José Napoleón Duarte
Napoleon Duarte | |
---|---|
ispancha: Jose Napoleon Duarte Fuentes | |
36-Salvador Prezidenti | |
Mansab davri 1-iyun 1984-yil – 1-iyun 1989-yil | |
Oʻtmishdoshi | Alvaro Borxa |
Vorisi | Alfredo Bukard |
San-Salvador meri | |
Mansab davri 1964-yil – 1970-yil | |
Vorisi | Karlos Herrera Rebollo |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi | Santa-ana, El Salvador |
Vafoti |
23-fevral 1990-yil (64 yoshda) San-Salvador, El Salvador |
Oʻlim sababi | Oshqozon saratoni |
Fuqaroligi | |
Siyosiy partiyasi | XDP |
Turmush oʻrtogʻi | Ines Dyuran de Duarte (1928-2011) |
Bolalari | Iosif Napoleon, Ines Guadalupe, Xose Alexandro, Mariya Yelena, Mariya Yevgeniya va Anna Lotaringiya Duarte Duran |
Alma mater | Notr-Dam Universiteti |
Kasbi | Quruvchi-muhandis |
Mukofotlari |
Xose Napoleon Duarte Fuentes (1925-yil 23-noyabr – 1990-yil 23-fevral) — Salvadorlik siyosatchi, 1984-yil 1-iyundan 1989-yil 1-iyungacha Salvador prezidenti boʻlgan. 1972-yilda prezidentlikka nomzod boʻlishidan avval San-Salvador meri boʻlgan.[1] 1979-yildagi davlat toʻntarishidan soʻng Duarte 1980-yildan 1982-yilgacha fuqarolik-harbiy xuntasini boshqaradi. 1984-yilgi saylovda «ARENA» partiyasi rahbari Roberto D'Obuissonni magʻlub etib, prezident etib saylanadi.
U prezident lavozimida boʻlgan vaqti Reygan maʼmuriyati va Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan va Salvador fuqarolar urushining eng ogʻir yillari kechayotgan edi hamda Salvador xavfsizlik kuchlari va ularga aloqador boʻlgan oʻlim otryadlari tomonidan tinch aholiga nisbatan koʻplab zoʻravonlik va qirgʻinlar amalga oshirildi.[2][3][4]
Yoshligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Duarte Santa Anada tugʻilgan. 1944-yil may oyida Liseo Salvadorenoda oʻqiyotgan vaqtida, oʻsha paytdagi prezident general Maksimiliano Ernandes Martinesning oʻn ikki yillik rejimini qulashiga sabab boʻlgan norozilik namoyishlarida qatnashgan. 1945-yilda u surgundagi muxolifatga qoʻshilish uchun Gvatemala chegarasini kesib oʻtdi. Garchi oʻsha paytda u ingliz tilini bilmagan boʻlsa-da, otasi uni Indianadagi (AQSh) Notr-Dam universitetiga oʻqishga kiritdi. 1948-yilda oʻqish davomida oʻzini taʼminlash uchun idish-tovoq va kir yuvish bilan shugʻullanib, muhandislik darajasini oladi. El Salvadorga qaytib, oʻzining bolalikdagi sevgilisi Mariya Ines Duranga uylanadi. Ularning 6 nafar farzandi bor edi: Ines Guadalupe, Alejandro, Napoleon, Mariya Yevgeniya, Mariya Elena va Ana Lorena. Duarte qaynotasining qurilish firmasiga ishga kiradi va shu bilan birga oʻqituvchilik ham qila boshlaydi.
Siyosiy martabaga erishishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]San-Salvador meri
[tahrir | manbasini tahrirlash]1960-yilda Xristian Demokratik Partiyasi (PDC) asoschisi va Bosh kotibi boʻldi. Birlashgan Demokratik Partiyaning (PUD) bir qismi boʻlishiga qaramay, XDP (PDC) oʻsha yilgi Milliy Kongress saylovlarida oʻrin egallay olmadi. 1962-yilgi prezidentlik saylovlarini boykot qilgandan soʻng, Duarte 1964-yil mart oyida San-Salvador meri boʻldi. U koʻplab katta yoshdagi ishchilariga texnik bo'lishga va oʻrta maktab diplomlarini olishga yordam beradigan Kattalar uchun kechki maktablarni tashkil etdi. U iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoqlarini va boyliklarning bir qismini qayta taqsimlashni qoʻllab-quvvatladi. Duarte 1966-yil mart va 1968-yil mart oylarida boʻlib oʻtgan mer lavozimi saylovlarida osongina gʻalaba qozondi.
1970-yilda lavozimini tark etgach, oʻz koʻchmas-mulk agentligini ochadi va 1972-yil 20-fevralda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida Birlashgan Milliy Muxolifat (UNO) deb nomlangan siyosiy guruhidan ishtirok etadi. U koʻpchilik tomonidan soxta deb baholangan saylovda Arturo Armando Molinaga yutqazadi, Duarte koʻp ovoz olgani aytilgan boʻlsa-da, Molina gʻolib deb eʼlon qilinadi. Saylov kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, haqiqiy ovozlar soni Duarte uchun 327,000 ta va Molina uchun esa 318,000 ta berilgan edi.[5][1][6]
1972-yil 25-martda Duarteni qoʻllab-quvvatlagan chap qanot harbiy ofitserlari tomonidan davlat toʻntarishiga urinish boʻldi. Davlat toʻntarishi bostirilib, Duarte hibsga olindi. U qiynoqqa solinib, davlatga xiyonat qilgani uchun oʻlimga hukm qilinadi. Ammo xalqaro bosim ostida Molina uni Venesuelaga surgun qilishga majbur boʻldi. Duarte muhandislik maslahatchisi sifatida ishga joylashdi va turli qurilish loyihalarida xususiy investor sifatida ishtirok etdi. Unga xalqaro xristian-demokratik harakatida ham lavozimlar berilgan. 1974-yilda Salvadorga qaytib keladi va u yerda zudlik bilan hibsga olinib, Venesuelaga qaytarib yuboriladi.
Xunta rahbari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1979-yil 15-oktabrda Inqilobiy Hukumat Xuntasi (JRG) El Salvador ustidan nazoratni oʻz qoʻliga oldi va prezident Karlos Humberto Romeroni lavozimidan agʻdardi. Bu toʻliq miqyosdagi fuqarolar urushining boshlanishiga sabab boʻldi. Duarte 1980-yil 3-martda Salvadorga qaytib keladi va Xuntaga qoʻshilib, Salvador tashqi ishlar vaziri boʻladi.
Hukumatga qoʻshilganidan bir necha hafta oʻtgach, Duarte 1980-yil 24-martda arxiyepiskop Romero oʻldirilganidan keyin Xuntaning matbuot kotibi sifatida AQSh jamoatchiligining e'tiboriga tushdi. Rasmiy manba sifatida u hukumatning suiqasdni tergov qilishda qatʼiyatsizligini tushuntirish uchun "ikkala tomonni aybdor" deb uzr soʻraydi.[7]
1980-yil 22-dekabrda davlat va Xunta rahbari boʻldi. Farabundo Marti milliy ozodlik fronti (FMLN) bunga javoban 1981-yil 10-yanvarda hukumatga qarshi toʻliq hujum uyushtirdi, natijada rejim AQShdan zudlik bilan harbiy yordam va maslahatchilar oldi.
Ronald Reyganning yangi AQSh hukumati kelishi bilan Duarte Markaziy Amerikada "antikommunistik" qarshilik ramziga aylandi. Lekin Sovet Ittifoqi tomonidan FMLNni qoʻllab-quvvatlashi Noam Chomskiy tomonidan shubha ostiga olingan.[2]
1982-yil 28-martda Milliy Kongressga saylovlar boʻlib oʻtdi, unda Duartening Xristian-Demokratik partiyasi (PDC) 60 oʻrindan 24 tasini qoʻlga kiritdi, Millatchi Respublikachilar Alyansi (ARENA) partiyasi esa 19 ta oʻringa va Milliy kelishuv partiyasi (PNC) 14 taga ega boʻldi. 2-may kuni u hokimiyatni Milliy Kongress tomonidan prezident etib saylangan Alvaro Maganyaga topshirdi. Duarte JRG rahbari boʻlgan vaqtida yer islohotini boshladi va shakar kabi baʼzi sanoat tarmoqlarini milliylashtirdi, shuningdek, harbiylar va FMLN tomonidan inson huquqlari buzilishini qoraladi. Biroq, harbiylar va unga aloqador oʻlim otryadining harbiylashtirilgan qismlari uning JRG boshligʻi boʻlgan davrida terrorchilarni yoʻq qilish bahonasida tinch aholiga nisbatan vahshiyliklarini davom ettirdilar. Salvador armiyasi ushbu davr mobaynida Markaziy razvedka boshqarmasidan moliyaviy va moddiy yordam oldi. Kongress Markaziy razvedka boshqarmasining bevosita yordamini toʻxtatganda, boshqarma Isroildan qurol-yarogʻ yetkazib berishni tashkil qildi.[2]
Prezident (1984-1989)
[tahrir | manbasini tahrirlash]1984-yil 25-martda boʻlib oʻtgan 1984-yilgi prezidentlik saylovlarida Rodolfo Klaramaunt Kastilyo bilan birga qatnashgan Duarte (PDC nomzodi sifatida) 43,4% ovoz bilan birinchi oʻrinni egalladi. 6-mayda esa ikkinchi turda qatnashib, Milliy Respublikachilar Alyansi (ARENA) nomzodi Roberto D'Obuissonga qarshi 53,6% ovoz bilan gʻalaba qozondi. Saylovlar FMLN va Salvador harbiylari oʻrtasida saylov uchastkalarida va uning yaqinida zoʻravonliklar bilan oʻtdi. Ikkala nomzod ham urush davridagi nodemokratik fraktsiyalar bilan yaqin aloqada bo'lganligi sababli, AQSh hukumati demokratik jarayonni qoʻllab-quvvatlash va saylov uchastkalarida zoʻravonlikning oldini olish uchun taxminan 2 million AQSh dollari sarfladi. Biroq, Markaziy Amerika tarixi boʻyicha baʼzi olimlar Markaziy razvedka boshqarmasi AQSh tomonidan maʼqullangan nomzod Duartening saylanishini taʼminlagan, deb taxmin qilishadi.[8]
Duarte 1-iyunda prezident boʻldi. U fuqarolar urushini "qurolsiz muloqot" yoʻli bilan tugatishga qaror qildi va 1984-yil 15-oktabrda Chalatenangoning La Palma shahrida FMLN rahbarlari bilan yuzma-yuz uchrashdi, bu fuqarolar urushi tugashining boshlanishini jarayonini belgilab berdi. Uning asosiy maqsadi partizanlarni qurolsizlantirish va ularning aʼzolarini jamiyatga qayta qoʻshilishi uchun demobilizatsiya qilish edi.
FMLN «ARENA» partiyasining mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etishini taqiqlashni talab qilib, ikki tomon oʻrtasidagi muloqotni qiyinlashtirdi. 1985-yil davomida Duarte Salvador harbiy havo kuchlariga prezident ruxsatisiz tinch aholi punktlarini bombardimon qilishni taqiqlash, siyosiy qotilliklarni tergov qilish uchun Tergov komissiyasini tuzish va oʻlim otryadlarini taʼqib qilish orqali davlat imidjini yaxshilashga harakat qildi. Biroq, bu urinish oʻlim otryadlarining kamayishiga taʼsir qila olmadi.
Qizining oʻgʻirlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1985-yil 31-martda boʻlib oʻtgan Kongress saylovlarida PDK 33 oʻrinni qoʻlga kiritdi. ARENAning Kongressda nazoratni yoʻqotishi Duartega oʻz maqsadlariga osonroq erishish imkonini berdi. 1985-yil 10-sentabrda uning qizi Ines Guadalupe Duarte Duran va uning doʻsti Ana Sesiliya Villeda San-Salvadordagi xususiy universitetga kelishadi. Ularni himoya qilish uchun tayinlangan ikkita tansoqchi alohida furgonda ularni kuzatib borishadi. Ikki mashina toʻxtaganida, boshqa mashinalar yoʻlni toʻsib qoʻyishadi, bir qancha qurollangan shaxslar qoʻriqchilarni oʻldirib, ikki ayolni yuk mashinasiga solishadi va partizanlar lageriga olib ketishadi.
Voqea sodir boʻlganidan toʻrt kun oʻtgach, FMLN komandosi Pedro Pablo Kastillo ayollarning oʻgʻirlab ketilishi uchun javobgarlikni oʻz boʻyniga oladi. Duartening oilasi ularning xavfsizligini taminlash maqsadida Qoʻshma Shtatlarga yuboriladi va Ines Duarte va Ana Sesiliya Villedani ozod qilish boʻyicha muzokaralarni boshlanadi.
24-oktabr kuni Salvador cherkovi va mintaqa diplomatlari maxfiy muzokaralarda vositachi boʻlgan bir necha haftalik muzokaralardan soʻng Ines Duarte va uning dugonasi 22 ta siyosiy mahbus evaziga ozod qilindi. Operatsiya, shuningdek, hukumat mamlakatni tark etishga ruxsat bergan 101 nafar yarador partizanlari evaziga FMLN tomonidan oʻgʻirlab ketilgan 25 shahar hokimi va mahalliy amaldorlarni ozod qilishni ham oʻz ichiga oldi. Mamlakatning turli hududlarida boʻlib oʻtgan mahbuslarni almashish jarayoni Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi orqali amalga oshirildi.
Ines Duarte ozod etilgan kuni FMLN Bosh qoʻmondonligining „Radio Venceremos“ tomonidan efirga uzatilgan bayonotida, Bosh qo'mondonlik operatsiya uchun toʻliq javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi va qoʻmondonlik harakatlarini, jumladan, tansoqchilarni o'ldirishni "benuqson" deb taʼrifladi. Ines Duarte va Ana Sesiliya Villedaning oʻgʻirlab ketilishi xalqaro huquqning buzilishi sifatida qoralandi.
