Jun sanoati
Jun sanoati — toʻqimachilik sanoatining yetakchi tarmoklaridan biri. Tarmoq korxonalarida junni qayta ishlash, sof jundan yoki uning boshqa tolalar (asosan kimyoviy tolalar) aralashmasidan har xil chiziqli zichlikdagi iplar, jun gazlamalar, har xil texnik va maxsus gazlamalar, gilam va gilam mahsulotlari, kigiz-namat va fetr buyumlar, notoʻqima materiallar ishlab chiqariladi.
Junni qayta ishlash tabiiy junni dastlabki ishlash, yaʼni saralash, titish, yuvish, quritish, zichlash, toy-lash bosqichidan boshlanadi. Jun yigiruv korxonalarida har xil yigirish tizimi va usullarida sof jundan yoki yarim jundan karda, qayta taralgan va apparat iplari i. ch. ikkinchi bosqich; mahsulot yoki buyumlar: trikotaj yoki toʻqima matolar, trikotaj buyumlari, adyol, gilam, fetr, notoʻqima materiallar olish uchinchi bosqich; mahsulot va buyumlarga ishlov berish, boʻyash, gul bosish, issiqlik bilan ishlov berish kabi jarayonlar toʻrtinchi bosqich hisoblanadi.
Junni qayta ishlash insoniyat tarixida toʻqimachilik mahsulotlarini i. ch. kabi bir necha ming yillar avval paydo boʻlgan. Qoʻlda ip tayyorlash va gazlama toʻqish Hindiston, Xitoy, Misr va Oʻrta Osiyoda miloddan bir necha ming yil ilgari boshlangan. Xorazmda arxeologik kazishmalar paytida mil. av. 1-ming yillikka mansub gilamlar topilgan.
Oʻzbekistonda qadimda jundan, ayniqsa qoʻy va tuya junidan kigiz bosish, gilam toʻqish boy anʼanaga ega. 20-asrning 20-y.larida mayda tarqoq hunar-mandlar artellarga birlashib, sanoat tarzida mahsulot i. ch. tashkil etilishi bilan junni kayta ishlash sanoatiga poydevor qoʻyildi. Junni dastlabki qayta ishlash korxonasi dastlab 1930-yil ishga tushirilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida Qoʻqon yigiruv-toʻquv f-kasida yarim jun adyollar i. ch. yoʻlga qoʻyilgan. 1970-yil loyiha quvvati 2 mln. m2 boʻlgan Xiva gilam kombinati ishga tushirildi. Uning tarkibida apparat tizimida jun va kimyoviy tolalar aralashmasidan yigirilgan ip ishlab chiqaruvchi fabrika, toʻquv korxonasi va pardozlash sexlari mavjud. 1980-yil Fargʻona viloyatida Oltiariq ip yigiruv f-kasida pnevmomexanik yigirish usulida yoʻgʻon jun iplari i. ch. boshlandi. 1990-yildan shu korxonada Fransiya bilan jun tolasini dastlabki qayta ishlash qoʻshma korxonasi ishga tushirildi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin respublikada tovar i. ch.da tadbirkorlikka va xususiy sektorga eʼtibor kuchaytirildi. Natijada jun mahsulotlari i. ch. boʻyicha kichik xususiy korxonalar, turli firmalar tashkil etildi. 1997-yilda Namangan viloyatida qurilib ishga tushirilgan "Kosonsoy-Tikmen" Oʻzbekiston—Turkiya qoʻshma korxonasida jun tolasidan kostyum va paltolar tikiladigan movut matolar, adyol kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
2000-yilda Oʻzbekistonda 2,8 mln. m2 jun gazlamalar, 1,5 mln. m2 gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarildi. Junni qayta ishlash va yuqori sifatli mahsulotlar i. ch. Angliya, Avstraliya, Belgiya, Rossiya, Finlandiya, Polsha kabi qator davlatlarda keng rivojlangan. Yangi Zelandiya, Avstraliya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston jahon bozoriga sifatli jun tolalari yetkazib beradi (yana q. Toʻqimachilik sanoati).
Mirpoʻlat Qulmetov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |