Jiraquduq tosh o'rmoni
Jiraquduq toshoʻrmoni[1] — Navoiy viloyati Uchquduq tumani tumani Mingbuloq ovulidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan „Jiraquduq“ (oʻzbek tilida „jira — jilgʻa“ maʼnosini bildiradi) darasidagi bundan 95-100 million yil avval mavjud boʻlgan „Tosh oʻrmon“, deb ataluvchi noyob geologik, poleontologik, tarixiy va tabiiy obyekt.
Oʻttiz million gektar maydonni egallab yotgan Qizilqum kengliklari oʻrnida bundan bir necha million yillar ilgari Tetis dengizi mavjlanib turgan, degan taxminlar mavjud. Negaki, hozir ham Mingbuloq ovuli atrofida tosh qotgan chigʻanoqlar, akula tishlari va suyaklari, hatto oʻrdakburun dinozavrning toshga aylangan suyaklarini uchratish mumkin. U dunyo olimlarini hamon oʻziga jalb qilmoqda. Kaliforniyalik paleontolog olim, professor Jeyms Devid Archibald rahbarligidagi Oʻzbekiston, Rossiya, Buyuk Britaniya, Amerika va Kanada davlatlari hamkorligida faoliyat yuritgan (OʻRBAK) Xalqaro ekspeditsiya saʼy-harakatlari bilan Qizilqum tabiatining bunday noyob moʻjizasi toʻgʻrisida koʻpchilik xabardor boʻldi.
Bu moʻjiza Tetis dengizi qirgʻoqlari va unga kelib tushgan meteoritlar bilan bogʻliq degan taxminlar bor. Aytishlaricha, koinotdan yerga meteoritlarning qulashi natijasida dengiz suvi parchalanib, bu yerlar yuz yillar davomida quyosh nuridan panada — chang va toʻzon girdobida qoladi. Natijada barcha fizik jinslar kimyoviy tarzda qorishib dengiz atrofidagi oʻrmonzorlar, suvda va quriqlikda yashagan hayvonlar oʻzga bir shaklga, yaʼni toshga aylanadi.
Haqiqatdan ham „Toshoʻrmon“ hududida boʻlgan kishi tarixiy-tabiiy manzarani: tosh qotgan chigʻanoqlar, akula tishlari va skeleti suyaklari, daraxt tanalari, hattoki, oʻrdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarini ham koʻrish mumkin. Bularning barchasi Qizilqum hududi qachonlardir okeanning bir boʻlagi boʻlganidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, bu oʻlkaning tarixi uzoq-uzoqlarga borib taqaladi. Qoya toshlarga bitilgan rasmlar, toshga aylangan daraxtlar, tosh qotgan oʻrdakburun dinozavrlar moziydan sado berib turibdi.
«Qizilqum sahrosining geologik holatini oʻrganish uchun katta tadqiqot ishlari oʻtkazilgan. Bundan 50-60 yil ilgari Jiraquduq darasi mutaxassislar tomonidan mukammal oʻrganib chiqilgan. Olimlarning toshoʻrmon haqidagi ilmiy pasportlarini oʻrganib chiqqanimizda mana shu hududda bundan 100 million yil muqaddam Tetis dengizi boʻlgani haqidagi ma’lumotlarga duch keldik. Ayniqsa, Qizilqum sahrosida qadimda dunyodagi eng yirik oʻtxoʻr dinozavrlar yashaganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar ham bor. Bu ma’lumotlarni tasdiqlash maqsadida Jiraquduqdan topilgan dinozavrning suyaklari olinib, ilmiy-tekshirish institutlarida oʻrganilgan. Haqiqatan ham dinozavrning hamda dengizda yashagan yirtqich baliqlarning topilgan suyaklaridan tajriba oʻtkazib, jonivorlarning turi hamda yoshini aniqlash imkoniyatiga ega boʻlingan. Bu yerda suvda yashagan yirtqich baliqlarning tishlari, umurtqa va bosh chanogʻi suyaklari tosh qotgan holatda sochilib yotibdi. Buning uchun kovlab, arxeologik tadqiqot qilib oʻtirishga hojat ham yoʻq. Faqat unga tegmaslik kerak, xolos. Bularni koʻrish har bir sayyoh uchun qiziqarli. Agar sayyohlarga yaxshi turistik xizmatlar yoʻlga qoʻyiladigan boʻlsa, bu hudud kelgusida Oʻzbekistonga juda katta manfaat keltiradi[2]», — deydi Sarmishsoy davlat muzey qoʻriqxonasi rahbari Ramazon Egamov.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Qodirova, Rayhon „Jiraquduq tosho'rmoni“ (o'zbekcha). uchquduq-gazetasi.uz. Qaraldi: 9-noyabr 2022-yil.
- ↑ Saburov, Ruslan „Qizilqumdagi gʻaroyib hudud“. kun.uz (18-dekabr 2021-yil). Qaraldi: 9-noyabr 2022-yil.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |