Jazuliy Muhammad
Jazuliy Muhammad (toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Sulaymon Jazuliy). Fas shahrining Jazula vohasida dunyoga kelgan. Nasab jihatidan imom Hasan va Fotima (r.a.) orqali Muhammad (a.s.)ga borib taqaladi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazuliy, Muhammad ta’limni Fas shahridagi «as-Safarin» madrasasida olgan. Manbalarda uning uyi madrasa yaqinida joylashganligi shu sababli kun boʻii uyiga chiqmay madrasada ilm bilan mashgʻul boʻlgani keltirilgan. U madrasada ta’lim olgan kezlarida «Daloil al-xayrot»ni yozib tugatgan. Shundan soʻng, oʻziga ustoz qidirib, turli mamlakatlarga safar uyushtirgan. Jumladan 7 yil mobaynida Hijozda oʻziga munosib ustoz axtargan. Bu vaqt oraligʻida Misr va Quddus shahrida boʻlgan.
Madinada 4 yil mobaynida ilm oʻrgangan, haj ibodatini amalga oshirib, Marokashga qaytib kelgan. Ba’zi manbalarga koʻra, umrining qirq yilini ilm talabida oʻzga yurtlarda oʻtkazgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Shundan soʻng Fas shahridan chiqib, as-Sahl shahriga safar qiladi. U yerda zamonasining yetuk shayxi Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Sugʻayyarning xizmatida boʻlgan. Shu vaqt mobaynida shoziliya tariqatiga xos tarzda uzlatga chekingan. Ushbu uzlat 14 yil davom etgan. 14 yildan soʻng shayxlik maqomiga ega boʻlib, shoziliya tariqati asoslarini odamlarga yetkazishga kirishgan. Qisqa vaqt ichida mashhurlikka erishib, unda koʻplab karomatlar sodir boʻlgan.
Jazuliy umri mobaynida Qur’on va sunnatga tayangan holda hayot kechirgan. Uning shu fazilati tufayli ham tarafdorlari soni ortib, shoziliylik tariqati nafaqat Marokashda balki boshqa koʻplab oʻlkalarda ham tanilgan.
Ilmiy merosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bugungi kunda yurtimiz qoʻlyozma fondlarida Muhammad Jazuliyning «Daloil al-xayrot» asari koʻplab adadlarda saqlanishi, ushbu kitobni oʻqitish uchun maxsus «daloilxona» ta’lim muassasasi mavjud boʻlgani ham uning qanchalik xalqimiz uchun qadrli boʻlganini namoyon etadi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazuliy, Muhammad 1465 yili bomdod namozini oʻqiyotgan vaqtida muxoliflar tarafidan oʻldirilgan. Uning janozasi Sus shahridagi oʻzi asosini qurdirgan masjidda oʻqilgan. Jazuliy vafotidan 77 yil oʻtgach, qabrini ochib, qayta dafn etish uchun uni Marokashga olib ketilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360-bet. ISBN 978-9943-12-346-5.