Gerbert Anayani oʻldirilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1986-yilda Duartening soliq islohoti rejalari ARENA tomonidan qattiq qarshilik ko'rsatilib, konstitutsiyaga zid deb topildi. Avgust oyida u El Salvador, Gvatemala va Nikaraguadagi partizan guruhlarini demobilizatsiya qilishni koʻrsatib, Markaziy Amerikada mustahkam tinchlik uchun zamin yaratish uchun boshqa rahbarlar bilan tarixiy «Esquipulas II» kelishuvida ishtirok etdi. 1987-yil 5-oktabrda hukumat va FMLN oʻrtasida uchinchi muloqot boshlandi va 28-oktabrda Kongress Salvador boʻyicha BMTning Inson huquqlari boʻyicha maxsus komissiyasi prezidenti Gerbert Anaya oʻldirilganidan ikki kun oʻtib amnistiya toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildi. Anayaning oʻldirilishini ba’zilar tinchlik jarayoniga norozilik belgisi sifatida talqin qilishgan.
Duarte Amerika Davlatlari Tashkiloti tomonidan tanqid qilindi va ular Anayaning oʻlimini chuqur tergov qilishni talab qildilar. Natijada Duarte 10 ming dollar mukofot taklif qildi va Amerikalararo Inson huquqlari komissiyasidan tekshiruv oʻtkazishni soʻradi. Milliy politsiya gumondor Xorxe Alberto Miranda Arevaloni hibsga oldi, u jinoiy guruhni boshqarganini va "ERP" partizan guruhlaridan birining aʼzosi ekanligini tan oldi hamda sudlanib va 30 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Magʻlubiyat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Duarte nafaqat ikki qarama-qarshi chap va oʻng kuchlar oʻrtasida, balki mintaqadagi AQShning antikommunistik siyosiy taʼsiri nuqtai nazaridan ham kuchsiz shaxs sifatida qaralardi. Korrupsiya mojarolari, vayron boʻlgan iqtisodiyot, oʻng qanot toʻntarishi haqidagi mish-mishlar va yechimi topilmagan fuqarolar urushi bilan hukumat samarasiz, beqaror boʻlib qoldi va zoʻravonlik va shafqatsizlikni toʻxtata olmadi. 1988-yil 20-martda boʻlib oʻtgan saylovlarda XDP adolatli saylovda ARENA partiyasiga magʻlub boʻldi.
Kasallik va oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1988-yil iyun oyida Duarte Vashingtondagi harbiy gospitalga yotqizildi, u yerda unga oshqozon saratoni rivojlanganligi tashxisi qoʻyildi va 6 oydan bir yilgacha umri qolgani aytildi. Tashxis ham, prognoz ham jamoatchilikka maʼlum bo'ldi. Jarrohlik va kimyoterapiya uchun Qoʻshma Shtatlarda qolishga majbur boʻlishiga qaramay, u prezidentlikdan isteʼfoga chiqishni rad etdi va 1989-yil iyun oyida konstitutsiyaviy ravishda hokimiyatni Alfredo Krishtianiga topshirishga muvaffaq boʻldi. U 1990-yil 23-fevralda San-Salvadorda 64 yoshida vafot etdi.
Duarte: Mening hikoyam
[tahrir | manbasini tahrirlash]U oʻz tarjimai holida shunday deb yozgan edi:
Salvador jamiyatining tuzilmalari va qadriyatlari demokratik tizimga misol boʻlsa, men ishlagan inqilob sodir boʻladi. Bu mening orzuyim.
— Napoleon Duarte[9]
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- CIDOB tarjimai holi (ispan tilida)
- Xose Napoleon Duarte Fuentes: El Salvador prezidenti CNN Sovuq urush profili
- Time (jurnal) 1987-yilda Gerbert Sanabriyaning oʻldirilishi haqidagi maqola.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Pace, Eric. „Jose Napoleon Duarte, Salvadoran Leader In Decade of War and Anguish, Dies at 64“. The New York Times (24-fevral 1990-yil).
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Chomsky, Noam. Turning the Tide. Boston, Massachusetts: South End Press, 1985 — 16–28, 109–27-bet. ISBN 9780896082663.
- ↑ Grandin & Joseph, Greg & Gilbert. A century of Revolution. Durham, NC: Duke University Press, 2010 — 3–4, 391-bet.
- ↑ Wood, Elizabeth. Insurgent Collective Action and Civil War in El Salvador. Cambridge: Cambridge University Press, 2003.
- ↑ „lcweb“.
- ↑ „edition“.
- ↑ New York Times, "5,000 in San Salvador Take Part in a March for Murdered Prelate", 27 March 1980.
- ↑ Chomsky, Noam. Turning the Tide. Boston, Massachusetts: South End Press, 1985 — 16–28, 109–27-bet. ISBN 9780896082663.
- ↑ Duarte: My Story, G.P. Putnam's Sons, 1986 ISBN 0-399-13202-3.