Ishtaha
Ishtaha — organizmning ovqatga boʻlgan yoqimli ehtiyoj sezgisi, shuningdek, unga kiradigan oziq moddalar miqdorini belgilaydigan fiziologik mexanizm. I. paydo boʻlishi bosh miyaning ovqat markazi faoliyati bilan uzviy bogʻliq. I. ning ochilishida shartsiz (mas, ovqatning hidini va maza-sini sezish) va shartli reflekslar muhim rol oʻynaydi. I. markaziy nerv sistemasi maʼlum boʻlimlarining qoʻzgʻalishi natijasida yuzaga keladi va bunda soʻlak, hazm shirasi ajraladi, meʼda-ichak yoʻli peristaltikasi (harakati) kuchayadi, natijada hazm aʼzolari ovqat qabul qilishga tayyor turadi. Mazali qilib pishirilgan taom, uning chiroyli koʻrinishi va xushboʻyligi, dasturxonga bezab tortilishi I. ni ochadi. Aksincha, taomning koʻrinishi yoki hidi xunukroq boʻlsa, I. boʻgʻiladi.
Ovqatni har doim muayyan soatlarda isteʼmol qilish, uning sifati va miqdori I. normal boʻlishi uchun ahamiyatli. Ovqatlanish rejimining buzilishi I. aynishiga olib keladi va u turli kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin. I. ning 3 xil oʻzgarishi: susayishi, hatto yoʻqolishi (anoreksiya), kuchayishi (bulimiya) va buzilishi (paroreksiya) kuzatiladi. Har qanday holatda ham vrachga murojaat etish va uning tavsiyalariga amal qilish kerak.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |