Kontent qismiga oʻtish

Abduqodir naychi Ismoilov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ismoilov Abduqodirdan yoʻnaltirildi)

Abduqodir naychi Ismoilov (1888-yil, Qoʻqon — 1951-yil 22-fevral, Toshkent) — sozanda. Oʻzbekiston xalq artisti (1941). 13 yoshidan otasi Ismoil Naychidan Tanavor, Yovvoyi Chorgoh, Dugoh, Suvora, Sarbozcha, Mirzadavlat, Ajam yoʻllarini oʻrgangan. „Sayyor truppa“da Ahmadjon Qoʻshnay, Yusuf Qiziq, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Usta Olim kabi sanʼatkorlar safida boʻlgan. 1926-yilda tashkil etilgan „Etnografik truppa“ safida boʻlib, ansamblning 1927-yilgi Rossiya va Kavkaz gastrollarida qatnashgan. 1928-yilda Samarqand musiqa va xoreografiya ilmiy tadqiqot institutida, keyin Oʻzbek musiqa teatrida (1929—1935) ishlagan. 1935-yildagi Xalqaro raqs festivalida (London) qatnashgan va oltin medalga sazovor boʻlgan. Oʻzbek adabiyoti va sanʼati dekadasi (1937-yil)da va 1930-yildagi teatr Olimpiadasida ishtirok etgan. Xalq kuylari va mumtoz oʻzbek cholgʻu kuylarini fonografga yozdirgan. S. Kalonov, A. Qodirov, D. Soatqulov kabi yetuk naychilarga ustozlik qilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil