Ipakchilik sanoati
Ipakchilik sanoati - yengil sa-noat tarmoqlaridan biri. Asosan, tabiiy va sunʼiy ipak tolasi, yigirilgan ipak, sintetik hamda har xil tabiiy va sunʼiy tolalar birikmasidan ipak (shoyi) gazlamalar toʻqib chiqaradi. Pilla chuvish (tortish), uning losidan ipak yigirish va toʻqilgan gazlamalarni pardozlash ham I. s.ga kiradi.
Oʻzbekistonda ipakchilik tarmogi teran tarixiy ildizlar va anʼanalarga ega. Ipak qurti boqish va uning pil-lasidan tola olish, ipak gazmollar toʻqish dastlab Xitoyda vujudga kelgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, ipak qurti boqish 4-asrda Xitoydan Buyuk ipak yoʻli orqali hozirgi Oʻzbekiston hudu-diga tarqalgan. Samarqand, Buxoro, Xoʻjand, Qoʻqon, Margʻilon, Namangan kabi shaharlarda ishlab chiqarilgan turli-tuman shoyi gazlamalar mashhur boʻlgan. Shoyi gazmollar Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga chiqarilgan.
19-asrning 2-yarmidan boshlab Oʻrta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olinganidan soʻng 1867-yildan boshlab Margʻilon, Qoʻqon, Toshkent, Xoʻjand sh.larida dastlabki ipak kalavalash fabrikalari qurildi. Masalan, Oʻzbekistonga bi-rinchilardan boʻlib kelgan rus sanoatchisi I. I. Pervushin 1871-yilda Toshkentda araq va vino zavodi bilan birga pillakashlik fabrikasi ham qurdi. Lekin ipak gazlamalarning asosiy qismi maqalliy hunarmandlarning ustaxona (doʻkon)larida ishlab chiqarilar edi (mas, 19-asr oxirida Margʻilonda 120, Qoʻqonda 49 ta shoyi toʻqish ustaxonalari ishlagan). Pilladan yarim kustar holda (qozonlarda qaynatib) qoʻl charxlarida ipak (11,8 kg pilladan 1 kg ipak) olingan, qoʻlda boʻyalgan ipakdan atlas, adras, bekasam, olacha, turli abrli gazlamalar, baxmal, parcha qoʻl dastgoqlarida toʻqilgan. 1913-yilda Oʻzbekistonda qariyb 4 ming t pilla yetishtirilgan, uning aksariyat qismi rus ishbilarmonlari qoʻliga oʻtib, ipak olish uchun Italiya va Fransiyaga joʻnatilgan.
1921-yilda Oʻzbekistonda Fargʻona sh.da birinchi 56 qozonli pillakashlik fabrikasi ishga tushirildi. 1927—32 yillarda Samarqand, Buxoro, Margʻilon sh.larida ham pillakashlik fabrikalari qurildi. Ayni paytda pillakashlik fabrikalarida olingan ipak toladan shoyi toʻqish ham rivojlandi. Margʻilon atlas (1925), Namangan abrli gazlamalar (1925), Margʻilon shoyi (1928), Samarkand shoyi (1934) kombinatlari, Qoʻqon shoyi toʻqish fabrikasi (1926) ishga tushirildi. 1937-yilga qadar shoyi gazlamalar tabiiy ipakdan tayyorlanar edi. Kimyo sanoatining rivojlanishi natijasida sunʼiy ipak gazlamalar toʻqish ham keng ta-raqqiy etdi. 1940-yilga kelib Oʻzbekistondagi pillachilik fabrikalarida 9833 t pilla qayta ishlanib, shoyi gazlamalar ishlab chiqarildi.
1940—70 yillarda respublikada pilla yetishtirish deyarli 3 baravar koʻpaydi, I. yeda yuqori oʻsish surʼatlariga erishildi. 1966-yilda yiliga 45 mln. m ipak gazlama ishlab chiqaradigan Namangan shoyi va kostyumbop gazlama kti ishga tushirildi, viloyatlar shaharlarida kombinatlar filiallari ochildi, ishlab turgan korxonalar kengaytirildi va rekonstruksiya qilindi. Ayni paytda I. s. korxonalari shoyi gazlamalar turlarini i. ch. boʻyicha ixtisoslashdi, korxonalarda krepdeshin, krepshifon, krepjorjet, ipakdan milliy gazlamalar: atlas, xonatlas, bekasam, shoyi, shuningdek, plashbop, kostyumbop, astarbop gazlamalar, shtapel, viskoza va aralash tolalardan kiyim-kechak tikiladigan gazlamalar, tukli va jakkard gazlamalar, sunʼiy iplardan abrli gazlamalar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi, I. s. mahsulotlari chet ellarga eksport qilindi.
1980-yilga kelib Oʻzbekistonda ipak ip i. ch. 1711 t ni tashkil etdi, 113,8 mln. m2 shoyi gazlamalar ishlab chikarildi, 1990-yilda esa 32824 t ipak kurti pillasi tayyorlandi, I. yeda 2522 t ipak ip, 144,2 mln. m2 shoyi gazmollar ishlab chikarildi, 1991-yilda respublikada rekord xreil — 33,8 ming t pilla tayyorlandi.
Respublika mustaqillikka erishgandan keyin respublika hukumati I. s.ni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor berdi. Anʼanalar va ming yillik tajribalar negizida Oʻzbekistonda zamonaviy yangi ipakchilik indust-riyasini yaratish yoʻli belgilandi. 1993-yildan pilla yetishtirish davlat buyurtmasidan chiqarilib, uni xarid qilish kelishilgan narxlar asosida olib boriladigan boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning 1998-yil 30 martdagi "Respublikada pil-lachilik sohasini boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida" Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Va-zirlar Mahkamasining 1998-yil 3 aprel
dagi "Respublika pillachilik sohasini boshqarishni takomillashtirish choratadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga koʻra mustaqil "Oʻzbek ipagi" uyushmasi tashkil etildi. Uning tarkibiga ipakli va aralash gazlamalar ishlab chiqaradigan shoyi toʻqish korxonalari, shuningdek, tabiiy shoyi i. ch. va qayta ishlash boʻyicha Markaziy ilmiy tadqiqot institutini ("Shoyi" tadqiqot instituti, Mar-gʻilon) oʻz ichiga oladigan "Shoyi" aksiyadorlik kompaniyasi hamda pilla xom ashyosi, ipak kalava ishlab chiqaradigan pillakashlik korxonalari, ipak qurti tayyorlanadigan zavodlar, ipak qurti naslchilik xoʻjaliklari, xom pillani qabul qilish va dast-labki ishlov berish korxonalari, tutchilik xoʻjaliklari, Oʻzbekiston ipakchilik ilmiy tadqiqot institutini oʻz ichiga oladigan "Pilla xolding" xolding kompaniyasi kiradi.
Pilla xom ashyosini respublikaning oʻzida qayta ishlanishini taʼminlash maqsadlarida 2000-yil fevral oyida Oʻzbeki ston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan pilla xom ashyosi, ipak chiqindilari va ipak ipni res-publikadan chetga chiqarishga chek qoʻyildi.
1995-2000-yillarda I. s.ga chet el investitsiyalarini jalb qilish, ipak ashyosini qayta ishlash, jahon bozorida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chikarish va uni eksport qilishni koʻpaytirish boʻyicha muhim ishlar amalga oshirildi. "Pilla xolding" xolding kompaniyasi tarkibida 7 qoʻshma korxona: "Silk Road" Oʻzbekiston— Yaponiya (Namangan), "Kumush" Oʻzbekiston—Britaniya (Shahrisabz), "Silk indiastrz Ko" Oʻzbekistan—Vyetnam (Toshkent), "Tonmen" Oʻzbekistan— Janubiy Koreya (Toshkent viloyati), "Xadan" Oʻzbekiston—Xitoy (Buxoro), "Silk star" Oʻzbekistan—Singapur (Samarqand viloyati), "Buxoro—Kvashen" Oʻzbekiston—Xitoy qoʻshma korxonalari tashkil etildi. 2000-yilda "Kumush" aksiyadorlik jamiyati aksiyalari paketini Buyuk Britaniyaning "Carthill invest ment" kompaniyasi 565 ming AQSH dollariga sotib oldi. "Oʻzbek ipagi" uyushmasi tarkibida 10 pillakashlik korxonasi — "Atlas" (Namangan), "Buyuk ipak yoʻli" (Fargʻona), "Buxoro ipagi" (Buxoro), "Buloqboshi ipagi" (Andijon viloyati Buloqboshi sh.), "Ipakchi" (Namangan viloyati, Uychi sh.), "Kumush" (Shahrisabz), "Tola" (Toshkent), "Turon shoyi-si" (Margʻilon), "Xorazm ipagi" (Urganch), "Hujum" (Samarqand) aksiyadorlik jamiyatlari; 7 shoyi toʻqish korxonasi — "Alisher Navoiy" (Margʻilon), "Atlas" (Namangan), "Izboskan shoyi toʻqish fabrikasi" (Andijon viloyati Poytug sh.), "Qoʻqon shoyiatlas toʻqish", "Margʻilon ipak gazlamasi", "Musaffo" (Samarkand), "Turon shoyisi" (Margʻilon) aksiyadorlik jamiyatlari ishlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi ipak kurti pillasi yetishtirish hajmi boʻyicha jahon mamlakatlari orasida Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Braziliyadan keyin 5-oʻrinda turadi. Tarmoq korxonalarida 30 mingga yaqin kishi ishlaydi (2000). Mamlakatda 2000-yilda 18,9 ming t pilla, I. s. korxonalarida 1200,3 t ipak ip, 95 t ipak kalava tayyorlan-di, 5,336 mln. m2 shoyi gazlamalar ishlab chiqarildi. Chet mamlakatlarda shoyi gazlamalar, ayniqsa sintetik va sunʼiy ipak tolalaridan gazlamalar ishlab chiqarish boʻyicha AQSH, GFR, Yaponiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya yetakchi mavkeda turadi. Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Jan. Yevropa mamlakatlari va Braziliyada ipak qurti pillasidan ipak olish va ipak gazlamalar i. ch. taraqqiy etgan (yana q. Yengil sanoat, Pillachilik).
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Razvadovskiy V. N., Opit issledovaniya kustarnix promislov v Turkestanskom kraye, T., 1916; Xafizov N. R., Shelkovodstvo Sredney Azii, T., 1969; Shyolk Oʻzbekistana (Sb. statey), T., 1971.
Abdumannop Ahmadaliyev, Nuriddin Musayev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |