Kontent qismiga oʻtish

Isroil Ortiqov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ortiqov Isroil (1907, Qoʻqon -1938.5.10, Toshkent) — jamoat arbobi. Otasi dashnaksutyunlar tomonidan oʻldirilgan (1918). Yoshlar tashkiloti idoralarida faoliyat koʻrsatgan (1928-yildan). Oʻzbekiston komsomoli MK 1-kotibi (1931—37). Ortiqov tashabbusi bilan Toshkentda zarbdor yoshlar koʻrigi (1931-yil 12-may) boʻlib, unda yigit-qizlar Oʻzbekistondagi yirik sanoat korxonalarini qurishda faol ishtirok etishga chaqirildi. Quvasoy sement kombinati, Toshkent toʻqimachilik kombinati, Chirchiq elektrokimyo kombinati, Buxoro va Samarqand ip yigiruv fabrikalari, Margʻilon shoyi toʻqish kombinati va boshqa inshootlar qurilishida yoshlar katta xizmat qilgan. Ortiqov maorif jabhasidagi yoshlar faoliyatini ham yoʻnaltirib turgan. 1937-yil 14-oktabrda hibsga olingan va unga Oʻzbekiston yoshlarini millatchilik ruhida tarbiyalaganlik aybi qoʻyilgan. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining Toshkentdagi sayyor majlisi qarori bilan "xalq dushmani" sifatida otishga hukm qilingan. O. 1956-yil 12-iyunda SSSR Oliy sudining qarori bilan toʻla oqlangan.

Ad:. Mahmudov M., Barhayot siymolar, T., 1981; Usmonov I., Qatagʻon qurbonlari, T., 1992[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil