Kontent qismiga oʻtish

Jangnoma

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Jangnoma — epik janr. Bunda tarixiy va afsonaviy janglar, ayrim afsonaviy va tarixiy shaxslar koʻrsatgan mardlik va qahramonliklar mubolagʻali hamda koʻtarinki ruh bilan bayon qilinadi. Mustaqil janr sifatida u qad. qahramonlik dostonlari taʼsirida shakllangan. J.larda qahramonlarning , xususan, bosh qahramonning kuch-qudrati, qurol-yaroqlari, jangi va jasorati gʻoyat boʻrttirib tasvirlanadi. J.lar nasriy hamda sheʼriy shakllarda boʻlishi mumkin. Koʻpgina J.lar nasrda yozilib, baʼzan asar tarkibiga sheʼriy parchalar xam kiritiladi. J.ning qad. koʻrinishlariga qad. mifik qahramonlar haqidagi "Jangnomai Jamshid", "Qahramon Qotil", "Xoʻshang", "Iskandar poshsho" kabi asarlar kiradi.

Oʻrta asrlarda esa J.lar ("Jangnomai Amir Hamza", "Abu Muslim jangnomasi", "Jangnomai Sayyid Battoli Gʻoziy", "Ahmad Zamjiy", "Musaybnoma", "Yetmish gʻazot" va b.) xalq orasida keng tarqalgan. Oʻzbek xalqining madaniy hayotida jangnomaxonlik anʼanasi keng oʻrin tutgan. Chunki bunday asarlarning yaxshi namunalari kishilarni yurtparvarlik, qahramonlik va elga fidoyilik kabi yuksak gʻoyalar ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil