopdagi jangchilarning joniga chang solib qolmadi. Minglab chaqirim naridagi odamlami ham sinovdan oʻtkazdi. Mushkul damlarda iymonini, insonligini saqlab qolgan ota-onalarimiz, aka-opalarimizning hayoti bugungi zamonda bizga oʻrnak boʻlsa ne ajab![3]