Kontent qismiga oʻtish

Joʻmart Boʻqoʻnboyev

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Joʻmart Boʻqoʻnboyev
Tavalludi 1910-yil 16-may
Vafoti 1944-yil 1-iyul
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va SSSR
Kasbi qirgʻiz shoiri, dramaturg

Joʻmart Boʻqoʻnboyev (1910-yil 16-may — 1944-yil 1-iyul) — qirgʻiz shoiri, dramaturg. Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1938—1944). Qirgʻiz dostonchiligi va dramaturgiyasida sezilarli iz qoldirgan, dostonchilikning dastlabki namunalarini yaratgan.

Jo‘mart Bo‘qoʻnboyev 1910-yilning 16-may sanasida Farg‘ona viloyatining Mozor-Soy qishlog‘ida (hozirgi Jalolobod viloyati To‘qto‘g‘ul tumani) kambag‘al dehqon oilasida dunyoga kelgan. Boʻqoʻnboyevning onasi zehni oʻtkir ayol bo‘lib, xalq maqollari va matallari, ertaklarini xotirasida yaxshi saqlab qolgan. Boʻqoʻnboyev besh yoshga to‘lganida, otasi oʻldiriladi va onasi boy Borbu Nuraliyevning uchinchi xotini boʻlishga majbur boʻladi. Otasidan erta ayrilgan Boʻqoʻnboyev va uning opasi Ziyoda boy Borbuning tarbiyasiga oʻtadi, ammo oʻgay ota boy Borbu ularga juda yomon munosabatda boʻladi. 1924-yilda Bo‘qoʻnboyev komsomolga o‘tadi va oʻqishini davom ettirish maqsadida Jalolobodga joʻnab ketadi. Viloyat komsomol qo‘mitasi uni bolalar uyiga joylashtiradi va Boʻqoʻnboyev ikki yil davomida shu yerda yashaydi. 1926-yilda bolalar uyi Boʻqoʻnboyevni Oʻshdagi pedagogika texnikumiga oʻqishga beradi. Oradan ikki yil oʻtib, texnikum rahbariyati Boʻqoʻnboyevda shoirlik iqtidori bor ekanligini sezadi va uni oʻqishni tugatishi uchun respublika poytaxtiga yuborishadi[1].

1929-yilda Boʻqoʻnboyev Moskvada boʻlib oʻtgan birinchi Butunittifoq pionerlar mitingida ishtirok etadi. „Qizil uchqun“ adabiy toʻgaraklarida qatnashgan, shuningdek, „Qizil Qirgʻiziston“ gazetasida boʻlim mudiri lavozimlarida ham faoliyat yuritgan[2][3]. Gazeta tahririyatlarida ishlash, qishloq va viloyatlarga xizmat safarlari shoirga respublika hayotini kengroq his qilish imkonini bergan, shuning uchun ham Boʻqoʻnboyev keyinchalik kolxozlar, maktablar va taʼlim dasturlarini yangitdan yaratish va mavjudlarini yaxshilash ishlariga jiddiy eʼtibor qaratgan, qizlarning erta turmush qurishi va ularni majburan turmush berishga jiddiy ravishda qarshilik koʻrsatgan[1].

1932-yilda Boʻqoʻnboyev KPSS safiga qoʻshiladi. 1933—1935-yillarda V. V. Vorovskiy nomidagi Leningrad davlat jurnalistika institutida talim olgan, so‘ngra „Lenin yoshligi“ gazetasida va adabiy-badiiy va ijtimoiy-maʼrifiy gazetalar muharriri boʻlib xizmat qilgan. 1941-yilda Boʻqoʻnboev Sovet Armiyasi safiga oʻz ixtiyori bilan joʻnaydi va u yerda „Za Rodinu, vperyod!“ diviziya gazetasiga muharrir etib tayinlanadi.

Joʻmart Boʻqoʻnboyev 1944-yilda xizmat safari chog‘ida avtohalokat natijasida vafot etadi[4][3] va Ala-Archa qabristoniga dafn etiladi.

Joʻmart Bo‘qoʻnboyev texnikumda o‘qib yurgan kezlarida komsomol tashkiloti tomonidan tashkil etilgan devoriy gazeta va „Jo‘ja“ qo‘lyozma jurnali nashr eta boshlangan edi. Ushbu gazeta va jurnalning deyarli har bir sonida Bo‘qonboyevning kamida bir bayti yoki misralarini uchratish mumkin edi[1]. Boʻqoʻnboyev Baymanap mafkurasiga qarshi kurashda ishtirok etib, „Mening qoʻshigʻim“, „Mening qonim“, „Bizning qalam“, „Kim qanday qoʻshiq aytadi“, „Bizning reja“, „Yangi Oloy“ kabi bir qancha sheʼrlar yozadi. Q. Malikov, A. Osmonov, A. To‘qo‘mboyev va boshqalarning qayd etishicha, uning ijodida „yorqinlik“ va „taʼlimotlarga o‘ta sodiqlik“ bor edi. Bo‘qoʻnboyevning ilk asarida tadqiqotchilar uning Oktyabr inqilobigacha bo‘lgan munosabatlarni qoralash istagi borligini qayd etganlar, buni shoirning „Uch qarg‘a“ satirasida ham kuzatish mumkin[1]. Boʻqoʻnboyev asarlarida qirgʻiz xalqi tarixi, ularning Ikkinchi jahon urushidagi qahramonligi, mamlakat ichkarisidagi fidokorona mehnati oʻziga xos ravishda tasvirlanadi.

Bundan tashqari „Chu dalasi“ (1930), „Turksib“ (1932), „Gul turmush“ (1939), „Ajal va nomus“ kabilar qirgʻiz sheʼriyatining sara asarlaridan hisoblanadi. „Mening Fargʻonam“ asarida qismati, turmush tarzi bir-biriga oʻxshash oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi qardoshlik oʻziga xos tarzda tarannum etiladi. Boʻqoʻnboyev, shuningdek, „Oltin qiz“ (1937), „Qargʻasha“ (1937) dramalari, „Oychurek“ (1937), „Toʻqtagul“ (1939) opera librettolari bilan ham qirgʻiz teatr sanʼati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan[5].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Керимжанова 1960.
  2. Самаганов 1969.
  3. 3,0 3,1 Орузбаева-Даниярова 2021.
  4. „Жоомарт Бөкөнбаев — өмүр баяны“ (ky). Sputnik Кыргызстан (2016-yil 6-dekabr). 2020-yil 24-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 24-fevral.
  5. „BOʻQOʻNBOYEV“.