Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya
Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya— turli mamlakat va rayonlarda ichida kuchlarining joylashish xususiyatlari hamda hududiy ijtimoiy-iqtisodiy sistemalarning shakllanish qonuniyatlarini oʻrganadigan fan. Uning asosiy vazifalari ishlab chiqarish va aholi hayoti bilan bogʻliq soxalarning joylanishiga taʼsir etuvchi omil va sharoitlarni taxlil qilish, vujudga kelgan iqtisodiy geografik vaziyat — ishlab chiqarishning hududiy tarkibi va strukturasini baholash, ularni bashorat qilish va boshqarishdan iborat. Shuningdek, Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ishlab chiqarishni joylashtirish bilan aloqador tabiatdan foydalanish va geoekologik muammolar, davlatning regional siyosati, xoʻjalik strukturasini tartibga solib borishdek muhim vazifalarni oʻrganadi.
Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanlari tizimiga kiradi va u, avvalo, tabiiy geografiya bilan chambarchas bogʻliq. Uning tabiiy sharoitlarni oʻrganuvchi boshqa tabiiy fanlar bilan aloqasi, ayniqsa, ekologik muammolarning keskinlashuvi jarayonida yanada kuchaydi.
Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya umumiy, sohalar yoki xoʻjalik tarmoklari geografiyasi, jahon xoʻjaligi geografiyasi, aholi geografiyasi, regional Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaga boʻlinadi.
Umumiy Iqtisodiy va ijtimoiy-geografiya ishlab chiqarishni yaxlit va uning alohida tarmoklarining joylashish qonuniyatlarini oʻrganadi.
Soha Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyada sanoat geografiyasi, qishloq xoʻjaligi geografiyasi, transport geografiyasi keng rivojlanmoqda. Xizmat koʻrsatish sohalari geografiyasi, rekreatsiya geografiyasi tabiiy resurelar geografiyasi, tibbiyot geografiyasi kabilar shakllanmoqda.
Regional Iqtisodiy va ijtimoiy-geografiya aniq mamlakat va rayonlarni tadqiq qiladi va ijtimoiy sohalarning barcha hududiy xususiyatlarini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekistonda Iqtisodiy va ijtimoiy-geografiyaning ilmiy-amaliy mohiyati eng avval yangi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar va milliy iqtisodiyotdagi ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqadi. Aynan shu maʼnoda uning asosiy tushuncha va qonuniyatlari, ilmiy gʻoyalari hozirgi zamon talabi nuqtai nazaridan talqin qilinadi. Ayniqsa, bozor munosabatlariga oʻtish davrida ijtimoiy geografiya kuchlarini joylashtirishni davlat tomonidan tartibga solib borish va boshqarish, regional ijti-moiy-iqtisodiy dasturlarning ilmiy asoslarini yaratish, regional va milliy iqtisodiyot rivojlanishini jonlantiruvchi va barqarorlashtiruvchi oʻsish qutb va markazlari, sanoat parklari va texnopolislari, raqobat muhiti, investitsiya makoni, erkin iqti-sodiy integratsiya sharoitlarini vujudga keltirish masalalarini tadqiq qilish muhimdir.
Aholi geografiyasi madaniyat, tibbiyot va ijtimoiy geografiya bilan bogʻliq. Uning oʻzi esa aholining joylashishi, aholi manzillarining tiplari va boshqa xususiyatlarini oʻrganadi. Aholi geografiyasining deyarli barcha masalalari Ijtimoiy va iqtisodiy geografiya doirasida oʻrganilishi mumkin. Aholi geografiyasi Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning boshqa tarmoqlari (sanoat geografiyasi, qishloq xoʻjaligi geografiyasi, transport geografiyasi) orasida alohida oʻrin tutadi. Bundan tashqari, siyosiy geografiya masalalari ham Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning doirasiga kiritiladi. Siyosiy geografiya oʻrganadigan siyosiy voqealar, mamlakatning geosiyosiy va geostrategik mavqei koʻp jihatdan maʼlum iqtisodiy sharoitlarning mahsuli sifatida namoyon boʻladi va, aksincha, siyosiy barkamollik xoʻjalik hayotiga katta taʼsir koʻrsatadi.
Iqtisodiy geografik maʼlumotlar antik davr va oʻrta asrdagi geograf va sayyohlarning asarlarida ham uchraydi. Ammo, uning keng rivojlanishi hududiy mehnat taqsimoti, ijtimoiy chiqarishning ixtisoslashuvi hamda savdo va transport taraqqiyotiga bogʻliq. Ijtimoiy va iqtisodiy geografiyaning ahamiyati shoʻrolar imperiyasi parchalangach, mustaqillikka erishgan koʻpgina mamlakatlarning bozor munosabatlariga oʻtish davrida yanada ortdi. Ayni vaqtda Ijtimoiy va iqtisodiy geografiyaning tadqiqotlari aniq iqtisodiy fanlarning tadqiqotlarini takrorlamaydi. Uning oʻziga xos geografik xususiyatlari mavjud: 1) Ijtimoiy tarmoklarining joylashishi oʻrganilganda ularning butun hududiy majmuasi birgalikda tahlil qilinadi; 2) muayyan hudud (mamlakat, rayon, aholi punkti) aniq tabiiy va ijtimoiy-tarixiy sharoitlar bilan birga oʻrganiladi; 3) tabiiy-geografik sharoit albatta eʼtiborga olinadi; 4) tadqiqot jarayonida masalaning hududiy (geografik) tomoniga alohida ahamiyat beriladi. Ijtimoiy va iqtisodiy geografiya tabiiy geografiya bilan be-vosita bogʻliq. Oʻrganilayotgan mamlakat yoki rayonning tabiiy sharoiti, foydalanilayotgan yoki foydalanishi mumkin boʻlgan tabiiy resurelarini bilish zarur. Chunki tabiiy sharoit xoʻjalik ixtisosiga, mehnat unumdorligiga, aholi va aholi manzilgohlarining joylashish xususiyatlari ga katta taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun bunday tadqiqotlarda tabiiy sharoit va resurslarga iqtisodiy baho berish muhim oʻrin tutadi.
Ijtimoiy va ijtimoiy geografiyada iqtisodiy va ijtimoiy haritagrafiya ham katta ahamiyatga ega. Ushbu yoʻnalishdagi haritalar iqtisodiy geografik tadqiqotlarning uzviy qismi va natijasidir. Ijtimoiy va iqtisodiy geografiya oʻz tadqiqotlarida tarixiy-ijtimoiy tahlilga asoslanadi va bu borada tarixiy geografiya, iqtisodiyot tarixi bilan bevosita aloqador. Ijtimoiy va ijtimoiy geografiya koʻpgina boshqa fanlar (etnografiya, statistika, sotsiologiya, demografiya) bilan ham bogʻliq.
Oʻzbekistonda ham anʼanaviy I. va i.g., koʻpgina jahon mamlakatlarida boʻlganidek, asta-sekin oʻz tadqiqot doirasini kengaytirmoqda. Ayni vaqtda I. va i.g. kichik masshtabli tadqiqotlardan yirik masshtabli taxlilga, oʻrta va kichik hududlarni chuqur oʻrganishga, amaliy (konstruktiv) masalalarni hal etishga ham ahamiyat bermoqda.
I. va i.g. yangi shakllanib borayotgan regional iqtisodiyot fani bilan ham chambarchas bogʻliq. Bu ikki fanning tadqiqot obyekti bir, yaʼni i. ch.ning hududiy tarkibi va joylashishidir. I. va i.g. ushbu muammoni keng koʻlamda — jahon xoʻjaligi, mamlakat va rayonlar, turli hududiy ijtimoiy-iqtisodiy majmualar doirasida oʻrganadi; regional iqtisodiyot, asosan, alohida olingan rayonlar xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Agar I. va i.g. iqtisodiylashgan geografiya boʻlsa, regional iqtisodiyot geografiylashgan (hududiylashgan) iqtisodiyotdir.
I. va i.g.ning tadqiqot va xulosalari i. ch.ni maqsadga muvofiq joylashtirishga imkon beradi. I.ch.ni hududiy tashkil qilish va taqqoslashda faqat ayrim korxona yoki tarmoq emas, balki bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan i.ch. sohalarining butun majmuasi nazarda tutiladi. Koʻp jihatlarni hisobga olib yondashish I. va i.g.ning bosh tamoyilidir. I. va i.g.ning muhim tushunchalaridan biri boʻlgan hududiy mehnat taqsimoti va uning bevosita mahsuli boʻlgan iqtisodiy rayonlar va ularning ichki aloqalari, rayonlararo va xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlarini oʻrganish ham I. va i.g.ning muhim va-zifalaridan biri. Hududiy mehnat taqsimoti iqtisodiy rayonlarni vujudga keltiruvchi asosiy omildir. Iqtisodiy rayon esa I. va i.g.ning asosiy tu-shunchasidir.
Umumiqtisodiy rayonlar, sanoat va qishloq xoʻjaligi rayonlari, sanoat markazlari mamlakatda i.ch.ni joylashtirish va hududiy mehnat taqsimotini tashkil qilish bir butun jarayonining samarasi, uning ayrim qismlari sifatida tashkil topadi.
Hududiy mehnat taqsimoti I. va i.g. ning asosiy tadqiqot obyekti hisoblanadi.
I. va i.g. hududiy mehnat taqsimoti va iqtisodiy rayonlardan tashqari hududiy i.ch. majmualari va iqtisodiy geografik oʻrin (turli xoʻjalik obyektlarining — vujudga kelganligi, joylashganligi, rivojlanish xususiyatlari)ni ham tadqiq etadi. Hududiy i.ch. majmualarini toʻgʻri tashkil qilish, infrastruktura tizimidan oqilona foydalanish esa iqtisodiy geografik samaradorlikni taʼminlaydi.
I. va i.g. oʻz tadqiqotlarida bir qancha anʼanaviy va hozirgi zamon ilmiy tadqiqot metodlaridan foydalanadi. Geografik taq-qoslash, haritagrafiya, tarixiy, statistik, kuzatish, balans, matematik metodlar shular jumlasidandir. Oʻzbekiston va uning iqtisodiy rayonlarida ishlab chiqaruvchi kuchlarini oʻrganish va xoʻjalikning turli tarmoklarini joylashtirish boʻyicha yirik iqtisodiy geografik tadqiqotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston FAning sobiq Ishlab chiqaruvchi kuchlarni oʻrganuvchi kengashi tomonidan uyushtirilgan Fargʻona va Zarafshon ekspeditsiyalari natijasida iqtisodiygeografik maʼlumotlar toʻplangan. Oʻzbekiston I. va i.g.si boʻyicha 3. M. Akramov, A. S Soliyev, A. Roʻziyev va b.ning asarlari mavjud. Oʻzbekistonda iqtisodchi-geograflar davlat tashkilotlari, FA institutlari, ilmiy tadqiqot va loyihalash intlarida respublika i.ch.ini joylashtirish muammolarini hal qilishda hamda xalq taʼlimi sistemasida bevosita faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Yuqori malakali iqtisodchi-geo-graflar va geograflar Oʻzbekiston Milliy universiteti, Samarqand, Fargʻona, Termiz, Namangan davlat untlarida tayyorlanadi. I. va i.g. boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari ham ana shu oliy oʻquv yurtlarida, Oʻzbekiston FA Seysmologiya instituti qoshidagi geografiya boʻlimi va b. tashkilotlarda olib boriladi.
I. va i.g. oldida turgan asosiy vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi siyosiy mustaqilligi va uning iqtisodiyotini bozor munosabatlariga oʻtishidan bevosita kelib chiqib, yangi sharoitda i.ch.ni joylashtirish va boshqarishning nazariy masalalarini ishlab chiqish, milliy iqtisodiyotni hududiy tashkil qilish muammolarini tadqiq qilish, mamlakatni iqtisodiy rayonlashtirish va uning regional siyosatini yaratish, iqtisodiy-geografik ba-shorat boʻyicha tadqiqotlarni kuchaytirish, jahon mamlakatlari oʻrtasidagi mehnat taqsimoti masalalarini oʻrganishdan iborat. Iqtisodiy geografiyaning yana turi - iqtisodiy geografiya usullaridan biri xisoblanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Soliyev A. S, Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning dolzarb masalalari, T., 1995;
- Soliyev A. S, Qarshiboyeva L. Q., Iqtisodiy geografiyaning nazariy va amaliy masalalari, T., 1999;
- Саушкин Ю. Г., Введение в экономическую географию, 2 изд. М., 1970;
- Soliyev A. S, Mahamadaliyev R., Iqtisodiy geografiya asoslari, T., 1996.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |