Kontent qismiga oʻtish

Afandixon Ismoilov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ismoilov Afandixondan yoʻnaltirildi)

Afandixon Ismoilov (asl ismi Sharofiddin; 1905-yil — Toshkent — 20-fevral 1985-yil) — aktyor, rejissyor, Oʻzbek bolalar teatri va bolalar dramaturgiyasi asoschilaridan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1967). 1935—1940-yillar Hamza teatrida ishlab, „Nomus va muhabbat“, „Rustam“ spektakllarini sahnalashtirishda aktyor va rejissyor sifatida qatnashgan. 1940—1943-yillarda viloyatlar teatrlarida bosh rejissyor, 1968-yil Oʻzbek yosh tomoshabinlar teatri Rus yosh tomoshabinlar teatridan ajralib chiqqach, unga asosiy rejissyorlik qilgan, oʻzi pyesalar yozib, oʻzi ularni sahnalashtirgan („Kurash bolasi“, „Gʻolibiyat“ va boshqalar). Repertuarni bolalar mavzusiga qaratdi va asosan mahalliy mualliflar asarlari („Qon ham suv“, „Qutqarish“, „Besh bola“, „Tosh va mosh“ va boshqalar)ni sahnalashtirgan. Afandixon Ismoilov koʻproq milliy dramaturgiya, milliy qahramonlar timsolini sahnada aks ettirishga harakat qilgan. Eng yaxshi rollari: savdogar („Padarkush“), Vurim („Makr va muhabbat“), Yosuman („Farhod va Shirin“), Luka („Zoʻraki tabib“), Kochkaryov („Uylanish“), Domla („Yoriltosh“), Qirol („Zolushka“), chol („Sirli sandiq“), Majid („Oʻjar“), Qutmurod („Amu qahramonlari“) va boshqalar[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil