Kontent qismiga oʻtish

Jome madrasasi (Andijon)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jome madrasasidan yoʻnaltirildi)
Jome madrasasi
Muqobil nomlari Mahmudaliboy madrasasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Madaniy meros obyekti — davlat muhofazasida
Turi Madrasa
Manzili Erkin MFY, Abdurauf Fitrat koʻchasi, 256-uy
Shahar Andijon
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1882-yil
Qurilishi tugagan 1889-yil
Texnik holati
Qavatlar soni 2
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Isaxon Muhammad Muso oʻgʻli
Map
Kalabod madrasasining oʻrni xaritada

Jome madrasasi (baʼzi manbalarda Mahmudaliboy madrasasi, Mahmudaliboy jome madrasasi) — Oʻzbekistonning Andijon shahrida joylashgan meʼmoriy yodgorlik. Nasriddinbek madrasasi oʻrnida Mahmudaliboy Xolmirzaboyev donatorligida bunyod etilgan. Yonida joylashgan Jome masjidi va minorasi bilan birgalikda Jome meʼmoriy majmuasini tashkil qiladi.

Madrasa Rossiya imperiyasining Turkiston general-gubernatorligi Andijon shahrida, mahalliy ulamolarning tashabbusi va Mahmudaliboy Xolmirzaboyevning mablagʻlari evaziga 1882—1889-yillarda bunyod etilgan.

Muhammadaliboy madrasasi tarixi Nasriddinbek madrasasi bilan chambarchas bogʻliqdir. Mahmudaliboy Xolmirzaboyevni Andijon shahrida hashamatli jome masjidi va madrasa qurish niyati boʻlgan. Mahalliy ulamolar Mahmudaliboyga Nasriddinbek qurdirgan masjid oʻrnida yangi masjid qurishni iltimos qilib murojaat qilishgan. Shu bois Mahmudaliboy shahar oʻrdasi yonida eski masjid oʻrnida masjid va keyinroq uning yonida madrasa qurishni boshlagan. Mahmudaliboy jome masjidining qurilishi 1885-yilda, madrasasining qurilishi esa 1889-yilda nihoyasiga yetadi. Ularga Mahmudaliboy dastlab 1840 tanob ekin yerini va 2 ta karvonsaroyini, keyinchalik 4 ta karvonsaroyini, 34 ta doʻkonini va bir nechta yer uchastkalarini vaqf qilib bergan. Mahmudaliboy jome madrasasi oʻquv-tarbiyaviy ishlarini rasman 1892/93-yilda (1894-yilda[1]) boshlagan. 1890-yillarda madrasaning nomi butun Fargʻona vodiysiga tarqalib, mashhur boʻlib, unga qiziquvchilarning unga kirib oʻqishni xohlovchilarning soni yildan-yilga ortib borgan. Madrasaning 25 ta hujrasidan tashqari madrasa hovlisiga qoʻshimcha hujralar qurishga, talabalarni joylashtirishga togʻri kelgan. Talabalar soni ortishi bilan madrasa mudarrislari, boshqa xizmatchilar soni ham, xarajatlar ham, ortib borgan[2].

Madrasa 1920-yillarda ham oʻz faoliyatini davom ettirgan va keyin sovet organlari tomonidan yopilgan. Madrasa binosi 1930-yildan bozor, Ikkinchi Jahon urushi yillarida — aholi turar joyi[1], soʻngra — omborxona sifatida foydalanilgan. Keyinchalik unda Oʻzbekiston SSR FA Adabiyot institutining Adabiyot muzeyi tashkil etilgan[1]. 1989—1995-yillarda madrasaning oʻquv sohasidagi faoliyati kam muddat qayta tiklangan. 1995—2016-yillarda esa unda Andijon viloyat adabiyot va sanʼat muzeyi faoliyat koʻrsatib kelgan[3].

Madrasa hozirda davlat muhofazasiga olingan — Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[4].

Madrasa binosi toʻrtburchak shaklda qurilgan. Sharq tomonga qaratib tiklangan madrasa peshtoqining yuqori qismi ikki yonida bezakli guldastalar mavjud. Darsxonalar madrasaning ikki burchak xonalarida joylashgan[5]. Darsxonalar orasida 2 qavatli hujralar joylashgan[1]. Hujralari soni 50 taga yetgan[5]. Binoni bezashda Isaxon, Yusufali Musayev va boshqa ustalar qatnashgan[5].

Madrasa 5 ta gumbazdan tashkil topgan. 1902-yili Andijonda boʻlgan zilzilada ulardan biri buzilib tushgan. 1906-yilda shu gumbaz yodgorlik sifatida qolishi uchun Yusufali Musayev tomonidan madrasaning ikkinchi qavatida kichraytirilgan shaklda qayta tiklanadi[5].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Andijon tarixi 2014, s. 187.
  2. Alimov 2017, s. 162—172.
  3. „Andijonning sayohatbop 7 maskani (fotojamlanma)“. Kun.uz (2020-yil 21-may). Qaraldi: 2022-yil 8-fevral.
  4. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 8-fevral.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Sobirjonov 2022, s. 124—126.

Ilmiy kitoblar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Alimov I.. Qoʻqon xonligi madrasa va maktablari tarixi: monografiya. Toshkent: Fan, 2017 — 304-bet. 
  • Matboboyev B. X., Mashrabov Z. Z.. Andijon tarixi: (qadimqi davrdan XX asr boshlarigacha). Toshkent: Sharq, 2014 — 280-bet. 

Ilmiy maqolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]