Kontent qismiga oʻtish

Ish bilan ta’minlash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ish bilan taʼminlash – fuqarolarning mehnat qilish huquqini amalga oshirish shakllaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birgalikda aholini ish bilan taʼminlash davlat bandlik siyosati mazmunini tashkil etadi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan bandlik siyosati quyidagi yoʻnalishlarda roʻyobga chiqarilib bormoqda: a)kichik va xususiy biznesni ragʻbatlantirish yoʻli orqali oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlashi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish; b) korxonalarda ish oʻrinlari koʻpaytirilishi va yangi ish oʻrinlari ochilishini qoʻllab quvvatlash; v) kasanachilikni rivojlantirish orqali aholining muhtoj tabaqalarini ish bilan taʼminlash; g) aholiga maishiy hamda boshqa xizmatlar koʻrsatilishini kengaytirish; d) yoshlarning yangi kasblarni egallashlariga koʻmak berish. Ish bilan taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat „Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hisoblanadi. Ushbu qonunni 2-moddasiga muvofiq ish bilan taʼminlash fuqarolarning qonun hujjatlariga zid kelmaydigan, oʻz shaxsiy hamda ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq boʻlgan, ularga ish haqi keltiradigan faoliyat deb qaraladi [1]. Unumli shuningdek ijodiy mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish shuningdek qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat, shuningdek haq toʻlanadigan ishni bajarishga aloqasi boʻlmagan faoliyat bilan shugʻullanishining mutlaq huquqi fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno hisoblanadi. Kishilarning ixtiyoriy ravishda ish bilan band boʻlmasligi ularni javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi. Quyidagilar ish bilan taʼminlangan deb hisoblanadi: yollanib ishlayotgan; shu jumladan ishni toʻliqsiz ish vaqtida haq evaziga bajarayotgan, kasanachilik bilan shugʻullanayotgan, shu bilan birgalikda haq toʻlanadigan boshqa ishga, shu jumladan vaqtinchalik ishga ega boʻlgan fuqarolar; betobligi, mehnat taʼtilida, kasbga qayta tayyorlashda, malaka oshirishda ekanligi, ishlab chiqarishning toʻxtatib qoʻyilganligi sababi bilan, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq vaqtincha ish joyida boʻlmagan hodimning ish joyi saqlanib turadigan boshqa hollarda vaqtincha ish joyida boʻlmagan fuqarolar; oʻzini ish bilan mustaqil taʼminlayotgan fuqarolar, shu jumladan yuridik shaxs tashkil qilmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolar, kooperativlarning aʼzolari, fermerlar va ularning ishlab chiqarishda qatnashayotgan oila aʼzolari shuningdek taʼlim toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olayotgan fuqarolar; Qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat olib borayotgan jamoat birlashmalari va diniy muassadalarda ishlayotgan fuqarolar shular jumlasidandir [2].

  1. "Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni
  2. Toychiyev, N., ed (2009). "Ish bilan ta’minlash". Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi. Toshkent: „Adolat“ nashriyoti. p. 225.