Kontent qismiga oʻtish

Jinsiy hayot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
"Odam va Momo Havoning birinchi o'pishi" rasmi, Salvador Viniegra, 1891 yil

Jinsiy hayot — jinsiy halovat qaror topishiga qaratilgan murakkab jismoniy, ruhiy va ijtimoiy jarayonlar majmui. Jinsiy hayot urugʻ (avlod)ni davom ettirishi bilan birga erkak va ayol oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlikni ham ifoda etadi. Jinsiy hayotdagi ruhiy va jismoniy tomonning nisbati, shuningdek, seksuallikning har xil shakliga munosabat turli jamiyatda turlicha boʻlib, har bir jamiyatning oʻz jinsiy axloq normalari bor. Seksuallikka tegishli narsalar inson turmushida katta ahamiyatga ega, lekin uni inson hayotini belgilab beradigan asosiy omil deb qaramaslik lozim (qarang Jinsiy tarbiya). Har bir kishining jinsiy hayot xususiyatlari koʻpgina omillarga — irsiyati (tugʻma), gormonlari (qarang Jinsiy gormonlar), asablariga aloqador omillarga, shuningdek, shaxcning individual xususiyatlariga bogʻliq. Odamning yoshi, jinsi, shaxciy xususiyatlari va bosh omillarga qarab jinsiy hayot har xil boʻladi. Jinsiy hayot balogʻat yoshiga qarab boshlanadi (qarang Balogʻatga yetish). Jinsiy hayotni 18—20 yoshdan keyin boshlash kerak. Qiz bolaning 12—14 yoshda hayz koʻrishi — uni bu yoshda jinsiy hayotga tayyorligini bildirmaydi. Uning organizmi 18—20 ga borib mukammal shakllanadi. Qiz bilan yigit oʻrtasidagi muhabbat yoki er-xotin orasidagi yaqinlik munosabatlari OʻzRda oila va nikoh normalari asosida belgilangan. Oʻgʻil bolalarga nisbatan qizlar ertaroq (2—3 yil) balogʻatga yetadi, lekin erkakning yoshi ulgʻayganiga qaramay ularda bola tugʻdira olish funksiyasi hiyla uzoq davom etadi. Er-xotinlik munosabatlari ular oʻrtasidagi yosh tafovutlariga ham bogʻliq boʻlib, turmush qurayotganda uni nazarda tutish lozim. Jinsiy hayotning asosini jinsiy aloqa tashkil etadi, uning muhim tomonlari libido — jinsiy mayl, ereksiya — jinsiy qoʻzgʻalish, eyakulyasiya — shahvat toʻkilishi va xush yoqish — orgazmdir. Jinsiy aloqaning tez-tez yoki vaqt-vaqti bilan boʻlishi odamning tugʻma xususiyatlari, yoshi, sogʻligʻi, ijtimoiy omillar (olgan tarbiyasi, turmush sharoiti va b.)ga bogʻliq. Turmush qurgandan keyin jinsiy aloqa bir maromga tushadi. Jinsiy yaqinlik qilishni hammaga bir xil qilib — qolipga tushirib qoʻyish yaramaydi, chunki bir kishi uchun normal hisoblangan narsa boshqa odam uchun odatdan tashqaridek boʻlib koʻrinishi mumkin. Jinsiy hayot odam organizmidan juda katta kuch, his-hayajon va ehtiros talab etadi. Shu sababli oʻtkir miokard infarqti, insult, gipertoniya krizi, meʼda yarasining bot-bot qonab turishi va b. ogʻirroq hollarda jinsiy yaqinlik qilish xavfli hisoblanadi.

Ayol boʻyida boʻlib qolganida jinsiy aloqani davom ettirib borsa boʻladimi, degan masala muhim. Ginekolog va seksopatolog mutaxassislar bu davrda jinsiy yaqinlikdan butunlay voz kechish shart

Usmonlilar imperiyasida jinsiy hayot

emas, lekin aloqa vaqtida bir qadar ehtiyot boʻlish kerak, deb hisoblaydilar. Homiladorlikning dastlabki va oxirgi 2—3 oyi davomida, shuningdek, ayolning koʻzi yoriganidan keyin dastlabki 2 oy ichida jinsiy aloqadan oʻzni tiyib turish kerak. Bu erkak kishiga, agar u jinsiy jihatdan juda faol boʻlib kelgan boʻlsa ham, hech bir ziyon-zahmat bermaydi. Qanday boʻlmasin biror ishga berilib ketish odatda kishining diqqatini hirs qoʻzishidan chalgʻitadi. Maromida ovqatlanish, oilada totuvlik, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, sogʻlom turmush tarzi Jinsiy hayotda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Jinsiy aloqaga birinchi marta kirishayotgan yosh qizda seksuallik koʻpincha "mudroq holda" boʻladi, shu bois kuyov uning roziligiga qarshi, birinchi kechaning oʻzida yaqinlik qilishni talab etmasligi, u oʻz xotinining maylini ham oʻylab koʻrishi, uning koʻnglidan vahimasi yozilib, yangi sharoitga oʻrganib olishi uchun imkon berishi kerak; jinsiy aloqa er-xotinning roziligi bilan qilinadigan va koʻngil oʻrniga tushadigan sharoitda oʻtadigan boʻlsa, u erga ham, xotinga ham huzur beradi. Jinsiy hayotni soddalashtirib, vaqt-vaqtida shunchaki takrorlanib turadigan jinsiy aloqadan iborat qilib qoʻyish va shuning natijasida er-xotin oʻrtasidagi munosabatlarning zerikarli bir qolipda boʻlib qolishi koʻpgina noxushliklarga olib kelishi mumkin. Mudom ichkilik ichib, chekib yurish erkaklar mizojini susaytirib yuboradi. Mastlikda bunyodga kelgan bolalar aqliy va jismoniy zaif boʻlib tugʻilishini unutmaslik kerak. Kishi umrining turli davrlarida jinsiy funksiya turlicha boʻladi. Rastalik davrida jinsiy mayl (libido) uygʻonib, oʻgʻil bolalarda ixtilom, qiz bolalarda hayz boshlanadi. Keyingi davr (20— 26 yasharlik payt), odatda, nikoh bilan tugaydi. J. h.ni barvaqt boshlash jinsiy aʼzolar kuchining qirqilishiga, jinsiy faollikning susayib ketishiga olib keladi. Yetuk seksuallik davri deb hisoblanadigan 27—50 yasharlik payt jinsiy faollikning bekamu koʻst boʻlishi bilan ifodalanadi. Keyingi davrda jinsiy faollik asta-sekin pasayib, soʻnib boradi.

Jinsiy funksiya aslida instinktga, shartsiz reflekslarga asoslangan boʻlsa ham har qalay juda nozik funksiya, chunki insonda u nerv sistemasi oliy boʻlimlarining faol ishtirokida yuzaga chiqadi va kishining his-tuygʻulari, kechinmalariga bogʻliq boʻladi. Bu — hayot uchun muhim funksiyalar jumlasiga kirmasada, uning biror tarzda buzilishi, dilxiralik, mudom asabiylashib yurish, oilaviy janjallar, hatto oilaning buzilib ketishiga olib keladi; shuning uchun J. h.ning totuvlik, osoyishtalik bilan oʻtishini taʼminlash ijtimoiy jihatdan ham ahamiyatga ega. Bunda Jinsiy hayot gigiyenasining roli katta (qarang Jinsiy gigiyena). Jinsiy hayotda odamga falon narsa norma boʻladi deb aniq, belgilab berib boʻlmasada, kishi oʻziga moc keladigan baʼzi meʼyorga amal qilib borishi; jinsiy talabni qondirishda ikki kishi ishtirok etgani uchun yaqinlik shu ikkala odamga ham toʻla qanoat beradigan boʻlishiga erishish zarur. Kishining yoshi qaytib qolgan chogʻida jinsiy faollikning asta-sekin pasayib borishi tamomila fiziologik hodisa. Lekin bu turli kishilarda turlicha muddatlarda boshlanadi. Yosh qaytgan chogʻda jinsiy faollikni sunʼiy yoʻllar bilan kuchaytirish sogʻliq uchun zararli. Toʻgʻri kun tartibiga amal qilish, vaqtida ovqatlanish, badan tarbiya va sport bilan shugʻullanish Jinsiy hayotning bir maromda kechishiga yordam beradi.

Jinsiy aʼzolarning raso ishlab turishi boshqa ichki aʼzolar, xususan ichak va qovuqning holatiga ham bogʻliq. Jinsiy aʼzolarni, ayniqsa ayollar jinsiy aʼzolarini sovqotishdan va turli yalligʻlanish kasalliklaridan saqlash muhim. Baʼzan Jinsiy hayotni odatdagidek yoʻlga solib olish uchun mutaxassis seksopatolog bilan maslahatlashib olishga toʻgʻri keladi. Jinsiy tomondan oʻzgarishlar boʻlganda, albatta, vrachga murojaat qilish lozim.

  • Rahmatov B. R., Quloqqa aytiladigan gaplar [2-nashri], T., 1995.

Berdimurod Saidqoriyev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil