Jazoni ijro etish muassasasi
Jazoni ijro etish muassasasi — sud hukmiga binoan belgilangan jazolarni ijro etuvchi muassasalar va organlar. Jazolarning turlariga qarab bu jazolarni ijro etuvchi organ va muassasalar bir-biridan farq qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi JIKga binoan, jarima tariqasidagi jazo sud tomonidan, ozodlikdan mahrum qilish, qamoq, axloq tuzatish ishlari, oʻlim jazosi ichki ishlar organlari tomonidan ijro etiladi. Ozodlikdan mahrum qilish — Ichki ishlar vazirligi qoshidagi jazolarni ijro etishning bosh boshqarmasi tashkil qiladigan jazolarni ijro etish koloniyalari, turma qamogʻi va tarbiya koloniyalari tomonidan, qamoq jazosi — qamoq uylari va tergov izolyatorlari tomonidan, axloq tuzatish ishlari — ichki ishlar organlarining inspeksiyalari tomonidan ijro etiladi. Axloq tuzatish ishlarini ijro etishda korxona va tashkilotlar maʼmuriyati yordam beradi. Muayyan huquqdan mahrum qilish toʻgʻrisidagi hukm talabi — mahkumning ish joyidagi maʼmuriyat tomonidan, shuningdek, tegishli faoliyat turlari bilan shugʻullanishga berilgan ruxsatnomani bekor qilishga vakolatli organlar tomonidan ijro etiladi. Harbiy xizmatchilarga nisbatan: xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazo — ular xizmatni oʻtayotgan joydagi harbiy qismlar (muassasalar)ning qoʻmondonligi tomonidan; qamoq tariqasidagi jazo — garnizon gaupvaxtalari tomonidan; intizomiy qismga joʻnatish tariqasidagi jazo — maxsus tashkil etilgan harbiy qismlar tomonidan; harbiy yoki maxsus unvondan maxrum qilish — mazkur unvonni bergan organ tomonidan ijro etiladi. Bundan tashqari tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan majburlov choralarini qaysi muassasalar qay yoʻsinda ijro etishi ham belgilab qoʻyilgan (Oʻzbekiston Respublikasi JIK, 15-modda).
Bahrom Ahrorov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |