Jigariston surilmasi
Jigariston surilmasi – Toshkent viloyatining Angren tumani Jigariston qishlogʻidagi surilma. 1991 y. 4 mayda soat 6 dan 45 min. oʻtganda sodir boʻlgan. Jinslarning surilishi 1969 yilda hosil boʻlgan darzlik boʻyicha 170 ming m3 hajmda, 35—40° qiyalikda, 140 m balandlikda roʻy bergan. Darzlikning rivojlanishi bir necha yil davom etgan. Natijada u sirk shaklini olgan, yon chegaralari aniq koʻrinishda boʻlib surilmaning yuqori qismi 0,5 m ga choʻkkan. 1-may kuni yuz bergan yer silkinishi, karʼyerdagi portlatish va yomgʻir suvlarining surilma qatlami ostida toʻplanishi jarayonni tezlashtirgan. Surilish nihoyatda tez surʼatda kechgan, natijada aholi orasida qurbonlar boʻlgan. Surilgan tuproqning qalinligi baʼzi joylarda 20 m ga yetgan. Jigariston qishlogʻining surilma ostida qolgan qismi shahidlar qabristoni deb nomlandi. Jigaristonlik bir qancha oila boshpanasiz qoldi. Tabiiy ofatdan jabr koʻrgan aholi uchun qisqa muddat ichida davlat tomonidan xavfsiz joyda yangi Jigariston shaharchasi qurildi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |