Ivitish
Ivitish — 1) toʻqimachilikda — tolali oʻsimliklar (kanop, zigʻir, jut va b.) poyasidan tolalarni ajratib olishga tayyorlash jarayoni; bunda tolalarni bir-biriga yopishtirib turgan pektin moddalar eriydi (parchalanadi). Poya yoki uning poʻstlogʻini sovuq yoki issiq suvda, bugʻda, har xil kimyoviy moddalar taʼsirida, dalaning oʻzidagi namgarchilikda I. mumkin. Suvda I. har xil mikroorganizmlarning faoliyatiga asoslangan. Sovuq suvda I. da poya yoki poʻstloq bogʻbogʻ qilib tabiiy (dare, koʻl, hovuzlar) yoki sunʼiy suv havzalaridagi suvga botirib qoʻyiladi. Bunda suvning temperaturasi havoning temperaturasiga bogʻliq boʻlib, 20—25° dan ortmaydi. Sovuq suvda poya yoki poʻstloq havoning temperaturasiga qarab 10— 30 kunda yetiladi; bunda ivish jarayoni bir tekis bormaydi. Suvning sirtida turgan poyalarda mogʻor zamburugʻlarining oʻsishi uchun yaxshi sharoit yaratiladi; suvga botgan qismining suv sirtiga yaqinroq joyida aerob bakteriyalar, pastki qatlamlarida esa anaerob bakteriyalar rivojlanadi. Bunday har xil mikrofloralar poya va poʻstloqlarning bir tekis ivib yetilishiga imkon bermaydi. Suvning pastki qismida temperatura ustki qismiga qaraganda ancha past boʻlgani uchun ham poyaning hammasi bir tekis ivimaydi. Issiq suv (36—38°) da poya yoki poʻstloqlar, odatda, yopiq xonalardagi temir-beton baklarda ivitiladi: 3—6 t poya yoki poʻstloq sigʻadigan bakning suv, regenerat (oldingi ivitishdan qolgan va har xil usullar bilan tiklangan suyukdik) va bugʻ keladigan hamda ishlatilgan suyuqlik chiqarib yuboriladigan quvur va joʻmraklari boʻladi. Oldin bakka poya yoki poʻstloq bogʻlarini joylab, soʻngra bakka suyuqlik toʻldiriladi. Suyuqlik har 10—12 so-atda qisman almashtirib turiladi. Suyuqlik temperaturasini birday tutib turish uchun bakka bugʻ berib turiladi. Issiq suvda ivitganda kanop, jutni I. 7—8 kun, zigʻir va kanopni I. 3 kun davom etadi. Issiq suv bilan I. jarayoni bir tekis oʻtadi va tola sifatli chiqadi. Poya yoki poʻstloq issiq suvda ivitilganda avvalo aerob, soʻngra anaerob bakteriyalarning "ish" faoliyatidan foydalaniladi.
Zigʻir poyalarini namgarchilik paytida dalaning oʻzida yoyib I. mumkin. Bunda shudring yoki yomgʻir ivituvchi suyuqlik vazifasini oʻtaydi. Bu usul zamburugʻlarning faoliyatiga asoslangan. Zamburugʻlar yuqori namlik, aeratsiya va maʼlum temperaturada yaxshi rivojlanadi va pektin moddalarini parchalaydi. I. ning kimyoviy va bugʻlash usullari ham bor. Kimyoviy usulda turli moddalar (tuzlar, kislotalar, ishqorlar va b.)ning eritmalari qoʻllanadi. Bular pektin moddalarini gidrolizlaydi. Bugʻlab I. da poyalar oldin suvda ivitiladi, soʻngra bugʻlanadi. Oʻzbekistonda, asosan, kanop poyalari ivitiladi; 2) guruch, noʻxat, joʻxori va b. donlarni ovqatga ishlatishdan oldin suvga solib yumshatib olish; 3) yemni suvga solib yumshatib qoʻyish; 4) qatiq tayyorlash (qatiq ivitish).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |