Kontent qismiga oʻtish

Ipakchilik stansiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ipakchilik stansiyasi, pillachilik stansiyasi — ipak kurti zotini yaxshilash va elita tuxumlar yetishtirish bilan shugʻullanadigan muas-sasa. Elita tuxum tayyorlashning 3 yillik sxemasi ishlab chiqilgan. Birinchi yili eng yaxshi qurt tuxumlari alohida tanlanib, ulardan chiqqan qurtlar boqiladi va superelita hamda elita pillalar ajratilib, tuxumlari olinadi; ikkinchi yili superelita xoʻjaliklarida shu tuxumlar ochiriladi va qurt boqiladi, olingan pillalar superelita sexiga topshiriladi. Bu sexda qurtlari bir tekisda rivojlangan, hosili va sifati yaxshi pillalardan superelita tuxum tayyorlanadi. Uchinchi yili superelita tuxumlardan stansiya xoʻjaliklarida qurt boqilib, pillalari stansiyaning elita sexiga topshiriladi. Bu yerda ipak qurti tuxumi zavodlari uchun elita tuxum tayyorlanadi.

Oʻzbekistonda Andijon, Fargʻona, Samarqand shaharlarida pilla naslchilik Ipakchilik stansiyasilari faoliyat koʻrsatadi (2002).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil