Kontent qismiga oʻtish

Jazodan ozod qilish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jazodan ozod qilish — baʼzi jinoyat qilganlarga jazo tayinlamaslik, tayinlangan jazoni oʻtashdan batamom yoki qisman ozod qilish. Jazodan ozod qilish jinoyat huquqining muhim insonparvarlik tamoyillaridan biri boʻlib, shaxsga nisbatan tayinlangan jinoiy jazoni ijro etmasdan ham uni tarbiyalash mumkin, u jamiyat uchun hech qanday xavf tugʻdirmaydi yoki jazoning qolgan qismini real ravishda oʻtashi maqsadga muvofiq emas, degan qatʼiy xulosaga kelinsa qoʻllanadi. Oʻzbekisto Respublikasi jinoyat huquqiga koʻra, jazodan ozod qilish, sud tomonidan ayblov hukmi chiqarilib jazo tayinlanganidan keyingina qoʻllanadi. Jinoiy jazodan faqat sud ozod qiladi. Shuningdek, Oʻzbekisto Respublikasining prezidentiga afv etish va amnistiya akti orqali jazodan ozod qilish vakolati berilgan. Jazodan ozod qilish 2 guruhga boʻlinadi: 1) jazodan toʻla ozod etish; 2) jazodan qisman ozod etish. Jazodan toʻla ozod etishda sud ayblov hukmini chiqargan va jazo tayinlangan holda jinoiy jazoni ijro etmaslik haqida qaror qabul qiladi. Bu guruhga jazodan ozod qilishning quyidagi turlari kiradi: jazoni ijro etish muddati oʻtib ketganligi; shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotishi; aybdorning chin koʻngildan pushaymon boʻlganligi; shartli hukm qilish. Jazodan qisman ozod etishda mahkum sud tomonidan tayinlangan jazoning bir qismini oʻtaydi hamda jazoning oʻtalmagan qismidan ozod etiladi yoxud ushbu jazo yengilrogʻi bilan almashtiriladi. Bu guruhga quyidagilar kiradi: jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish; jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish. Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotish oqibatida jazodan ozod qilish, amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish xususiyatiga koʻra, toʻla yoki qisman jazodan ozod qilishga misol boʻlishi mumkin. Bulardan tashqari voyaga yetmaganlarga nisbatan tarbiyaviy xususiyatdagi majburlov choralarini qoʻllagan holda jazodan ozod qilish ham bor. Jazodan ozod qilishning har bir turini qoʻllash asoslari Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalarida koʻrsatilgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil