Kontent qismiga oʻtish

Ittisol

Vikipediya, erkin ensiklopediya

ITTISOL (arab. yetishish, birlashish) - sufiylarning qarashlaricha, muhib (sevuvchi) yoki oshiq o‘rnidagi solikning mahbub (seviluvchi) yoki ma’shuq o‘rnidagi Xudoga yetishi, unga qo‘shilishi va u bilan birlashishi bo‘lib, solikning o‘zidan foniy bo‘lib (yo‘qolib), Xudoda boqiy bo‘lganidan (saqlanib qolganidan) so‘ng yuz beradi.

Tasavvufda ittisol maqomiga yetishgan solikni ittisol ahli yoki vosil (qo‘shilgan, yetishgan) deb atashadi.  Sufiylarning e’tiqodicha, ittisol fano (foniylik) maqomidan oldin ham, fano holida ham yuz bermaydi, balki faqatgina solik vujudining Xudoda boqiy bo‘lganidan (saqlanib qolganidan) so‘nggina yuz beradi. 

Chunki, shundagina solik Xudo tajalliysi nuridan kuyib yo‘qolib ketmaydi, balki undan kuch oladi. Turli xil yoki bir-biriga zid narsalar bir joyda bo‘lganlarida kuchsizlanadilar, ba’zi bir narsalar esa bir joyda bo‘lganda bir-biridan kuch oladi. Shu sababdan ham mukoshafat (kashf qilish, ochish) va mushohadat (ko‘rish) chog‘ida ittisol ahlida hech qanday kuchsizlanish yuz bermaydi hamda ularning kuchlari yo‘qolishdan saqlanadi. Ularning kuchlari yo‘qolishdan saqlanar ekan, ularning zotlari ham xalq bilan birga bo‘lish hamda ko‘rinadigan narsalarni ko‘rish natijasida o‘zgarishdan saqlanadi. Bordi-yu ittisoldan so‘ng biror sabab bilan solikning holida biror o‘zgarish yoki kuchsizlanish yuz bersa, u ittisol maqomidan qaytgan bo‘ladi. Biroq haqiqatda bunday bo‘lishi mumkin emas. Chunki, mashhur sufiy Zunnun Misriyning aytishicha, agar solik biror maqomdan qaytgan bo‘lsa ham, u hali hech kim yetmagan maqomdan emas, balki boshqa maqomdan qaytgan bo‘ladi. Sufiylar nazdida e’tisom (tayanish) ittisoli, shuhud (ko‘rish) ittisoli va vujud ittisoli kabi uch darajasi bo‘lib, e’tisom ittisoli avval niyatni to‘g‘rilash, keyin irodatni soflash va so‘ngra holni muvofiq qilishdan, shuhud ittisoli mo‘tadillikdan chiqish, dalil keltirishga ehtiyoji qolmaslik va sir tarqoqligining yo‘qolishidan, vujud ittisoli esa bandaning Hakda foniy bo‘lishidan iborat. Biroq ayrimlarning aytishlaricha, mahbub yoki ma’shuq o‘rnidagi Xudo sifatlari komilligining chegarasi bo‘lmagani kabi ittisol darajalarining ham oxiri yo‘qdir. Bu holatni sayr fillah deb ataydilar. Solik bu dunyoda qay manzilga (bosqichga) yetgan bo‘lsa ham, vusul manzillaridan birinchi manzilga yetgan bo‘ladi. Shuningdek, oxiratdagi abadiy umrda ham uning oxiriga yetib bo‘lmaydi. Sufiylar orasida ittisol ahli yoki vosillarga ham turlicha ta’riflar berilgan. Jumladan, ularning qarashlariga ko‘ra, vosilning urinishi Xudo uchun, ishi Xudo yo‘lida va qaytishi Xudo tomon bo‘lib, biror narsa vosilning siri va urinishini mahbub yoki ma’shuqni mushohadat qilishdan hamda unga mashg‘ullikdan chalg‘ita va qaytara olmaydi. Chunki har qanday holda ham vosilning qaytishi o‘z mahbubi yoki ma’shuqi tomon bo‘ladi. Mashhur sufiy Yahyo ibn Muoz Roziy]vosil to‘g‘risida shunday degan: «Amal qiluvchilar quyidagi to‘rt turga bo‘linadilar: tavba qiluvchi, zohid, mushtoq va vosil. Tavba qiluvchi tavbasi tufayli, zohid esa zuhdi tufayli, mushtoq holi tufayli haqdan to‘silgan bo‘ladi. Birgina vosilni biror narsa haqdan to‘sib turmaydi»[1]..

  1. tasavvuf Atamalari izohli lug'ati, ,Toshkent Islom Universiteti Islomshunoslilk ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahr 2015.