Kontent qismiga oʻtish

Japa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Butanlik buddist ayol duo munchoqlari yordamida japa qilyapti.

Japa (Sanskrit जप) mantrani yoki ilohiy ismni meditativ takrorlashdir. Bu hinduizm,[1] jaynizm,[2] sikxizm,[3][4] buddizm[5] kabi boshqa dinlarda mavjud boʻlgan amaliyotdir.

Japa meditatsiya holatida oʻtirganda, boshqa tadbirlarni bajarayotganda[6] yoki jamoaviy sharoitda rasmiy ibodatning bir qismi sifatida amalga oshirilishi mumkin. Mantra yoki ism amaliyotchi eshitishi uchun yumshoq, baland ovozda aytilishi yoki amaliyotchining ongida ovozsiz aytilishi mumkin.[7]

Sanskrit tilidagi japa soʻzining asosi jap- boʻlib, „past ovozda aytish, ichkaridan takrorlash, gʻoʻngʻirlash“ degan maʼnoni anglatadi.[8] Qoʻshimcha tarzda ja tugʻilish, oʻlim va reenkarnatsiyani yoʻq qilish va pa gunohlardan xalos boʻlish maʼnolarini beruvchi soʻz sifatida ifodalanishi mumkin.[9][10]

Monier-Williamsning taʼkidlashicha, atama Aitareya Brahmana (Rigveda) va Shatapatha Brahmana (Yajurveda) kabi Vedik adabiyotida uchraydi.[11] Bu atama muqaddas bitikdan parchalar, xudolarning ismlarini past ovozda aytish yoki shivirlash degan maʼnoni anglatadi.[11] Koʻpincha oyat yoki mantrani takroriy kuylanadi, baʼzida japamala deb ataladigan tasbeh yordamida hisoblanadi.[11] Atama bilan bogʻliq soʻz — japana Mahabharataning 12-kitobida uchraydi, bu yerda shivirlab aytilgan duolar diniy qurbonlikning bir shakli sifatida tasvirlangan.[11]

Japa tushunchasi ilk buddist matnlarida ham uchraydi va Tibet buddizm adabiyotida juda keng tarqalgan.[12]

Donishmand Patanjali (milodiy 400-yil) fikriga koʻra, Japa soʻz yoki fazani takrorlash emas, balki mantraning maʼnosi haqida fikr yuritishdir,[13] bu taʼrif turli manbalarda saqlanib qolgan.[12][14]

Japamala, japa munchoqlari, 108 dona oddiy va 1 dona bosh munchoqdan iborat

Japaning baʼzi shakllarida, takrorlashlar japamala deb nomlanuvchi munchoq yordamida hisoblanadi. Japa uchun juda koʻp turli xil materiallardan foydalaniladi. Japamaladagi marjonlar soni odatda 108 ta boʻladi. Odamlarning japa munchoqlarini boʻyniga taqishi odatiy hol hisoblanmaydi, baʼzi amaliyotchilar ularni toza saqlash uchun maxsus sumkada olib yurishni afzal koʻrishadi.

Ovoz balandligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Japa turli darajadagi ovoz balandligida bajarilishi mumkin:

  • Vaikhari japa yetarlicha baland ovozda aytiladi, agar bu jamoaviy japa sessiyasi boʻlmasa va bu ovozda aytilganda yaqin atrofdagi odamlar buni eshitishlari mumkin. Bu yaqin atrofda boshqa tovushlar mavjud boʻlganda (baʼzilar buni xato deb hisoblasa-da)[15] yoki diqqatni jamlash qiyin boʻlgan va shuning uchun yangi boshlanuvchilar uchun eng mos deb hisoblanganda foydali boʻlishi mumkin.
  • Upamshu japa pastroq, pichirlab aytiladi. Bu japa turi vaikhari japadan yuz marta samaraliroq boʻlishi mumkin. Upamshu japa paytida amaliyotchining lablari unchalik sezilarli darajada harakatlanmaydi, shuning uchun kuzatuvchiga biror narsa aytilayotganini koʻrish qiyin.
  • Manasika japa ongda, xayolda oʻqiladi. Bu japa turi upamshu japadan ming marta samaraliroq boʻlishi va shuning uchun vaikhari japadan 100 000 marta samaraliroq boʻlishi aytiladi. Vaikhari japa amaliyotiga kirib kelmaganlar uchun mashq qilish qiyin yoki umuman imkonsiz ekanligi aytiladi.[16][15]

Likhita japa — bu mantrani yozish, odatda, ayni bir vaqtning oʻzida ovoz chiqarib oʻqish. Ushbu japani qoʻllab-quvvatlovchilarning taʼkidlashicha, bu mantrani shunchaki ovoz chiqarib oʻqishdan koʻra ancha samaraliroqdir. Likhita japa koʻpincha maʼlum maqsad yoʻlida yozilgan kitoblarda uchraydi. Qisqaroq mantralar uchun moʻljallangan kitoblar toʻrtburchaklar katakchadan iborat boʻlib, har bir katakcha mantraning bir nusxasini oʻz ichiga oladi. Amaliyotchilar dekorativ yoki ramziy naqsh yaratish uchun turli rangdagi siyohdan foydalanishlari mumkin.

Tibet buddistlari diniy amaliyotlarining katta qismi sifatida japa meditatsiyasini oʻz ichiga oladi. Tibetda, deydi Harvey Alper, ibodat gʻildiraklari japa uchun maxsus asboblardir.[17] Sof yer buddizmidagi nembutsu amaliyoti japa bilan oʻxshashdir.

Japadan koʻzlangan maqsad mantraga va amaliyotchining diniy falsafasiga qarab turlicha boʻlishi mumkin. Buddist va hindu urf-odatlarida mantralar daʼvogarlarga guru tomonidan, baʼzi bir qabul qilish marosimlaridan soʻng berilishi mumkin. Belgilangan maqsad moksha, nirvana, bhakti yoki ibodatga oʻxshash ilohiy kuch bilan oddiy shaxsiy muloqot boʻlishi mumkin. Koʻpgina gurular, maʼnaviy oʻqituvchilar va boshqa diniy rahbarlar, ayniqsa, hindu va buddistlar, ular bir xil oʻzgartirilgan ong holati uchun turli nomlarni ifodalaydi, deb oʻrgatishadi. Biroq, bu daʼvo maʼnaviy oʻsish va oʻzini oʻzi anglash uchun moʻljallanmagan mantralar haqida emas.[lower-alpha 1]

Oʻz-oʻzini anglash yoki ilohiy kuch bilan yaqinlikni rivojlantirish uchun moʻljallangan mantrani uzoq vaqt ishlatgandan soʻng, odam ajapa japa yoki lit „takrorlanmas takrolanish“ holatiga kelishi mumkin, bunda mantra ongda oʻzini „oʻzini takrorlaydi“.[7] Shunga oʻxshash holatlariga ham boshqa asosiy eʼtiqod anʼanalari tarafdorlari tomonidan oʻzlarining urf-odatlaridan kelib chiqqan holda ibodat qilish orqali erishilgan.

Boshqa anʼanalardagi analoglar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Takrorlashni oʻz ichiga olgan baʼzi katolik ibodat shakllari, masalan, tasbeh yoki turli xil boʻlimlardan birini ishlatish, japaga oʻxshaydi, ammo amaliyotlar bir xil emasligi ularning maqsadlari bilan farqlanadi. Japaga juda oʻxshash takroriy qisqa ibodatlarning aqliy usullari xristian anʼanalarida ham qoʻllanadi, masalan, Sharqiy pravoslav cherkovida uchraydigan Iso ibodatini takrorlash amaliyoti bunga misol boʻla oladi.[18][19] Soʻfiylarning zikr qilish amaliyoti japaga oʻxshaydi. Ikki asosiy sikx oyatlari japa atamasi bilan atalgan boʻlimlar bilan boshlanadi va ular Japji Sahib va Jaap Sahib deb nomlanadi.[20]

Mashhur yapon mantralari

Umumiy

  1. Masalan, sehrli yoki yashirin maqsadlarda foydalanilganda.
  1. Beck (1995).
  2. Chapple (2015).
  3. Deol (1998).
  4. Kohli (1993).
  5. Dasgupta & Dasgupta (1958).
  6. SSRF (n.d.).
  7. 7,0 7,1 Easwaran (2008).
  8. Apte (1890).
  9. Ashley (2006).
  10. Keshavadas (1990).
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 Monier-Williams (2005).
  12. 12,0 12,1 Padoux (2011).
  13. Saraswati (1986).
  14. Raghavan (2011).
  15. 15,0 15,1 BhaktiratnaSadhu (2020).
  16. Saraswati (1981).
  17. Alper (1991).
  18. Oman & Driskill (2003).
  19. Sjögren (1996).
  20. Singha (2009).

Bibliografiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]