Ishni sirtdan koʻrish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ishni sirtdan koʻrish – 1) jinoiy sud ishlarini yuritishda sudning ishni sudlanuvchi ishtirokisiz koʻrishi [1]. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual kodeksining 410-moddasiga asosan, birinchi instantsiya sudining majlisida jinoyat ishi sudlanuvchining ishtirokida muhokama qilinadi shu munosabat bilan sudlanuvchining sudga kelishi muhim ahamiyat kasb etadi. Sudlanuvchi sud majlisiga kelmasa, ishni muhokama qilish keyinga qoldirilishi lozim deb belgilanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 410-moddasining uchunchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno hisoblanadi [2]. Sudga kelmagan sudlanuvchini sud majburiy keltirishga, shu jumladan unga nisbatan ehtiyot chorasini qoʻllashga yoki ehtiyot chorasini oʻzgartirishga haqliligi qonunan asosga ega. Ishning sudlanuvchi ishtirokisiz muhokama qilinishiga sudlanuvchi OʻzR hududidan tashqarida boʻlgan va sudga kelishdan boʻyin tovlagan, uning yoʻqligi ish boʻyicha haqiqatni aniqlashga monelik qilmagan taqdirdagina yohud u Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 272-moddasida nazarda tutilgan holda sud majlisi zalidan chiqarib yuborilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyilishi mumkin deb belgilanadi;

2) fuqaroviy sud ishlarini yuritishda sudning ishni da’vogar yoki javobgar yohud unisi va bunisining ham ishtirokisiz koʻrinishi nazarda tutiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga muvofiq, sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, da’vogar e’tiroz bildirmasa yohud ish sirtdan ish yuritish tartibida koʻrilish holatlarini ham ko'rish mumkin. Ishni bunday tartibda koʻrish haqda sud ajrim chiqarishi lozim bo'ladi. Javobgar tegishli tartibda xabardor qilinganligi haqida ishda ma’lumot boʻlishi lozim. Sud majlisiga barcha javobgarlar kelmagan taqdirda, ish sirtdan ish yuritish tartibida koʻrilishi ham joiz deb topiladi.
3) xoʻjalik sud ishini yuritishda sudning ishni da’vogar yoki javobgar yohud unisi va bunisining ham ishtirokisiz koʻrishi. Oʻzbekiston Respublikasi Xo'jalik protsessual kodeksining 130-moddasida belgilangan tartibdagidek, ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilingan javobgar xoʻjalik sudining majlisiga kelmasa, nizo uning yoʻqligiga hal qilinish holatlari ham kuzatiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Xo'jalik protsessual kodeksining 131-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni shu majlisda koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, shu jumladan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, guvohlar, ekspertlar yoki tarjimonlardan biri kelmaganligi yoki qoʻshimcha dalillar taqdim etish zarurligi sababli ishni koʻrishni keyingi qoldirish ham mumkin bo'ladi [3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Toychiyev, N., ed (2009). "Ishni sirtdan koʻrish". Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi. Toshkent: „Adolat“ nashriyoti. p. 228. 
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual kodeksi
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Xo'jalik protsessual kodeksi